UEFA: "Rossiya Ovro‘po chempionatidan chetlatiladi"

Image copyright EPA

Ammo, hozircha, shartli ravishda. Hozirgina olingan xabarlarga ko‘ra, bunga Ovro‘po Futbol Uyushmasi qaror qilgan.

Uyushmaning qarori Angliya 1:1 Rossiya o‘rtasidagi shanba kungi ilk uchrashuv ortidan kelib chiqqan ommaviy to‘qnashuvlar ortidan yangramoqda.

Ikki milliy terma jamoa ishqibozlari o‘rtasidagi zo‘ravon qarama-qarshiliklar o‘nlab insonning jarohat olishi bilan yakun topgandi.

Marselda ja‘mi uch kun davom etgan to‘qnashuvlarda esa, 35 kishi yaralangan, ulardan to‘rt nafarining ahvoli jiddiy ekani aytiladi.

Ayni voqealar yuzasidan ja‘mi 20 nafar ishqiboz hibsga olingan, ulardan aksariyatining angliyalik ekanliklari ma‘lum qilingan.

Politsiya xodimlariga qarshi shisha butilkalar otganlik va yana boshqa zo‘ravonliklarga qo‘l urishda aybdor, deb topilgan ja‘mi 11 nafar angliyalik ishqiboz qamalgan.

Ammo qancha muddatga ekani, hozircha, ma‘lum emas.

Marseldagi tartibsizliklarda ishtirok etgan boshqa birining besh yilgacha stadionga kirishi taqiqlab qo‘yilgan.

Frantsiya Bosh prokurorining ma‘lum qilishicha, Britaniya, Frantsiya va avstriyalik o‘n nafar ishqiboz dushanba kuni mahkama qarshisida hozir bo‘lishadi.

Image copyright AP

Ikki Rossiya fuqarosi esa, Marseldagi to‘qnashuvlar yuzasidan Frantsiyadan chiqarib yuboriladi.

Rossiya Sport ishlari bo‘yicha vaziri Vitaliy Mutko allaqachon UEFA qarori yuzasidan shikoyat arizasi bilan chiqish niyatlari yo‘qligini aytgan.

Rossiyaga qarshi intizomiy ish uchrashuv ortidanoq - 12 iyunda ochilgandi.

Angliya va Rossiya keyingi uchrashuvlarini bir-biriga qo‘shni Lill va Lans shaharlarida o‘tkazishadi.

Rossiya ertaga 15 iyun kuni Slovakiya, Angliya esa, kun o‘tib, Uelsga qarshi maydonga tushadi.

Bu esa, shu kunlarda bu ikki raqib milliy terma jamoa muxlislari orasida yangi to‘qnashuvlar ehtimoliga oid xavotirlarni paydo qilmay qo‘ymagan.

Xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, UEFAning so‘nggi qarori Rossiyaning ana shu uchrashuvi arafasida yangramoqda.

Bu kabi zo‘ravonliklarning Ovro‘po chempionati tarixida shu paytgacha kuzatilmagani ham e‘tirof etilgandi.

Frantsiyalik mas‘ullarning ma‘lum qilishlaricha esa, Angliyaning bo‘lajak o‘yini oldidan Lansda xavfsizlik choralari kuchaytiriladi.

Shaharga 2400 nafar politsiya xodimi, xavfsizlik qo‘riqchilari va maxsus bo‘linma a‘zolari safarbar etiladi.

Lans ko‘chalarida spirtli ichimliklar ichish ham butkul ma‘n qilinadi.

"Stade Bollaert-Delelis" stadionining sig‘imi 35000 kishilik bo‘lsa ham, shaharga 50000 tagacha angliyalik ishqibozning tashrif buyurishi kutilmoqda.

Image copyright AFP

Buning ortidan, UEFA yana qaytib bu kabi holat yuz bersa, ham Rossiya va Angliya bu yilgi birinchilikdan chetlatilishi mumkinligi bilan ogohlantirgandi.

Orada Angliya milliy terma jamoasining Bosh murabbiysi, sardori va ayrim yetakchi o‘yinchilari o‘z ishqibozlariga maxsus murojaat bilan ham chiqishgandi.

Rossiya Futbol Uyushmasi ham yuz bergan to‘qnashuvlarni qoralagan va Frantsiyadagi fuqarolarini tartibga chaqirib chiqqandi.

Frantsiyalik mas‘ullar hodisada "oldindan yashindek va shafqatsiz hujumlarga puxta tayyorgarlik ko‘rgan" 150 nafar rossiyalik bezorini ayblagan.

Ammo to‘qnashuvlar ortidan, ularning birortasini qo‘lga ololmaganiga ham iqror bo‘lishgandi.

Biroz avval olingan xabarlardan esa, 29 nafar rossiyalik futbol ishqibozining Frantsiyadan chiqarib yuborilayotgani ham aytilgandi.

Rossiya Ishqibozlar Ittifoqi rahbari Aleksandr Shpriginning aytishicha, ularning barchasi Kann yaqinida qo‘lga olingan va avtobuslarga o‘tqazilgan.

Janob Shpriginga ko‘ra, ulardan birortasi Frantsiya qonunchiligini buzmagan.

"Marsel, port va yoki stadiondagi voqealarda ham biror bir ishtiroki bo‘lmagan".

Eng so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, agar, qolgan rossiyalik ishqibozlar ishtirokida ommaviy zo‘ravonliklar davom etsa, bu - so‘nggi tomchi bo‘ladi: Rossiya Ovro‘po chempionatidan chiqib ketadi.

Bunga qo‘shimcha o‘laroq, Rossiya Futbol Uyushmasi 150 ming yevro miqdorida jarimaga ham tortiladi.

Bu yilgi Ovro‘po chempionati esa, shundoq ham xavfsizlik, yomon ob-havo va ommaviy ish tashlashlar bilan bog‘liq jiddiy xavotirlar manzarasida ochilgandi.

Image copyright AFP

Rossiya va Angliya to‘p surayotgan "B" guruhida esa, bir o‘yin ortidan hisobidagi 3 ochko bilan Uels peshqadamlik qilmoqda.

Slovakiya hozircha biror bir ochkosiz guruhda eng quyi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, Rossiya va Angliya bittadan ochko bilan ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni bo‘lishib turishibdi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq