"Ahmadboy"ga pul va mulk berganlarning mablag‘i qaytariladimi?

Image copyright screenshot
Image caption Pullar qaytariladimi?

O‘zbekiston televizionida berilgan maxsus dasturlarda bir necha 10 ming odamni chuv tushirgani aytilayotgan Ahmadjon Tursunboyev mijozlarining pullari egalariga qaytarilishi borasida hech narsa deyilmayapti.

O‘zbekiston markaziy telekanallari 16 iyun kuni chinozlik Ahmadboy nomi bilan tanish tadbirkor Ahmadjon Tursunboyev haqidagi 6 daqiqalik ko‘rsatuvni qayta qayta namoyish qildi.

Unda ayon bo‘lishicha, "Chinoz halol chorva" va "Chinoz avto hamkor" mas‘uliyati cheklangan jamiyatlarning muassisi Ahmadjon Tursunboyev odamlardan bir yilda ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan katta mablag‘larni noqonuniy ravishda olib kelgan.

Ahmadboyga tegishli ekanligi aytilayotgan 12 million dollardan ortiq pul ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Ammo Ahmadjon Tursunboyevning o‘ziga nisbatan qanday chora qo‘llanilgani borasida hech narsa aytilmadi.

Tasdiqlanmagan ma‘lumotlarga ko‘ra, tadbirkor qo‘lga olingan va Toshkent shahridagi vaqtinchalik saqlovchi tergov izolyatorlarning birida ushlab turilibdi.

TVdagi dollarlar

Image copyright screen
Image caption TVdagi lavhadan

Ahmadboyning biznesini huquq-tartibot organi xodimlari bosishi va uning qo‘lga olingani haqidagi xabarlar ortidan tadbirkorga pul va mulkini bergan 100 dan oshiq odam uning uyi atrofiga yig‘ilgan.

Ahmadjon Tursunboyevning uyi militsiya tomonidan o‘rab olingani xabar berilmoqda.

Qayta-qayta namoyish qilinayotgan ko‘rsatuvda xalq orasida Ahmadboy deya tanilgan 38 yoshli tadbirkorga pul bergan va olgan odamlarning soni bir necha o‘n mingga yetgani aytildi.

U olingan pullarning bir qismini 40 foizlik ustama to‘lash sharti bilan odamlarga xorijiy valyutada qarz bergan.

Undan tashqari Ahmadboy aholidan qimmatbaho taqinchoqlar va avtomashinalarni noqonuniy ravishda qabul qilib olgani bildirildi.

Ushbu mol mulk davlat idoralarida rasmiylashirilmagan va shunchaki yozuv daftarlariga qayd qilib borilgan.

Tasvirlarda tokchalarda turgan 100 dan ortiq qalin umumiy daftarlar aks ettirildi.

Ko‘rsatuvda Ahmadjon Tursunboyev gapirmagan, faqat so‘roq berayotganga o‘xshash tasvirlar bilan cheklanilgan. Uning hisobchisi va g‘aznachisi ushbu tizimning qanday ishlashi borasida tushuntirish bergan.

Hukumat hozirgacha qayerga qaradi?

Image copyright screenshot
Image caption Ahmadjon Tursunboyev

Ahmadboyning qo‘lida g‘aznachi lavozimida ishlagan Olmos Qo‘chqorov bir kunda 3-4 milliard so‘m hamda bir million AQSh dollari aylanishini aytdi.

Dovrug‘i butun O‘zbekiston bo‘ylab ketgan Ahmadboy odamlardan pul mablag‘larini olishda hech qanday kafolat xati bermagan.

Qiziq jihati o‘ziga biror kor- hol bo‘lsa, bolalari va qarindosh urug‘laridan berilgan mablag‘ga da‘vogarlik qilmaslik shartini qo‘ygani aytiladi.

Shunday bo‘lsa-da, u odamlar orasida juda ommalashib ketgan va unga mablag‘ hamda mulkini olib kelib beruvchilar soni kundan kunga ortavergan.

Tadbirkorning g‘aznachisi Olmos Qo‘chqorovning aytishicha, odamlar bergan pullar keyingi kelgan mijozning puli evaziga qoplangan.

"Masalan,bugun bir odam 10 ming dollar olib kelsa, bir oy oldin kelgan 10 odam shu 10 ming dollarni ming dollardan bo‘lib olib ketadi", - deydi O‘zbekiston televizioni bilan suhbatda Olmos Qo‘chqorov.

Ahmadjon Tursunboyev ushbu faoliyat bilan 4-5 yildan beri shug‘ullangani aytildi. Biroq agar uning faoliyati noqonuniy bo‘lsa, nima uchun shuncha vaqt davomida qonuniy chora ko‘rilmagani borasida hech narsa deyilmadi.

Bu esa aholi orasida Ahmadjon Tursunboyevning hukumatdagi yuqori lavozimli mulozimlar ham dastaklangani haqida mish-mishlarni urchitib yuborgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Ahmadboy va uning yaqinlariga tegishli uylardan 13 milliard 139 million so‘m (4 million 400 ming dollar) va 8 million dollarga yaqin mablag‘ daliliy ashyo sifatida olingan.

Ko‘rsatuvda ushbu holat yuzasidan tergov surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring