"IShID talofatlarga qaramasdan kuchsizlangani yo‘q"

Image copyright AP
Image caption "IShID kuchsizlangani yo‘q..."

AQShning Markaziy Josuslik xizmati direktori Jon Brennanga ko‘ra, IShID Amerika boshchiligidagi ittifoqchilarning harbiy hamlalariga qaramasdan kuchsizlangani yo‘q va hamon jangarilar hujum qilish qudratiga ega.

Uning taxminicha, IShID hozir Al-Qoida eng qudratga to‘lgan vaqtidagidan ko‘ra ham ko‘proq jangarilarga ega.

Suriya va Iroqda 22 ming atrofida IShID jangarilari urushmoqda.

Markaziy Josuslik xizmatining rahbari bu haqda AQSh senatining josuslik qo‘mitasiga hisobot bergan.

"Afsuski, bizning IShIDga qarshi barcha muvaffaqiyatlarimiz, moliyaviy sohada ham kurashimiz bu guruhning dunyo bo‘ylab terror amallariga qo‘l urish imkoniyatlarini cheklamadi", deb aytgan u.

Markaziy Josuslik xizmati IShIDning ayniqsa Liviyadagi tobora kuchayib borayotgan mavqeisidan tashvishda ekani aytiladi.

Garchand AQSh boshchiligidagi koalitsiya IShIDga qarshi qator muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa ham, "G‘arb davlatlaridan kelayotgan ko‘plab jangarilar aynan G‘arbda hujumlar uyushtirishga qodir", deb aytgan Jon Brennan.

"O‘z nazorati ostidagi hududlarni boy berar ekan, IShID aftidan partizanlik taktikasini qo‘llaydi, o‘z hududi tashqarisida shov-shuv bo‘ladigan hujumlarni uyushtirishi mumkin".

Shuningdek, Markaziy Josuslik xizmatining rahbari Orlandodagi gey klubga hujum ortida xorijiy jangari guruh turganiga doir dalillar ko‘rmaganini aytgan.

Jon Brennanga ko‘ra, IShIDning Al-Qoidadan farqi uning g‘oyasi anchayi shakllangani va o‘n minglab askarlari borligidadir.

Aynan shu holat Markaziy Josuslik xizmati rahbarini tashvishlantirayotgani ajablanarli emas.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02 TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek Instagram - BBC UZBEK Twitter - BBC UZBEK Odnoklassniki - BBC UZBEK Facebook - BBC UZBEK Google+ - BBC UZBEK YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek) Skype - uzbekbbclondon bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring