Euro 2016: Kim nima demoqda?

Image copyright AP

O‘zbekistonda ham muxlislari ozmuncha bo‘lmagan Ispaniya va Belgiyani mag‘lub etib, o‘zlari ham lol qolgan Italiya maydonga tushmaydi emasmi, gaplar ham ancha-muncha.

Ustiga ustak, Ispaniya Turkiya, Italiya esa, Zlatan Ibrohimovichning Shvetsiyasi bilan qarama-qarshi kelayotgan bo‘lsa.

Jamoasi guruhdagi dastlabki uchrashuvida chexlarni faqat eng so‘nggiga kelib mag‘lub eta olganiga qaramay, Ispaniya milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi Del Boske anchayin jiddiy bayonotda.

Del Boskening "AS" ispan nashri keltirib o‘tgan so‘zlariga tayanilsa, "futbol manmanlarni jazolaydi".

"Men jasur, qo‘rqmas va tap tortmas Turkiyani kutib qolaman", - deya bayon qilgan ispanlar Bosh murabbiysi.

Ispaniyaning o‘zi ustma-ust uyushtirgan hujumlariga qaramay, chexlarga qarshi uchrashuvining 87-daqiqasiga kelibgina hisobni ochishga muvaffaq bo‘lgan, amaldagi Ovro‘po chempionining bu qabila o‘yini ham futbol nashrlari va ham futbol muxlislari orasida anchagina "gap-so‘zlar"ga sabab bo‘lmay qolmagandi.

Turkiya esa, bu yilgi Ovro‘po birinchiligini mag‘lubiyat bilan boshlagan, Xorvatiyaning umid yulduzi Luka Mordich kiritgan yagona to‘p bu ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi 1-tur uchrashuvining taqdirini hal qilgandi.

Joriy paytda Ispaniya va Xorvatiya "D" guruhi peshqadami sanalishsa, hisobida biror bir ochkosiz Turkiya eng quyi o‘rinni egallab turibdi.

Zlatan Ibrohimovich

Image copyright Reuters

Angliya-Uels uchrashuvi arafasida kecha payshanba kuni yulduz Garet Beyl rosa "gapni qizitgan" bo‘lsa, bugun Zlatan Ibrohimovich aksariyatning diqqat-e‘tiborida.

Italiyaning "La Gazzetta dello Sport" nashri, hatto, Zlatan, "Sen bizni qo‘rqita olmaysan", - deyishgacha borgan.

Ammo yulduz Zlatan Ibrohimovichi saflarida to‘p surganiga qaramay, Shvetsiya guruh bosqich saralash bellashuvlarining 1-tur uchrashuvida Shimoliy Irlandiya bilan 1:1 durang hisobi qayd etgan.

Masala raqiblari darvozasini aniq nishonga olishga kelganda, Zlatan Ibrohimovichi bosh bo‘lmaydimi, shvedlardan deyarli aniq bir hujum chiqmagandi.

Shu holatning o‘ziyoq futbol olamidagi aksariyat mutaxassislarning e‘tiborlarini o‘ziga tortgan, tanqidlariga ham sabab bo‘lmay qolmagandi.

Italiya esa, futbol olamidagi aksariyatning aqlini shoshirib, ilk o‘yinidayoq jahonning ikkita eng kuchli milliy terma jamoasidan bittasi bo‘lgan Belgiyani mag‘lub etgan.

O‘yinda qayd etilgan 2:0 hisobi esa, hali futbol maydonining o‘zidayoq belgiyalik soni ozmuncha bo‘lmagan va dunyoning manaman, degan klublarida to‘p suruvchi nomdor futbolchilarini ham hayratga solmay qo‘ymagandi.

Yana Garet Beyl

Image copyright Getty

Bugungi uchrashuvlar qolib, aksariyat britan nashrlari o‘zlarining diqqat-e‘tiborlarini yana Uels milliy terma jamoasi yulduzi Garet Beylga qaratishgan.

Ularda ayrimlari, Garetning o‘zlarida bo‘lgan ishtiyoq Angliyada yo‘q ekaniga oid so‘zlarini savol ostiga olib, u ko‘targan g‘urur masalasini qayta ko‘tarishgan, o‘z savollariga kechagi o‘yinning taqdirini hal qilgan to‘pidan o‘zida yo‘q xursand Daniel Starrijning suratini ilova qilishni ham unutishmagan.

Bayonotiga tayanilsa esa, so‘nggi mag‘lubiyatlari Garet Beylni zarracha cho‘chita olmagan.

Ispaniyaning "Real"(Madrid)i yulduzi ham bo‘lgan hujumchi, baribir, "oxirigacha kurashish"larini aytgan.

Bu yilgi Ovro‘po chempionatining debyutanti bo‘lgan Uels esa, guruhdan keyingi bosqichga chiqishni maqsad qilgan.

Bugunning 2-tur uchrashuvlarini Italiya va Shvetsiya(14:00bv.) boshlab berishsa, orada Chexiya-Xorvatiya(17:00bv.) bilan kuch sinashadi.

Ispaniya va Turkiya (20:00bv.) uchrashuvi esa, juma kuni hisobidan eng so‘nggisi bo‘ladi.

"Barselona"si bo‘ladimi va yoki "Real"(Madrid), manaman, degan klublarining ishqibozlari O‘zbekistonda son mingta bo‘lgan Ispaniya esa, o‘zining milliy terma jamoasi bilan ham oddiylari qolib, o‘zbekistonlik eng taniqli shaxsiyatlar aksariyatining ham "ko‘ngillaridan joy olib" ulgurgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring