Hindistonda chaqmoqlar 79 odamni o‘ldirgan

Hindistonning 3 shtati rasmiylari xabar qilishlaricha, so‘nggi kunlardagi yashin urishlari kamida 79 insonning umriga zomin bo‘lgan.

Chaqmoq chaqishi odamlarni o‘ldirgani haqida Bihar, Jharxand va Madhya Pradesh shtatlari rasmiy mulozimlari aytmoqdalar.

Bihar shtatida 53 kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Sharqiy Jharxand shtatida 10 odam, Madhya Pradeshda esa kamida 16 odam yashin urishidan halok bo‘lgani aniqlangan.

Xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksari yomg‘ir yog‘ayotgan paytda dalada ishlayotgan dehqonlar bo‘lganlar.

Hozir Hindistonda musson yomg‘irlari mavsumi boshlangan payt.

Musson mavsumida chaqmoq chaqishi oddiy holat.

Ammo yashin urishi ham Hindistonda ancha o‘limlar sababchisi bo‘lar ekan.

Hindiston Milliy Jinoyatchilikni qayd etish byurosi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2005 yildan buyon har yili mamlakatda 2000 insonning chaqmoq urishidan vafot etgani ma‘lum bo‘lgan.

Milliy Jinoyatchilikni qayd etish byurosi Hindistonda tabiiy ofatdan ro‘y bergan jami o‘limlarning 10 foizini yashin chaqnashi tashkil etishini aytadi.

Aynan musson mavsumida Hindiston o‘zining jami suv zaxiralarining 80 foizini to‘plab oladi.

Musson iyun oyida boshlanib sentyabrgacha davom etadi.

BBCning chaqmoq chaqishidan o‘zini himoya qilish maslahati

Chaqmoq boshlangan paytda o‘zingizni bino yoki avtomobil ichkarisiga oling.

Hamma tomoni ochiq, keng va tepalik cho‘qqisi bo‘lgan joyni tezda tark eting.

Agar yaqin-atrofda qochib yashirinishingiz mumkin bo‘lgan boshpana topolmasangiz, o‘zingizni yashin nuri uchun imkon qadar kichik nishonga aylantiring: bir joyga o‘tirib, tizzangizni qo‘llaringiz bilan quchoqlang, boshingizni xam qiling.

Uzun yoki bir o‘zi yakka turgan daraxt ostiga yashirinmang.

Agar suv ichida bo‘lsangiz, tezda sohilga chiqib oling, dengiz bo‘yidagi ochiq qirg‘oqni ham imkoni boricha tezroq tark eting.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq