Umar Matin Pulse klubining mijozlaridan bo‘lgan

Image copyright Getty Images
Image caption To‘rt guvoh Umar Matinni Pulse klubida bir emas, bir necha marta ko‘rganlarini aytganlar

AQShning Orlando shahridagi hamjinsbozlarning Pulse tungi klubida 49 insonni o‘ldirgan asli kelib chiqishi afg‘onistonlik Umar Matinni bundan oldin o‘sha klubda ichib o‘tirganini ko‘rishgan.

AQShning Orlando shahridagi hamjinsbozlarning Pulse tungi klubida 49 insonni o‘ldirgan asli kelib chiqishi afg‘onistonlik Umar Matinni bundan oldin o‘sha klubda ichib o‘tirganini ko‘rishgan.

Kamida to‘rt guvoh so‘zlariga ko‘ra, Umar Matinni Pulseda bir emas, bir necha marta ko‘rganlar.

Ba‘zan me‘yoridan ko‘p ichib yuborib janjal boshlagan paytlari ham bo‘lgan, deb aytishgan gey-klub mijozlari.

Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, Umar Matin hamjinsbozlar tanishishi uchun mo‘ljallangan mobil apllikatsiya orqali uchrashuv taklif qilgan, lekin bu uchrashuv amalga oshmagan.

Bundan oldin matbuot Umar Matin hamjinsbozlarni yomon ko‘rgani uchun gey-klubning mijozlariga hujum qilgan, degan xabarlar ko‘paygan.

Image copyright Reuters
Image caption Umar Martinning radikallashishiga ekstremistik guruhlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligi emas, Internetdagi islomiy targ‘ibot turtki bergan deb ko‘rilayapti

Orlando politsiyasi ommaviy axborot vositalarida tarqalgan Umar Matinning 911 qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib e‘lon qilgan bayonoti borasida tushuntirish bergan.

Dastlabki xabarlarda Umar Matin 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib o‘zining bu amali "Islomiy Davlat" nomidan sodir etilgan hujum ekanini aytgani xabar qilingan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Umar Matin IShIDga xayrixohligi bilan birga, 2013 yili Boston marafonida portlashlarni sodir etgan aka-uka chechen Johar va Tamerlan Tsarnayevlarni qo‘llab-quvvatlashini ham, asli amerikalik "Al-Qoida" xudkush hujumchisini dastaklashini ham aytgan.

IShID va "Al-Qoida" dunyoning ko‘plab mamlakatlarida terrorchilik tashkiloti deb rasman e‘tirof etilgan, biroq ikki guruh bir-biriga dushman deb ko‘riladi.

Politsiya ma‘lum qilishicha, 2013 yili Umar Matinni politsiya so‘roq qilgan.

Bunga Matinning hamkasblariga go‘yoki Livanning "Hizbulloh" qurolli guruhi a‘zosi ekani haqida aytgani sabab bo‘lgan.

Image copyright AFP
Image caption 13 iyun kuni dunyoning ko‘p shaharlarida Orlando qurbonlari bilan birdamlik marosimlari tashkillashtirildi

"Hizbulloh" guruhi ham "Islomiy Davlat" va ham "Al-Qoida"ga dushman guruh deb ko‘riladi.

Shu sababdan ham Umar Martinning radikallashishiga ekstremistik guruhlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqadorligi emas, Internetdagi islomiy targ‘ibot turtki bergan deb ko‘rilayapti.

Orlandodagi Pulse gey-klubidagi otishma 12 iyun tunida ro‘y berdi.

To‘pponcha va avtomat qurol bilan qurollangan Umar Matin klubga kirib kelib, ichkaridagilarga qarata o‘t ochishni boshlagan.

Oqibatda 49 inson halok bo‘lgan, 53 kishi yaralangan.

Klubga kelgan politsiya maxsus kuchlari Matinning o‘zini otib o‘ldirgan.

AQSh rasmiylari hodisani terrorchilik xuruji deb tasnifladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq