"Oqto‘beda 1500 dan ortiq "Salafiy" bor"

Image copyright 24KZ

Qozog‘iston g‘arbidagi Oqto‘be shahridagi so‘nggi zo‘ravonliklar ortidan Bosh vazir Karim Masimov mintaqaga borgan va kuch tizimlari rahbarlari hisobotlarini tinglagan.

Xavfsizlik qo‘mitasi rahbari so‘zlariga ko‘ra, viloyatda 1500 dan ziyod "Salafiylik" oqimi tarafdorlari istiqomat qiladi.

Oqto‘be viloyat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi departamenti rahbari Nurlan Kidirbayev Qozog‘iston bosh vaziriga hisobot berarkan, departament mushkul sharoitlarda faoliyat yuritishiga to‘g‘ri kelayotganidan shikoyat qilgan.

Qozog‘istonlik jurnalistlarning yozishlaricha, bu Oqto‘be viloyat Milliy Xavfsizlik qo‘mitasi departamenti rahbarining jurnalistlar oldida birinchi oshkora chiqishi bo‘lgan va hisobot "bomba" deb ta‘riflangan.

Oqto‘be xavfsizlik idorasi rahbari Nurlan Kidirbayev aytishicha, viloyatdagi "Salafiy" oqimi tarafdorlarining soni 1565 kishini tashkil etadi, shulardan 90 ga yaqini potentsial "jihodchi" hisoblanadi.

"Terakt tashkilotchilari sheriklarini aniqlash ishlari davom ettirilmoqda. "Salafiylar"ni nazorat qilishga ko‘p kuch ketadi. O‘tgan yildan buyon 32 "Salafiy"ning fikrini o‘zgartirishga muvffaq bo‘ldi. Biroq bu ishlar uchun savodli teologlar va obro‘li imomlar yetishmayapti. Yangi mahalliy kadrlarni tayyorlash lozim", deb aytgan Oqto‘be xavfsizlik idorasi rahbari.

Nurlan Kidirbayev o‘z idorasida terrorizmga qarshi kurash xodimlari yetishmasligini aytgan.

2011 yildan buyon departament shtati ko‘paytirilgani yo‘q. O‘shandan buyon ish hajmi ikki baravar ortdi. Operativ xodimlar "ishdan chiqib qoladigan" darajada ishlayaptilar, deb aytgan Nurlan Kidirbayev.

Xavfsizlik departamentining binosi ham 1958 yilda qurilgani va ta‘mirga muhtoj bo‘lib qolganini aytgan Nurlan Kidirbayev viloyat politsiyasi xodimlari ham o‘zlarinikiga o‘xshash sharoitda ishlayotganini bildirgan.

Nurlan Kidirbayev so‘zlariga ko‘ra, 2015 yil boshidan buyon Oqto‘be viloyatida 14 ta radikal guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Image copyright Youtube

O‘sha majlisda qatnashgan Qozog‘iston Muftiysi o‘rinbosari, Musulmonlar diniy idorasi rahbari Serik Oraz radikal qarashdagi musulmonlarga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lishga chaqirgan.

Serik Oraz so‘zlariga ko‘ra, xorijiy ekstremist mullalarning ta‘siriga tushib qolganlarga faqat tushuntirish ishlari yetarli bo‘lmaydi.

5 iyun kuni bir necha shaxs Oqto‘be shahridagi qurol-yarog‘ do‘konlari va harbiy qismga hujum qilganlar.

Oqibatda 5 tinch fuqaro, 3 harbiy halok bo‘lgan.

O‘tkazilgan aksilterror amaliyotlari natijasida hujumchilardan 13 nafari o‘ldirilgani, 9 tasi qo‘lga olingani xabar qilingan.

10 iyun kuni gumonlanuvchilardan yana 5 nafari o‘ldirilgan.

Qidiruv e‘lon qilingan shaxslardan uch nafari 12 iyunda tutilgan.

Yana bir necha kishi qidirilayapti.

Oqto‘be hodisalari Qozog‘iston mustaqilligidan keyingi eng qonli hujumlardan biri bo‘lgan.

Hujumlar uchun mas‘uliyatni biror bir guruh o‘z zimmasiga olib chiqqani yo‘q.

Prezident Nazarboyev hujumlarda "Salafiy" jangarilarni ayblagan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Kalmuxanbet Qasimov aytishicha, Oqto‘be shahrida qurolli hujumlarni sodir etgan 45 tacha shaxs bir kvartiraga yig‘ilib Suriyadan bir imomning jihodga chaqiriq haqidagi diniy va‘zini tinglaganlar, va‘zdan keyin ko‘chaga chiqib qo‘llariga qurol olganlar.

"Salaf" so‘zi "o‘tmish" yo "avvalgi" ma‘nosini berib, salafiylar Islom dinini Muhammad Payg‘ambar(S.A.V) va uning safdoshlari tushungan tarzda tushunishni istaydilar, hamda Qur‘onni simvolik talqin qilish usullari va musulmon dunyosiga G‘arb bilan yuz bergan aloqalar asosida kirib kelgan yangiliklarni rad etadilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq