Qozog‘iston hukumati tarkibida o‘zgarishlar

Prezident Nazarboyev o‘z hukumati tarkibiga o‘zgartirishlar kiritdi.

Ba‘zi mutaxassislar mazkur qadamni Oqto‘beda 5 iyun kuni kechgan hujumlar hamda aprel-may oylari mamlakat bo‘ylab kuzatilgan ommaviy noroziliklar ortidan siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga urinish sifatida baholashmoqda.

Jumladan, prezident ma‘muriyati rahbari Nurlan Nigmatulin vazifasidan chetlatilgan. Nigmatulin parlament a‘zosiga aylangan, keyin Nursulton Nazarboyev uni majlis raisi lavozimiga nomzod etib ko‘rsatgan. "Nur Otan" partiyasi a‘zolari bu taklifni bir ovozdan ma‘qullashgan.

Prezident ma‘muriyati rahbari etib Ostona shahri sobiq hokimi Odilbek Jaqsibekov tayinlangan.

Parlament majlisi raisi Baqtiqo‘ja Izmuxambetov Respublika Veteranlar tashkilotiga rahbar qilib yuborilgan.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, Sarmoya va taraqqiyot vazirligiga Jenis Kasimbek munosib ko‘rilgan. Sobiq vazir Aset Isekeshevga esa, poytaxt Ostona hokimligi berilgan.

Hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilingan.

Ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yangi tartibdan xursand emasliklarini yozishgan.

Ular davlat lavozimlari ayni rasmiylarga qaytadan taqsimlanishi siyosatini tanqid qilishgan.

Tanqidchilar islohotlarni olib borish uchun hukumatga yangi "qon" kerakligini ta‘kidlashgan.

Odilbek Jaqsibekov

62 yoshli Jaqsibekov Nazarboyevning eski ittifoqchisi va Qozog‘iston siyosatida katta ta‘sirga ega deb ko‘riladi.

Prezident ma‘muriyatiga rahbarlik janob Jaqsibekov uchun yangilik emas. U 2004-2008 yillar xuddi shu vazifani bajargandi.

U siyosatga biznesdan kirib kelgan va Nazarboyevning kuchli dastagi bilan mansab pillapoyalaridan juda tez ko‘tarilgan.

Odilbek Jaqsibekov aqlli siyosatchi hamda Prezident Nazarboyevga o‘ta sodiq odam deb ko‘riladi.

Ammo, joriy yil boshlarida ikki o‘rtadagi aloqalar savol ostiga olingandi.

Matbuot Ostona meri Jaqsibekov bilan uning yosh o‘rinbosari hamda prezidentning nabirasi Nurali Aliyev munosabatlariga darz ketgani borasida gapirildi.

Aliyev keyinroq o‘z lavozimidan iste‘fo bergan va hodisa Jaqsibekovning prezident bilan aloqalariga raxna solmagan ko‘rinadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq