Euro 2016: Ronaldu maydonga tushganda...

Image copyright Getty

Bugun O‘zbekistonda ham muxlislari ozmuncha bo‘lmagan Krishtianu Ronalduning milliy terma jamoasi Ovro‘po chempionligi uchun o‘z kurashini boshlaydi.

Portugaliya milliy terma jamoasi o‘zining birinchilik doirasidagi ilk uchrashuvini Islandiyaga qarshi o‘tkazadi.

Har ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi o‘yin britan vaqti bilan kechki soat 20:00 da boshlanadi.

Sent-Eten shahridagi o‘yin bugunning yakuniy uchrashuvi bo‘ladi va shu bilan guruh bosqich saralash bellashuvlarining 1-tur bahslari o‘z nihoyasiga yetadi.

Bu ikki raqib milliy terma jamoadan biroz avval esa, Avstriya Mojaristonga qarshi maydonga tushadi.

Ovro‘polik futbol mutaxassislarining aytishlaricha, Portugaliya-Islandiya uchrashuvi tomosha qilishga loyiq o‘yin bo‘ladi.

Ularning nazdlarida Fernando Santoshning shogirdlari bu yilgi Ovro‘po chempionatini "F" guruhi favoriti sifatida boshlashadi.

Ammo, ta‘kidlash joiz, debyutant Islandiya ham anoyilardan emas, saralash bosqich bellashuvlarida kimsan Gollandiyani ikki bor mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan.

Image copyright getty

Shuni ham unutmaslik kerakki, Portugaliya milliy terma jamoasi xuddi shu bosqichda qayd etgan yetti g‘alabasining barchasiga yagona to‘p farqi bilan erishgan.

Lekin Portugaliya futbol bo‘yicha Ovro‘po chempionatida katta tajribaga ega jamoalardan biri sanaladi.

Portugaliya 2004 yilgi Ovro‘po chempionatining kumush medali sovrindori va uch karra yarim finalchisi bo‘lgan jamoa sanaladi.

Ko‘pchilik ishqibozlari esa, bu yil ham milliy terma jamoa yulduzi Krishtianu Ronalduga umid ko‘zlarini tikkan.

Ronaldu

Image copyright AFP

Ispaniyaning "Real"(Madrid) qirollik klubi yulduzlaridan ham biri bo‘lgan Ronaldu Ovro‘po chempionatini "dunyoning eng boy sportchisi" sifatida ham boshlaydi.

Chempionat arafasida Amerikaning nufuzli "Forbs" nashri o‘z tasnifida jahonning eng badavlat sportchilari ro‘yxatini e‘lon qilgan va unda aynan Krishtianu Ronaldu qolgan barcha da‘vogarlarni ortda qoldirib ketgandi.

Hatto, Ispaniyaning "Barselona"si va Argentina milliy terma jamoasi yulduzi Lionel Messi ham unga yetolmagan, yangi ro‘yxatda Ronaldudan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan.

Shu paytgacha esa, bu ro‘yxatda nomdor bokschi Floyd Meyvezer va golf ustasi Tayger Vudslar ilg‘orlikni qo‘ldan bermay kelishgan.

Meyvezerning katta ringni tark etishi va olgan jarohati tufayli Vudsning golf maydonidan chetda turgani esa, Portugaliya milliy terma jamoasi sardorini bu "yuksak cho‘qqi"ga olib chiqqan.

Qolgan "boyvachchalar"

  • Jeyms Lebron - basketbol ($77.2m/£53.2m)
  • Rojer Federer – tennis ($67.8m/£46.7m)
  • Kevin Dyurant - basketbol (£56.2m/£38.7m)
  • Novak Jokovich – tennis ($55.8m/£38.46m)
  • Kem Nyuton – amerikancha futbol ($53.1m/£36.6m)
  • Fil Mikelson – golf ($52.9m/£36.46m)
  • Jordan Spiyt – golf ($52.8m/£36.39m)
  • Kobi Brayant - basketbol ($50m/£34.46m)

Agar, raqamlarga tayanilsa, Krishtianu Ronalduning o‘tgan yilgi umumiy daromadi $88 million dollarni tashkil etgan.

Ronaldu shundan 32 million dollarini futbol maydonidan chetda topgan.

"Forbs" jurnali futbolchining umumiy boyligini hisob-kitob qilarkan, uning "Nike" shirkati bilan imzolagan yiliga $13 million dollarlik shartnomasini ham nazarda tutgan.

Image copyright Getty

Jahonning uch karra eng zo‘r o‘yinchisining futbol olamidagi "eng asosiy raqibi" bo‘lgan Lionel Messining o‘tgan yili topgan pullari esa, $81.4 million dollarni tashkil qilgan.

Eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, aynan shu ikkovlon "Forbs" tasnifida "Dunyoning eng badavlat sportchilari" ro‘yxatida yuqori o‘nlikka kirolgan bor-yo‘g‘i ikkita futbolchi bo‘lishgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring