Parij sarhadida "terakt"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

So‘nggi qonli hodisa mezbon Frantsiyada futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionatining beshinchi kunida yuz bergan.

Bu hujumga ham mas‘uliyatni Yaqin Sharqdagi IShID guruhi o‘z zimmasiga olib chiqqan.

IShID poytaxt Parijda o‘tgan yil noyabr oyida uyushtirgan va 130 kishining umriga zomin bo‘lgan muvofiqlashtirilgan qonli hujumlar sabab, Frantsiyadagi Ovro‘po chempionati shundoq ham o‘ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida ochilgan.

Chempionat xavfsizligini ta‘minlash uchun o‘n minglab xavfsizlik kuchlari safarbar etilgan.

Birinchilik arafasida butun Frantsiya bo‘ylab keng ko‘lamli aksilterror mashqlari ham uyushtirilgan.

Biologik va kimyoviy hujumlarning oldini olish uchun, hatto, dronlarga qarshi moslamalar ishga solinishi ham bayon qilingandi.

Image copyright AFP

Ammo, e‘tirof etish joiz, aynan xavfsizligi nazarda tutilganda, ovro‘polik futbol mas‘ullarining o‘zlari ham hali sport bellashuvlari tarixida Frantsiyadagi Ovro‘po chempionati qadar xavotirga sabab bo‘lgani kuzatilmaganini e‘tirof etishgandi.

Poytaxt Parijdan suhbatdoshimiz To‘rabekning aytishicha, so‘nggi hujum mahalliy aholi va ishqibozlar orasida ham u qadar jiddiy xavotirga sabab bo‘lmagan.

So‘nggi hujum

IShIDning so‘nggi hujumi poytaxt Parij chekkasidagi Mananvil shaharchasida yuz bergan.

Noma‘lum hujumchi avvaliga bir politsiya xodimini pichoqlab o‘ldirgan, so‘ngra uning uyiga kirib, ayoli va yoshgina bolasini garovga olgan.

Voqea shohidlarining aytishlaricha, 42 yoshli politsiya xodimiga hujum qilishdan avval hujumchi "Allohu Akbar", deya hayqirgan.

Image copyright AP

Sathga politsiya maxsus bo‘linmasi yetib kelgan, ammo ularning hujumchi-garovgir bilan muzokaralari biror bir samara bermagan.

Hujumchi "Twitter" orqali tutqunlaridan birining o‘ldirganini ma‘lum qilishi ortidan esa, politsiya kuchlari uyga kuch bilan bostirib kirishgan. Ammo faqat 3 yashar go‘dakni tirik topishgan.

Hujumchining ism-sharifi, halicha, rasman e‘lon qilinmayotir.

Ammo Frantsiya ommaviy-axborot vositalarining xabarlariga tayanilsa, hujumchi 2013 yilda ildizi Pokistonga borib taqaluvchi jihodiy guruhga aloqadorlik gumoni bilan sudlangan bo‘lgan.

Hujum ortidan Frantsiya Prezidenti Fransua Olland vazirlari ishtirokida favqulodda yig‘in chaqirgan.

Ushbu yig‘in ortidan Frantsiya Ichki ishlar vaziri Bernar Kaznev hujumni "terrorchilik amali", deb atagan.

Agar da‘vosi tasdiqlansa, bu – favqulodda vaziyat holati e‘lon qilingan o‘tgan yetti oy ichida Frantsiyada IShID qayta uyushtirishga muvaffaq bo‘lgan ilk hujum bo‘ladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring