Peterburg ko‘prigi Ahmad Qodirov deb ataladi

Image copyright Birulik

Noroziliklarga qaramasdan, Sankt-Peterburg shahridagi Dudergofskiy kanal ustiga qurilgan ko‘prikka Checheniston prezidenti Ahmad Qodirov nomi berilgan.

Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko shu paytgacha nomsiz bo‘lgan ko‘prikni Ahmad Qodirov nomi bilan atash haqidagi qarorni imzolagan.

Bundan oldin ko‘prikni Ahmad Qodirov nomi bilan atash taklifi ilgari surilgan, biroq bu taklif sankt-peterburgliklarga ma‘qul kelmadi.

30 may kuni Peterburg atamashunoslik komissiyasi qator jamoat tashkilotlarining nomsiz ko‘prikni Rossiya Qahramoni Ahmad Qodirov nomi bilan nomlash tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar tarqaldi.

Ammo toponimik komssiyasining ayrim a‘zolari ko‘prikni shunday nomlash talabi o‘zlariga mansabdorlar tomonidan bosimlar bo‘lganini e‘lon qildilar.

Internetda Ahmad Qodirov nomidagi ko‘prikka qarshi onlayn-petitsiya tashkil etildi.

Bu petitsiyani dastaklab 76 mingdan ortiq kishi imzo chekdi.

Shahar parlamentiga gubernator nomiga murojaat bilan chiqish taklifi ilgari surildi.

Image copyright RIA Novosti

Biroq Sankt-Peterburg Qonunchilik majlisi bu murojaatni ko‘rib chiqishdan bosh tortgani xabar qilindi.

Shahar hokimi qarorini sharhlar ekan, gubernator matbuot kotibi Andrey Kibitov Sankt-Peterburg Rossiya qahramoni nomini ulug‘layotganini aytdi.

"Sankt-Peterburg - Rossiyaning bir qismi, mamlakatning ikkinchi shahri. Rossiya esa o‘z qahramonlarini yodda tutadi va sharaflaydi. Bizning mamlakatimiz qahramonlarni millatiga qarab ajratmaydi. Hech qachon ajratmagan va bundan keyin ham ajratmaydi. Har bir qahramonning nomi mamlakat shaharlarida abadiylashtirish huquqiga ega. Sankt-Peterburg ham bu an‘anani buzmaydi, aksincha, Rossiya tarixi va shaxsning tarixdagi roliga bo‘lgan hurmatini urg‘ulaydi", deb aytgan Sankt-Peterburg gubernatorining matbuot kotibi Andrey Kibitov.

Ahmad Qodirov 1951 yil Qozog‘istonning Qarag‘anda shahrida tug‘ilgan.

U 1980 yilda Buxorodagi Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirgan.

1982 yildan 1986 yilgacha Toshkent Islom universitetida o‘qigan.

Ahmad Hoji Qodirov Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni o‘zining ustozi deb bilgan.

Image copyright AP

1994-96 yillarda bo‘lib o‘tgan birinchi Chechen urushi yillarida Checheniston muftiysi bo‘lgan.

Bu paytda u Rossiya harbiy kuchlariga qarshi qo‘liga qurol olgan jangarilar tarafida bo‘lgan.

1999 yil avgustida ikkinchi Chechen urushi boshlandi.

Ahmad Qodirov bilan Chechenistonning o‘sha paytdagi rahbari Aslan Masxadov kelishmay qoladilar va Ahmad Qodirov Rossiya federal kuchlari tarafiga o‘tadi.

2000 yildan 2003 yilgacha Checheniston Respublikasi muvaqqat ma‘muriyati rahbari bo‘lgan.

2003 yili o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozongani e‘lon qilindi va Ahmad Qodirov Chechenistonning birinchi prezidenti deb atala boshladi.

2004 yil 9 may kuni G‘alaba bayrami munosabati bilan Grozniy stadionida tashkil qilingan marosimda rahbarlarga qarshi suiqasd uyushtirilgan.

Portlash oqibatida Ahmad Qodirov halok bo‘lgan, oradan bir necha yil o‘tib uning o‘g‘li Ramzan Checheniston prezidenti lavozimini egalladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq