Euro 2016: Bala Beylga o‘zgaradi

Image copyright pa

Ha, bugun Angliyaga qarshi maydonga tushajak yulduzi Garet Beyl sharafiga Uelsning shimoliy Bala shahri ma‘muriyati xuddi shunga qaror qilibdi.

Ammo "B" guruhi peshqadami va Garet Beylning jamoasi Angliyaga qarshi 2-tur uchrashuvini 1:2 hisobida yutqazdi.

O‘yinda hisobni 42-daqiqada jarima to‘pini qoyilmaqom tarzda amalga oshirgan Garet Beyl ochdi.

Ammo 56-daqiqada Jeymi Vardir o‘yinda hisobni tenglashtirdi.

Qo‘shimcha vaqtda Deniyel Starrij tomonidan kiritilgan ikkinchi to‘p uchrashuv taqdirini hal qildi va Angliyaning g‘alabasini ta‘minladi.

Bugungi g‘alabasi ortidan Angliya "B" guruhi peshqadamiga aylandi.

Bu – Angliyaning Ovro‘po chempionligi uchun to‘qqizinchi bor kurashi bo‘lsa, Uels bu yilgi birinchilikning debyutanti sanaladi.

Ammo jamoa o‘zining yulduz futbolchisi, hozirda Ispaniyaning "Real" Madrid qirollik klubi o‘yinchisi Garet Beylga orqa qilmoqda.

Uels 1-tur uchrashuvlari ortidan Angliya, Slovakiya va Rossiya ham tushgan "B" guruhi peshqadami edi.

Jamoa o‘zining Ovro‘po chempionatidagi ilk ishtirokini g‘alaba bilan boshlagan, guruhdagi dastlabki uchrashuvida Slovakiyani 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.

Image copyright Getty

Aynan Garet Beyl 1-bo‘limning 10-daqiqasida Slovakiya darvozasiga kiritgan to‘pi bilan o‘yinda hisobni ochib bergandi.

Uelsning g‘alabasi bilan tugagan ana shu uchrashuvi ortidan jamoasi Beylni maydonning o‘zidayoq olqishlarga ko‘mib tashlagan, uning ana shu holati aks etgan suratlar esa, aksariyat britan nashrlarining sport sahifalari yuzini bezamay qolmagandi.

Ovro‘po chempionatida qanchalik katta tajribaga ega ekaniga qaramay, Angliya o‘zining Rossiyaga qarshi ilk uchrashuvida 1:1 durang hisobi qayd etgandi.

Baladan Beylga

Image copyright AFP

Uelsdan olingan eng so‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, milliy terma jamoaning Angliyaga qarshi bugungi o‘yiniga moslab shaharga yo‘l ko‘rsatuvchi to‘rtta asosiy belgining barchasida Bala Beyl, deb o‘zgartiriladi.

Shahar kengashi raisi Dilvin Morgan ham bu tashabbusni "100 foiz qo‘llab-quvvatlashi"ni bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, Uels Ovro‘po chempionatidagi ishtirokiga yakun yasaguniga qadar Bala Beylligicha qolaveradi.

Janob Morganning aytishicha, "bu – Garet Beylga o‘z hurmatlarini bajo keltirish va bu yilgi Ovro‘po chempionligi uchun kurashayotgan Uels milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlashning eng qoyilmaqom yo‘li bo‘lgan".

"Garet Beyl xalqaro miqyosdagi sport yulduzi va bu amalimiz Bala, yo‘g‘-ey, kechirasiz, Beylni jahon xaritasiga qo‘yadi", - deb aytgan shahar kengashi raisi.

Mahalliy "Y Cyfnod" nashri Bosh muharriri Meri Uilyams nazdida, "mazkur holat uelslik futbol muxlislarining o‘z milliy terma jamoalari deb nimalarga tayyor ekanliklariga ham dalolat qiladi".

Garet Beyl

Image copyright Reuters

Uels milliy terma jamoasi va "Real"(Madrid) klubi yulduziga bugungi raqiblari – Angliya futboli ham begona emas.

Beyl "Real"(Madrid) o‘zini rekord summa – 100 million yevroga sotib olgan 2013 yilning sentyabriga qadar Londonning "Tottenxem" klubida to‘p surgan.

Ya‘ni, olti yil davomida Londonda "niqtalar" sharafini himoya qilgan.

"Tottenxem"ga o‘tmasidan avval esa, Angliyaning boshqa bir – "Sautxempton" klubida o‘ynagan.

"Tottenxem" safida ekan, raqiblari darvozasiga bir mavsumning o‘zida 26 ta to‘p kiritib, "Angliyaning eng yaxshi futbolchisi" bo‘lishga ham ulgurgan.

2014 yilda jahon futboli yulduzi Lionel Messini ortda qoldirib, "Real"dagi jamoadoshi Krishtianu Ronaldu bilan birga UEFA tasnifida "Yilning eng kuchli terma jamoasi" safiga ham kirgan.

Garet Beylning mahorati shu kunlarda mezbon Frantsiyada milliy terma jamoaga Bosh bo‘lgani qolib, angliyalik qolgan nomdor murabbiylarni ham anchayin o‘ylantirib qo‘ygan.

O‘zlarining Runeylariga qiyos berishayotgan esa-da, ular Angliyadan turib Beylga maydonda qanday qilib bas kelish mumkinligi masalasini oshkora muhokama etishgacha borishgan.

Image copyright

Bugun yana Olmoniya-Polsha (17:00 bv.) va Ukraina-Shimoliy Irlandiya(20:00 bv.) ham o‘zlarining guruhdagi 2-tur uchrashuvlarini o‘tkazishadi.

"C" guruhida dastlabki uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlagan amaldagi jahon, uch karra Ovro‘po chempioni Olmoniya va Polsha peshqadamlik qilib turishibdi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring