Euro 2016: Futbolkalar yirtilib ketmoqda

Image copyright EPA

Mezbon Frantsiya-Shveytsariya uchrashuvida bir emas, to‘rt futbolchi ustidagi futbolka yirtilib ketarkan, ularni ishlab chiqargan "Puma" shirkati endi nega bunday bo‘lgani sababini o‘rganmoqchi.

"Biz o‘tgan kech ilk bor kabi kabi vaziyat bilan to‘qnash keldik. Ya‘ni, o‘yin davomida bizning mahsulotimiz bo‘lgan futbolkalar yirtilib ketdi...Hozir mutaxassislarimiz futbolkalar tayyorlangan matoni tekshirishmoqda", - deb bayon qilgan shirkat o‘zining bu xususda chiqargan rasmiy bayonotida.

Naq uchrashuv chog‘ida ustlaridagi futbolkalarining pora-pora bo‘lishi shirkatning o‘zi qolib, maydondagi o‘yinchilaru hakamni ham anchayin taajjubda qoldirgani shundoqqina ko‘zga tashlanib turardi.

Frantsiya mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha bu yilgi Ovro‘po chempionatida beshta ishtirokchi milliy terma jamoaning sport ust-boshini "Puma" shirkati tayyorlagan.

Shirkatning ta‘kidlashicha, bu jamoalar shu paytgacha ja‘mi o‘nta uchrashuv o‘tkazishgan bo‘lishsa, Frantsiya-Shveytsariyasiga qadar bu kabi muammoga to‘qnash kelishmagan. Hammasi joyida bo‘lgan.

Buyog‘i hazil...

Image copyright EPA

Yirtiq futbolkalar shirkat, futbolchilar va hakamlar qolib, bir zumda turli ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi hazil-huzulning ham bosh mavzusiga aylangan.

"Twitter"da, hatto, "Puma" mahsulotlari ustidan kuluvchi maxsus #trikotgate xeshtegi ham paydo bo‘lgan.

Bu hazil-huzulga yirtilgan futbolkalardan "jabr ko‘rgan" Shveytsariya milliy terma jamoaasining ayrim a‘zolari ham qo‘shilishgan.

"Yirtiq futbolkalar, deysizmi? Umid qilamanki, "Puma" prezervativ ishlab chiqarmaydi", - deya yuz bergan hodisani kulgu ostiga olgan Sherdan Shakiri.

Yakshanba kungi uchrashuv esa, birgina durang hisobiyu yirtiq futbolkalar bilan yodda qolmagan.

Image copyright Reuters

O‘yin chog‘ida futbolkalar qolib, mashhur "Adidas" shirkatining do‘kon narxi 105 funt bo‘lgan to‘pi ham yirtilib ketgan.

Maydonda yuz bergan bu kabi kutilmagan hodisaga izoh berarkan, shirkat nufuzli britan nashri hisoblanmish "Gardian"ga, "hozircha buning sababini bilmasliklari, ammo tagiga yetish harakatida" ekanliklarini aytgan.

Ammo bu kabi holat o‘z mahsulotlari bilan kamdan-kam yuz berishini qo‘shimcha qilishni ham unutmagan.

Chempionat davom etadi

Bugun amaldagi jahon va Ovro‘po chempionlari to‘p surayotgan "C" va "D" guruhi vakillari o‘zlarining yakuniy 3-tur uchrashuvlarini o‘tkazishadi.

Bu ikki guruhdan faqat dastlabki ikki uchrashuvini ketma-ket g‘alaba bilan boshlagan Ispaniyagina keyingi bosqichga yo‘llanmani naqd qilgan.

Image copyright Reuters

Olmoniya esa, hisobidagi to‘rt ochko bilan o‘z guruhida peshqadamlikni Polsha bilan bo‘lishib turibdi.

Uchinchi o‘rinda borayotgan Shimoliy Irlandiya hisobida 3 ochko bor.

Har ikki uchrashuvini ham mag‘lubiyat bilan yakunlagan va eng o‘rinda borayotgan Turkiya esa, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini deyarli boy berib bo‘lgan.

"C" guruhi vakillari:

Ukraina – Polsha

Shimoliy Irlandiya – Olmoniya uchrashuvlari britan vaqti bilan soat 17:00 ga rejalangan.

"D" guruhi vakillari:

Chex Respublikasi – Turkiya

Xorvatiya – Ispaniya esa, britan vaqti bilan kechki soat 20:00 da boshlanadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring