Britaniya OIda qolish-qolmaslik referendumida ovoz bermoqda

Image copyright Reuters
Image caption Ovoz berish hududlari ertalab 7 dan kechqurun 10 gacha ishlaydi

Britaniyada mamlakatning Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qolish-qolmaslik yuzasidan referendumda ovoz berish jarayoni boshlangan.

Ovoz berish hududlari ertalab soat 7.00 dan (Toshkent vaqti bilan 11.00) ochilgan va kechqurun 10 gacha ishlaydi.

Bu Birlashgan Qirollikning butun tarixi davomidagi uchinchi referendumdir.

Umumxalq ovoz berishi arafasidagi qizg‘in munozaralarda OI tarkibidan chiqish tarafdorlari Vote Leave ("Chiqish uchun ovoz ber"), qarshilar esa Remain ("Qolish") kampaniyalari atrofida birlashishdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ushbu referendumda ekzit-poll yoki ovoz berish shahobchalari eshigida so‘rov o‘tkazilmaydi.

Nihoiy natija 24 iyun ertalab 7 da ma‘lum bo‘lishi kerak.

Referendumda ishtirok etish uchun 46,5 million saylovchi ro‘yxatdan o‘tgan, bu Britaniya tarixidagi eng rekord raqamdir.

Britaniyaning kelajagi

Ovoz beruvchilar saylov varaqasidagi ikkita savoldan bittasiga chiziq tortishlari kerak bo‘ladi: "Birlashgan Qirollik Ovro‘po Ittifoqida qolishi kerakmi?" yoki "Birlashgan Qirollik Ovro‘po Ittifoqidan chiqishi kerakmi?"

Natija aksariyat ko‘pchilik ovozga qarab belgilanadi.

Image caption Referendum Bosh vazir Kemeronning saylovoldi va‘dasi edi

Britaniyaning kelajagini belgilash uchun bu savollardan bittasi 50 plyus bir foiz ovoz olishi kerak.

BBCning siyosiy sharhlovchisi Lora Kunsbergning aytishicha, natija qanday bo‘lishidan qat‘iy nazar, referendum arafasidagi munozaralar Britaniyaning siyosiy manzarasini butunlay o‘zgartirib yuborgan.

BBCning iqtisodiy tahlilchisi Saymun Falushga ko‘ra, referendumdan keyingi tong Londonning moliyaviy markazi bo‘lgan Siti tarixidagi eng faol kunlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Chunki britaniyalik saylovchilarning qaroriga qarab, funt-sterling keskin ko‘tarilishi yoki tushib ketishi mumkin.

So‘nggi oylarda siyosiy mavhumlik bois funt-sterling dollar va yevroga nisbatan ancha qiymatini yo‘qotgan.

Nega referendum o‘tkazilmoqda?

Britaniyaning OIdagi kelajagi yuzasidan referendum o‘tkazish iqtidordagi konservatorlar partiyasining 2015 yildagi saylovoldi va‘dasi edi.

Bosh vazir Devid Kemeron bu kabi referendum o‘tkazish haqida 2013 yildayoq e‘lon qilgan.

Chiqsa nima bo‘ladi?

Image copyright
Image caption Natijalar juma kuni ertalab soat 7 da ma‘lum bo‘ladi

Saylovchilar OI dan chiqish uchun ovoz berganlari taqdirda, Britaniya yana ikki yil davomida Ittifoq tarkibida qoladi.

Bu muddat ichida London Bryusselni rasman o‘z qaroridan xabardor qilishi kerak.

Buning ortidan ikki yildan ko‘proqqa cho‘ziladigan muzokaralar jarayoni boshlanadi.

BBC qanday yoritmoqda?

Britaniyadagi ommaviy axborot vositalari faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarga muvofiq, BBC saylov hududlari yopilgunicha referendum natijalariga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bironta ham ma‘lumotni e‘lon qilolmaydi.

Faqat ovoz berish jarayonining qanday kechayotgani haqida xabar berish mumkin, xolos.

Image copyright PA
Image caption referendum natijalariga qarab, funt-sterling keskin ko‘tarilishi yoki tushib ketishi mumkin

Saylov hududlari yopilgunicha u yoki bu hududda qanday natijalar kutilayotgan haqida xabar berish Britaniyada jinoyat hisoblanadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring