Noma‘lum uchoq o‘zbek havo hududini buzgan

Image caption "Kukuruznik" deb ataladigan uchoq Turkmaniston hududidan kirib kelgan

O‘zbekiston MXX Davlat Chegara qo‘mitasi 10 iyun kuni maxsus tanib olish belgisi bo‘lmagan AN-2 uchog‘i mamlakat janubida davlat chegarasini 200 metr ichkariga buzib kirganini ma‘lum qilgan.

Podrobno.uz nashrining Chegara qo‘mitasi matbuot xizmatidan iqtibos keltirishicha, hodisa Surxondaryo viloyat, Muzrobod tumanining Oqtosh aholi punktida yuz bergan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 10.23 da AN-2 rusumli uchoq taqriban 1000 metr balandlikda Turkmaniston hududidan O‘zbekistonga uchib o‘tgan va chegarani aylanib, Turkmaniston hududiga qaytib ketgan.

Maxsus tanib olish belgisi bo‘lmagan ayni uchoq 10.48 daqiqa o‘tganda O‘zbekiston havo hududini qaytadan buzib kirgani, bu safar Qorakamar aholi punkti yo‘nalishida parvoz qilgani va yana Turkmanistonga qaytib ketgani aytiladi.

O‘zbek tomoni bu kabi hodisa qaytarilgani taqdirda o‘z havo hududini muhofaza qilish maqsadida zarur choralarni ko‘rish huquqini saqlab qolishi haqida ogohlantirgan.

Turkmaniston hodisa yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Xalq tilida "Kukuruznik" nomi bilan bilingan AN-2 uchoqlari qishloq ho‘jaligida bo‘lgani singari yo‘lovchi tashish va transport maqsadlarida ham ishlatilgan.

SSSR va Polshada ishlab chiqarilgan AN-2 uchoqlari dunyoning 20 dan ortiq davlatlariga eksport qilingan va hozirda faqat Xitoyda ishlab chiqariladi.

AN-2 dunyoda 60 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlab chiqarilayotgan yagona uchoq sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring