O‘zbekiston matbuotida nimalar yozilyapti?

Image copyright none

O‘tgan hafta ro‘znomalari Amir Temur ko‘prigi rekonstruktsiyasiga bag‘ishlangan maqolalarga boy bo‘ldi.

Mamlakatda atoqli rus shoiri A. S. Pushkin tavalludi o‘tgan yillarga nisbatan keng nishonlanganligi sahifalarda ajratilgan rang-barang maqolalardan ham ma‘lum bo‘ladi.

Yangi ijtimoiy tarmoqlari qatorida Davra.uzning tashkil qilinishi, salomlashish madaniyati, Navoiy haqida kitob, mahalla institutiga saylovlar va boshqalar o‘tgan hafta ro‘znomalardagi mavzular bo‘ldi.

Mustaqillikning 25 yilligi arafasida, boshqa vatanparvarlik shiorlari qatorida, O‘zbekiston ro‘znomalari ushbu shiorni keng ishlata boshlaganlar: "Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!"

"Bunyodkorlik, obodlik va azmu shijoat ifodasi" (Xalq so‘zi, 7 iyun)

"Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida Qarshi shahridagi qadimiy Amir Temur ko‘prigi mukammal rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirildi," deya xabar qiladi kunlik ro‘znoma. Ko‘prik atrofida ko‘rkam xiyobon ham barpo etilgan.

Tantanali marosim ishtirokchilari "prezident rahnamoligi"da olib borilayotgan ishlarning "turmush farovonligini yuksaltirishdagi o‘ziga xos hissasi haqida" alohida to‘xtalib o‘tganlari xabar qilinadi.

Xiyobonga dam oluvchilar uchun 51 katamaran, ikkita sayyohlik kateri va to‘rtta attraktsion keltirilgani va boshqa obodonlashtirish hamda qurilish ishlari haqida so‘z ketadi maqolada.

O‘zbekistonda keng nishonlangan Pushkin tavalludi 271 yilligiga Turkiston ro‘znomasi bir sahifani ajratgan.

Image copyright none

"Umumbashariy tuyg‘ular kuychisi" (Turkiston, 8 iyun)

"'Kamolot'da mehmonda" loyihasi doirasida, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Pushkin ijodiga bag‘ishlangan onlayn muloqot bo‘lib o‘tgani aytiladi xabarda. O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va shoir Rustam Mirvohid kabi adabiyotshunoslar Pushkin ijodi va hayoti haqidagi talabalar savollariga javob berganlari aytiladi.

Hurriyat ro‘znomasi yangi joriy qilingan milliy ijtimoiy tarmoq Davra.uz haqida so‘z yuritadi.

"'Davra'ni kengroq oling!" (Hurriyat, 8 iyun)

Xolida Fayziyeva o‘z maqolasida Tas-ix hududida joylashgan va hozirda 2200 dan ortiq foydalanuvchilarga ega yangi Davra.uz ijtimoiy tarmog‘i haqida so‘z yuritadi. Bu milliy ijtimoiy tarmoq taqdimot marosimini o‘tkazgan UZINFOCOM markazi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Nosirovga ko‘ra, "Odnoklassniki"dan mamlakat aholisining uch millioni, "Vkontakte"dan bir millioni va "Facebook"dan 500 ming kishi foydalanar ekan.

"Yangi do‘stlar bilan tanishish va muloqot uchun yaxshi joy" deya ta‘riflanayotgan ushbu tarmoq interfeysi rus va o‘zbek tillarida ekanligi aytiladi maqolada. Maqola muallifi Uznetda 37 ta ijtimoiy tarmoqlar ro‘yxatdan o‘tganligiga qaramasdan, ularning aksariyati faoliyat yuritmayotganligiga urg‘u beradi.

"Ommaviy madaniyatning quroliga aylangan aksariyat ijtimoiy tarmoqlardan ko‘ra, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz nafasi sezilib turadigan o‘z tarmog‘imizning yaratilishi foydadan holi bo‘lmaydi, albatta," deb qo‘shimcha qiladi muallif.

"Ommaviy madaniyat"ga qarshi kurash davom etayotgani joylarda bo‘layotgan tadbirlardan ma‘lum bo‘ladi.

"Yoshlar, "ommaviy madaniyat" va internet" (Golos Uzbekistana, 10 iyun)

O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi Kegeyli tuman kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tuman bo‘limi hamkorlikda yoshlar o‘rtasida yuqoridagi mavzu ostida tanlov o‘tkazdi. Unda asosiy e‘tibor sog‘lom oilani shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘quvchi-yoshlarda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish va "ommaviy madaniyat"ning salbiy oqibatlariga qarshi kurash masalalariga qaratildi.

"Voyaga yetmagan yoshlarni buzg‘unchi yot g‘oyalardan, diniy ekstremistik harakatlar va odam savdosi ta‘siridan himoya qilish - dolzarb vazifa. Shuning uchun, biz o‘g‘il-qizlarimizga zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berib borishimiz lozim ", deydi partiyaning Kegeyli tuman kengashi raisi Iqlasboy Ismetullayev.

Image copyright none

O‘zbekistonda keng tarqalgan salomlashish uslubi tanqid ostida.

"Nega shunday ko‘rishamiz?..." (Mahalla, 7 iyun)

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisi, Shohjahon Karimov, yoshlar orasida "salomlashish odobiga zid ba‘zi bir odatlar", jumladan, "kalla urishtirib" ko‘rishishni tanqid qiladi. Muallif kattalar orasida bir-birlari bilan o‘pishib ko‘rishish ham yoshlar orasidagi muomala madaniyatiga salbiy ta‘sir o‘tkazishi mumkinligini ta‘kidlaydi.

Shohjahon Karimov kattalarni yoshlarga o‘rnak bo‘lishga chaqiradi.

O‘zbek tili mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy haqida bitilgan kitob taqdimoti ham matbuotta keng yoritildi.

"Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at" kitobining taqdimoti" (O‘zbekiston ovozi, 7 iyun)

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida "Sharq" nashriyot-matbaa aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan nashr etilgan "Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at" kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Kitobda Alisher Navoiy hayoti, asarlari, poetikasi, obrazlar olami, ustozlari, zamondoshlari va shogirdlari haqida navoiyshunoslikning ilmiy natijalari asosida muxtasar ma‘lumotlar berilgan.

Taqdimotda olimlar, adabiyotshunoslar, tilshunoslar, tarixchilar, turli nashriyotlar vakillari va talabalar ishtirok etdi.

Aslida xalq e‘tiboridan chetda bo‘lgan, fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovlari "demokratik tamoyillar asosida" o‘tkazilayotgani xabar qilinadi.

"Istiqbolga quyoshning bezavol nurlari bilan" (Qishloq hayoti, 9 iyun)

Poytaxtda "Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash qonunchiligi va amaliyoti: milliy va xorijiy tajriba" mavzusi ostida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tgan. Tadbirda mamlakatda qayta tiklanuvchi, ya‘ni quyosh, shamol, biogaz energiyasidan foydalanish haqida fikrlar bildirilgan.

Mamlakat yalpi quyosh energiyasining yillik salohiyati 51 milliard tonnadan ortiq neft ekvivalentiga teng ekanligi aytiladi xabarda.

O‘zbekiston DAN hodimlari haydovchilarni jazolashning yangi turini joriy qilgan ko‘rinadilar.

"Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qiladi" (Postda, 11 iyun)

Ichki ishlar vazirligining yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha bosh boshqarmasi o‘ziga xos suratlarni vazirlik nashrida chop qilgan.

Suratlarda, yuzlarida "rozilik" alomatlari bor haydovchilar DAN hodimlari buyrug‘iga bo‘ysunmasdan harakatlanganliklari aytiladi.

Ular tegishli choralar ko‘rilganligi ogohlantirish o‘laroq ma‘lum qilinadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring