Atambayev: Juma namozi o‘qishga hech kim to‘sqinlik qilmagan

Image copyright none

Prezident Almazbek Atambayev davlatni zamonaviy manzarasini barbod etilishiga yo‘l berilmasligi va din ulamolarining siyosatga aralashuvlariga qarshi ekani haqida gapirdi.

Prezident jamoatchilik orasida bahsu - munozaralarga sabab bo‘lgan juma namoz uchun tanaffusni uzaytirish tashabbusiga munosabat bildirdi.

10 iyun kuni Almazbek Atambayev deputat Janar Akayev, muftiy Maqsatbek hoji To‘qto‘mushev, muftiyat ulamolar kengashi rahbari Abdushukur Normatov, blogger Aliya Suranova va mustaqil tahlilchi Nurlan Ismailovlarni qabul qilib, mazkur qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikrlarini izhor qilgan.

Uchrashuvda davlat rahbari Qirg‘izistonda diniy cheklov yo‘qligini va fuqarolarni juma namoziga borishligiga to‘sqinliklar bo‘lmaganini urg‘ulaydi, ammo haddan oshmaslik yuzasidan ogohlantiradi.

Uchrashuv chog‘ida ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha prezident ma‘muriyati axborot-siyosat bo‘limi rahbari Almaz Usenov quyidagilarni aytadi.

"Prezident barcha sohada haddan oshmaslik kerakligini urg‘ulab, diniy tushunchalarga ongsizlik bilan ergashishning oqibatlari arab davlatlarida qanday salbiy oqibatlarga olib kelganini va bunday da‘vatlar IShID kabi guruhlarga qo‘l kelishini aytdi. Davlatning zamonaviy manzarasi, konstitutsiyaviy printsiplari barbod etilmasligini aytdi. Qirg‘izistonda hamma o‘z fikrini ochiq ayta olishga haqli ekani, biroq diniy ulamolarning siyosatga aralashuviga hech qachon yo‘l berilmasligi kerak. Prezident so‘nggi tashabbus yuzasidan muhokamalar paytida hissiyotlarni junbushga keltirgan diniy da‘vatlarga Ramazon oyida yo‘l berilmasligini ta‘kidlab o‘tdi" - deydi Almaz Usenov.

Prezident matbuot xizmati yoyinlagan suratlarda jamoatchilikda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lgan, o‘tgan juma kuni O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘inda qatnashgan o‘rangan qizlarni ko‘rish mumkin.

Uchrashuvda qatnashgan ekspert Nurlan Ismailov mazkur masalani muftiyat rahbarligidagi tegishli idoralar o‘z vaqtida hal etolmagani sabab, prezident o‘z fikrini aytishga majbur bo‘ldi deydi.

"Prezident oxiri aralashdi. Bungacha muftiyat o‘z pozitsiyasini aniqlashi kerak edi. Sababi, ortiqcha so‘zlar aytgan odamni muftiyat o‘z ichida tartibga chaqirishi kerak edi. Diniy asosda bunday voqeani qaytalanmasligi uchun axloq va etika qoidalarini kirgizish kerak edi. Biroq, unday qila olgani yo‘q" - deydi tahlilchi.

Image caption Milliy Havfsizlik Davlat Qo‘mitasi Chubaq hojiga rasman ogohlantirish bergan

Taniqli din olimi Qodir Malikov qonun loyihasi atrofida paydo bo‘lgan munozaralar davlatda diniy yo‘nalishda muhim masalalar bor ekanini ko‘rsatganini aytadi. Uning fikricha, havfsizlik masalasi dolzarb, dunyodagi diniy vaziyat qaltis bir vaziyatda bu masalni hadeb ko‘taravermasdan, uni hamkorlikda hal etish zarurligini aytadi.

"Bugun prezident rahbarligida, mazkur muammoni bartaraf etish bo‘yicha say-harakatlar yetishmayotganday. Sababi, so‘nggi kunlardagi voqealarni kuzatsak, davlatda diniy vaziyatni qo‘zg‘atuvchilar bor ekan. Ular ijtimoiy tarmoqlarda, bir-birlarini urushtirmoqdalar. Shuning uchun, bu masalani hadeb ko‘taravermasdan, uni sabrlilik bilan hal etishga harakat qilishimiz kerak. Hozir Ramazon oyida bunday jahldor bo‘lish, musulmonlar uchun yarashmagan holdir" - deydi Qodir Malikov.

Juma namozi uchun tanaffusni uzaytirish taklif etgan qonun loyihasi atrofidagi muhokamalar o‘tgan hafta boshida parlamentdagi ijtimoiy qo‘mitada ko‘rib chiqilganidan keyin boshlangan. Unda qonun loyihasini ko‘pchilik qo‘mita a‘zolari qo‘llamaganlar.

Bunga norozi bo‘lgan sobiq muftiy Chubaq hoji Jalilov qonun loyihasini qo‘llamagan deputatlarni qo‘pol ravishda "dinga qarshi chiqdi" deb atagan. Uning so‘zlarini "ekstremistik da‘vat" deya baholab, diniy adovatni qo‘zg‘ash moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘ash kerakligi chaqirig‘i bilan chiqqanlar ham bo‘lgan. Shundan so‘ng, Milliy Havfsizlik Davlat Qo‘mitasi Chubaq hojiga rasman ogohlantirish bergan.

Mazkur qonun loyiha tashabbuschisi Tazabek Ikromov bu tashabbusni ortga qaytarib olmasligini, biroq jamiyat fikrlarni inobatga olgan holda to‘liqlab chiqishini ma‘lum qildi.

"Bu qonun loyihasi qaytarib olinmaydi. Sababi, bu kerak deb o‘ylayman. Biroq, komitetda qayta ko‘rib chiqishga tayyormiz" - deydi deputat.

Ikromov bu qonun loyihasini parlamentning umumiy yig‘iniga shu haftada olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Ammo, jamiyatdagi so‘ngi muhokama va prezidentning fikrlaridan keyin bu tashabbusni parlament qo‘llashi dargumon degan fikrlar aytilmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq