O‘zbekiston fuqaroligi "bir tiyinga qimmat"mi?

Jahon bo‘ylab fuqarolik masalalarini tadqiq etuvchi The Henley & Partners shirkati Niderlandiya Universiteti professori Dimitriy Kochenov bilan hamkorlikda ilk bor turli mamlakatlar fuqaroligi "sifati"ni o‘rganib chiqib, mamlakatlar o‘z fuqarolari uchun beradigan imkoniyatlari va cheklovlari miqyosi bo‘yicha ro‘yxat tuzishgan.

Bu hisobotda aytilishicha, davlatning qudratli ekani - bu mamlakat fuqaroligining ham "qudratli" deganini anglatmaydi.

Tadqiqot jarayonida har bir mamlakat fuqaroligi asosida odamlar mamlakat tashqarisida va ichkarisida ega bo‘lgan imtiyozlari nazarga olingan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, afsuski, ko‘p hollarda fuqarolik inson uchun imkoniyatilar va intilishlar yo‘lida turli cheklovlarni yaratadi.

Ushbu ro‘yxatda 161 mamlakat o‘rtasida O‘zbekiston fuqaroligi 111-nchi o‘ringa qo‘yilgan.

Ana shundan kelib chiqib, O‘zbekiston fuqaroligi o‘zbek pasporti egasiga nimalar beradi, degan savolni Ijtimoiy tarmoqlardagi "minbarimiz" ishtirokchilariga bergandik.

Qoldirilgan sharhlarning majmuini bu gal "Odnoklassniki" tarmog‘ida qoldirilgan fikrlardan boshlsak.

Anonim bir foydalanuvchining fikricha, O‘zbekiston fuqaroligi qiymati "Bir tiyinga qimmat".

Yana bir foydalanuvchi fikricha, mamlakatning unga bergan fuqaroligi "Kopeyka".

Klara Kurbanovaning yozishicha, "Hamma qochib ketyapti O‘zbekistondan. Ko‘chada bemalol yurolmasang".

Image caption Moskvadagi O‘zbekiston konsulligi o‘ngida pasport alishtirish uchun navbat

"Odnoklassniki"ning yana bir foydalanuvchisi quyidagi savolni bergan: "Sizlarga bitta savolim bor mamlakat nega fuqaroligi yo'q shaxslarga (FBSH) 25 yildan beri fuqarolik berish haqida nega mamlakat vakillari shu haqida o'ylamaydi. Konstitutsiya moddalarida yozib ko'rsatilishicha O'zbekiston hududida 5 yil va undan ortiq yashagan fuqaro O'zb fuqarosi hisoblanadi. shunday emasmi?"

Temur Bek esa O‘zbekiston fuqaroligining unga yaratuvchi imtiyozlari haqida yozgan: "Men Gmuz da ishlayman. Bizni davlatimiz ijtimoiy va moddiy himoya kiladi. Bir yilda ko‘pi bilan 160 kun ishlayman. Daromadim ham shunga yarasha - 20 milion so‘m atrofida. Kasal bo‘lsam davolanishim uchun pul beradi. 48 kungacha mehnat ta‘tili beradi. Bayram kunlari dam olaman"

Lekin SARDOR ismli foydalanuvchiga ko‘ra, "Bizga oxshagan Dangasalarni esa hech kim muhofaza qilmagan".

Merry Gold ning fikricha: "To'g'ri kamchiliklar ko'p. Lekin men bitta narsa uchun davlatdan minnatdorman. Termizda shundoqqina Afg'onistonni yonida tinch hotirjam yashay olayotganimizdan va yana jinoyatchilikka, mafiyabozlikka, qarshi olib borayotgan kurashiga. Hozir hech qayerning noqonuniy egalari yo'q. Hech kim kimgadir zug'um qilolmaydi. Ko'cha kuydayam istalgan vaqtda bemalol yurolasiz. Bezorilarni hujum qilishidan qo'rqmaysiz. Bilamizki hatto eng rivojlangan davlatlardayam jamoatchilikda tartib bu darajada taminlanolmayapdi".

Mardon Bek ning yozishicha esa, o‘zbekistonliklar o‘z haqlarini talab qilish imkoniga ega emaslar: "O'zbekiston davlatidan hech nima talab qib bo'lmaydi. Talab qilsang seni vatan dushmaniga chiqaradi".

Facebookdagi sharhlardan:

Faxriddin Soli: "Qonun ustuvorligi fuqarolikning sifatini oshiradi. Har bir fuqaro qonunni buzmaslikka harakat qilishi kerak. Anarxiya fuqarolikka katta zarar yetkazadi. Bunga Ukraina va Siriya davlatlari misol bo‘ladi. U yerda fuqarolarning hech qanday huquqlari himoyalanmagan".

Sardor G'aybullayev ning yozishicha O‘zbekistonda nohaqliklar ko‘p. Bu haqda u butun boshli esse yozgan. U qoldirgan sharhlardan bir parcha:

"O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari himoya qilinmagan desak bo‘laveradi. Nega? Bankdan Kredit olasan 6-million olsang senga 5-million tegadi. Chunki "shapka" bor hamma joyda. 1 million bermasang, kredit berish cho‘zilaveradi. O‘zbekiston fuqaroligi o‘zbek pasport egasiga nimalar beradi? 1- Rossiyaga borib mardikorlik kilishni. 2- Rossiyadan deport bo‘lib Turkiyaga borib, so‘kishini eshitib, ham ishlashni 3- Prezidentiga kerak bo‘lmagan xalk Rossiyada ishlab pul topib, ham kamiga "Dangasa" deb nom olgan xalkni qanday qilib fuqaroligining sifatini yaxshilash mumkin? Insoning eng arzoni o‘zbek millati bo‘lsa kerak. Bir rus boshlig‘imning gapini eshitib qolgandim. "O‘zbek kopeykaga ishlaydi", degani yodimda hali ham".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq