Britaniya-Rossiya aloqalari yana yomonlashadimi?

Image copyright Thinkstock

Buyuk Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar hali butkul barbod bo‘lgani yo‘q, ammo bu yuz berishi mumkin, deb aytdi BBCga Britaniya parlamenti deputati Mayk Geyps ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar bo‘yicha parlamentda o‘tgan uchrashuv ortidan.

"Britaniya siyosatchilarining vaziyatni yanada yomonlashtirish niyati yo‘q. Moskvaga qarshi sanktsiyalar jiddiy sabablar tufayli kiritilgandi. Agar Rossiya qo‘shni mamlakatlardagi, ayniqsa NATOga a‘zo davlatlardagi vaziyatni beqarorlashtirish harakatlarini davom ettirsa, aloqalar yanada yomonlashishi mumkin", - dedi 2005-2010 yillarda parlamentning xalqaro masalalr bo‘yicha qo‘mitasiga boshchilik qilgan leyborist Geyps.

Ammo, ayni damda o‘zaro aloqalarni faqat yomon deb bo‘lmaydi.

Bir tomondan, o‘zaro aloqalar 2006-2007 yillardan beri past darajada qolayapti. Unda Londonda sobiq josus Aleksandr Litvinenko o‘ldirilgan, Rossiyada esa Britaniya kengashining qator vakolatxonalari yopilgandi.

Boshqa tomondan esa, o‘ta yirik sonli rossiyaliklar Britaniyaga o‘qish yo dam olish uchun kelishda davom etayapti. Rossiyaliklarning yirik miqdordagi pullari britan banklarida saqlanadi va ko‘chmas mulkka sarflanadi.

"Aniqroq aytadigan bo‘lsak, shaxsiy aloqalar ancha yaxshi, lekin hukumatlar o‘rtasidagi munosabatlar ancha yomon", - deya aniqlashtiradi Geyps janoblari.

Seshanba kuni o‘tgan uchrashuvda deputatlar ana shu munosabatlarning nozik taraflari va Rossiya ichki siyosatining o‘ziga xos tomonlarini muhokama qilishdi.

Bu oxirgi bir oy ichida britan parlamentida Rossiya mavzusida o‘tayotgan ikkinchi majlisdir. May oxirida mudofaa bo‘yicha qo‘mita Rossiyaning amallari Britaniyadagi xavfsizlikka qanday ta‘sir qilishini muhokama qilgandi.

Shu vaqtgacha Vestminsterda bu kabi majlislar bir necha yildirki bo‘lib o‘tmagandi, shunday ekan, aftidan Moskvaning qadamlari bo‘yicha Britaniya deputatlari orasida xavotirlar yuzaga kelgan.

Britaniya deputatlari Rossiya ichki siyosati qanday ishlashi borasida qiziq tafsilotlarga ham quloq tutishdi.

"Turli viloyatlar rahbarlarini nazorat qilishning yo‘li norasmiydir. Ko‘plab suhbatdoshlarimning aytishlaricha, har bir region hokimiga Moskvada kompromat bor, va aynan shu tufayli gubernatorlarning markazga sodiqligi saqlanib qoladi. Kelgusi rahbarlarga qarshi kompromat ularning karerasi boshidanoq yig‘iladi. Ba‘zilari esa sodiqliklarini ko‘rsatib qo‘yish uchun hatto o‘zlari kerakli materiallarni olib kelib berishadi", - dedi Universitet kolleji professori Alena Ledeneva.

"Qanday qilib o‘zlari olib kelishadi? Nimani nazarda tutyapsiz?" - deb so‘radi qo‘mita raisi Krispin Blant.

"Shunday, olib kelishadi. Huddi italyan mafiya filmlaridagi kabi", - deya yelka qisib javob berdi professor.

Ammo, qo‘mita raisi bu qizg‘in mubohasa mavzusini o‘zgartirishni taklif qildi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring