Umarning ayoli ham ayblanishi mumkin

Image copyright .

Xabarlarga ko‘ra, prokurorlar Bosh hakamdan Orlandodagi gey-klubga hujum qilib, 49 kishini o‘ldirgan hujumchi ayolining ham tergov qilinishini so‘rashgan.

Ayon bo‘lishicha, Nur Salmon yakshanba kungi hujumga aloqadorlik bilan bog‘liq ayblovlarga yuz tutishi mumkin.

Nur Salmon o‘sha kunning o‘zidayoq so‘roq qilingan, ammo ochiqda qolayotgan edi.

Florida shtatida amalga oshirilgan hujum Amerikaning bu yaqin tarixidagi eng yirigi sifatida e‘tirof etilgandi.

Umar Matinning o‘qidan 53 kishi ham yaralangan, ulardan 6 nafarining ahvoli hanuz og‘ir ekani aytiladi.

Dastlabki tergov natijalari bilan tanishib chiqqan AQSh Senati Josuslik qo‘mitasi a‘zosi senator Angus Kingning bayon qilishicha, "Nur Salmon nimalar bo‘layotganidan ma‘lum ma‘noda xabardor bo‘lgan".

Seshanba kuni esa, Amerika ommaviy-axborot vositalari Nur Salmonning turmush o‘rtog‘i bilan birga o‘q-dori sotib olgani borgani, pastu balandini o‘rganmoqchi bo‘lgan erini "Pulse" tungi klubiga ham aynan u mashinada eltib qo‘ygani haqida xabar berishgandi.

Bundan tashqari, Umar Matinning hujum qilarkan, klub ichkarisidan xotiniga qo‘ng‘iroq qilganiga oid taxminlar ham bor.

Ayrim xabarlarga ko‘ra esa, Nur Salmon erini bu niyatidan qaytarishga ham uringan.

Nur Salmon

Nur Salmon Umar Matinning ikkinchi xotini bo‘ladi, u o‘zining asli o‘zbekistonlik birinchi xotini bilan ajrashishi ortidan unga uylangani aytiladi.

Image copyright Reuters

Hujumchining otasi Siddiq Matinning aytishicha, Nur Salmon ayrim kiyim-kechaklarini olish uchun dushanba kuni eri bilan birga yashagan kvartiraga kelib ketgan.

Qaynotasi, o‘z o‘rnida, kelini yosh bolasi bilan birga hanuz Floridada ekanini ham ma‘lum qilgan, ammo aynan qay bir yerda ekanliklarini ochiqlashdan bosh tortgan.

Amerikalik mas‘ullarga ko‘ra, otishma mahalida politsiyachilar tomonidan otib o‘ldirilgan 29 yoshli Umar Matin o‘sha paytning o‘zida IShIDga bay‘at keltirgan.

Tergovchilarning aytishlaricha, Umar Matinning biror bir xorijiy jangari guruh bilan aloqaga chiqqanini isbotlashi mumkin bo‘lgan biror bir dalil yo‘q.

Ota-onasi asli afg‘onistonlik muhojirlar bo‘lgan hujumchi Nyu-Yorkda tug‘ilib o‘sgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama seshanba kuni Umar Matin, aftidan, "g‘azabnok, bezovta, ruhan noqaror radikallashgan yosh yigit" bo‘lganini aytgan.

Prezident Obamaning shu payshanba kuni Orlandodagi hujum sathiga tashrif buyurishi kutilmoqda.

AQSh prezidenti Respublikachi nomzod Donald Trampning musulmonlarga o‘z eshiklarini yopishga oid da’vatini ham tanqidga tutgan.

"Bu – o‘zlari istagan Amerika emas"ligini aytgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq