Eron generali ogohlantiradi

Eron Inqilob Gvardiyachilari Kengashi rahbari general Qosim Sulaymoniyning ogohlantirishicha, Bahraynning shia Oyatullohi shayx Iso Qosimga nisbatan amallari "mintaqaga o‘t qo‘yadi".

Bahrayn kecha dushanba kuni mamlakatdagi eng nufuzli shia ulamosi sifatida e‘tirof etilgan shayx Qosimni fuqarolikdan mahrum etishga qaror qilgandi.

Eron generali nazdida mazkur holat sunniylar boshchiligidagi Bahraynda qurolli qarshilikka sabab bo‘lishi mumkin.

Ammo, Bahrayn tomoniga ko‘ra, shia ulamosi "o‘zga davlatlar manfaatlariga xizmat qilish uchun" o‘z mavqeidan foydalangan, "mazhabchilik va zo‘ravonlikni targ‘ib qilgan".

Ularning bu da‘volariga qaramay, shayx Qosimning uyi yaqinida minglab namoyishchilar to‘planishgan.

Ular qirol Hamad bin Iso al-Xalifa va hukumatni qoralashgan.

Bahrayn Ichki ishlar vazirligi ham qarab o‘tirmagan:

Allaqachon odamlarni namoyish uyushtirmasliklari bilan ogohlantirgan.

Yuqori martabali generalidan avval Eron Tashqi ishlar vazirligi ham qilgan ishi uchun Bahraynni tanqid qilib chiqqandi.

Oyatulloh

Image copyright AFP

Xabarlarga ko‘ra, shia Oyatullohi o‘zlariga ko‘proq fuqaroviy va siyosiy huquqlar berilishi talabi bilan mazhabdoshlari boshchiligida uyushtirilgan namoyishlarning dastakchisi bo‘lgan.

AQSh Davlat departamenti ham Bahrayndagi so‘nggi vaziyatdan "tashvish"da ekanini bildirgan.

Shia ulamosini fuqarolikdan mahrum etishga asos beruvchi biror bir "ishonchli dalil"dan xabari yo‘qligini aytgan.

Bundan bir necha kun burun Bahrayn hukumati shialar boshchiligidagi "Vefaq" Milliy Islomiy Jamiyatining faoliyatini ham to‘xtatishga qaror qilgan.

Ularning idoralarini yopish va hisoblarini muzlatishga buyruq bergandi.

Jamiyatning siyosiy lideri, shia ulamoasi shayx Ali Salmonning o‘zi esa, qamoqda.

Ulamo 2015 yilda qamoq jazosiga hukm qilingan va yaqinda muddati yana 9 yilga uzaytirilgandi.

Image copyright Reuters

"Wikileaks"da esa, shayx Iso Qosim "Vefaq" va Bahrayndagi shia jamoasining ruhoniy lideri sifatida tasvirlangan.

Ayni shu AQSh diplomatik manbasining ma‘lumotlariga tayanilsa, shayx o‘zining diniy savodini 90-yillarda Eronning Qum shahrida chiqargan.

Muayyan vaqt Iroqning asosan shialar istiqomat qiluvchi Najaf shahrida ham yashagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq