Yulduzning "siyosiy nolalalari" va "kar" quloqlar

Image caption Nolami, ta‘mami?

O‘zbekiston xalq artisti unvoniga ega bo‘lishiga qaramay so‘nggi bir necha yil ichida rasmiy tadbirlardan chetlatilgan Yulduz Usmonova endi...Shanxay Hamkorlik tashkilotiga bag‘ishlab qo‘shiq kuylavordi.

Uning avvalgi ijodi va umuman musiqaga sal qiziqishi bo‘lgan shinavandalarga ko‘ra, bu... "o‘xshamagan", "ko‘ngilni behuzur" qiluvchi, jonga teguvchi xirgoyidan ortiq qimmatga ega emas.

"Yulduzning "siyosiy" yoki aniq ta‘magirlikka asoslangan qo‘shiqlari tiqilib yotibdi. Karimovga bag‘ishlangan nolalarining o‘zi bir albom bo‘ladi. Bu ham yetmaganday uning qizi Gulnoraga ham atab kuylab berdi. Xalq orasida uning obro‘sini tushirayotgan asosiy omil ham mana shu ta‘ma bilan yaltoqlanishi bo‘lmoqda", deydi shou-biznesni kuzatib keladigan jurnalistlardan biri.

Lekin jurnalistning aytishicha,prezident Karimov ham, uning qizi ham bu kabi olqishlarni e‘tiborsiz qoldirishgan.

"Ammo Gulnora Karimova Yulduzga e‘tibor berish arafasida ekan, o‘z otasi boshchiligidagi hukumatning kazo-kazolari tomonidan "quvg‘in" qilindi".

Kimga yoqdi, kimga yo‘q...

Image copyright bbc
Image caption Paxta dalalarida

Yulduz Usmonavaning Shanxay Hamkorlik tashkilotiga atalgan bu qo‘shig‘i ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama etilmoqda.

"Different World" nomi ostida YouTube foydalanuvchisi shunday izoh qoldirgan: "Juda zo‘r qo‘shiq! Yulduz sizni butun O‘rta Osiyo xalqlari sevadi. Sizni insonlar g‘ayirligidan Xudo panohida asrasin! Qo‘shiq juda zo‘r, 100 baho!!!".

Qo‘shiq qo‘shni davlat vakillariga ham ma‘qul kelgani kuzatilgan. "Super, salom tojikistondan", deb yozadi Axmad Goibnazarov.

Norozilik bildirganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Fahriddin karimov YouTube ijtimoiy tarmog‘ida keskin fikrlar qoldirgan.

(Ular "kurakda turmaydigan" bo‘lgani uchun bu o‘rinda keltirishni joiz topmadik.)

Nodir samadov esa shunday qo‘shimcha qilgan: "Astag‘firulloh. Paxta ham shunchalik bo‘ladimi))) Oshirib yuboribdi lekin. Zora Karimov bobosi rahmi kelib yig‘lab yuborsa, kechirdim sani qizim kechirdim deb)))

Aksariyat Yulduz Usmonovani yaltoqilik qilishda ham ayblangan.

Facebook foydalanuvchisi "German Sanny" izohi: "Quvilishni hoxlamasang vaqtida yaloqilik qil!". Radmila Usmanova esa shuni qo‘shimcha qilgan: "Yashashni istasang harakatda bo‘l)))".

Norozilar qatoridan o‘rin olgan Abdulmatin inogom "Bechora Yulduz Usmonova. Turkiyada ....olmaganidan keyin ....qaytib kelib dodajon dodajon deb aytdi. Endi kamiga bunaqa bemani va bemaza qo‘shiqni chiqaribdi. Ey Tovba... Qirg‘izni qimizingga kim to‘yyar edi deb yomonlab aytgan eding, endi bu bemaza qo‘shig‘ingda Qirg‘izim deb aytibsan, tayin bormi sanda?"

"Rostini aytganda ahmoqlik", deb qo‘shiqni izohlagan Facebook foydalanuvchisi Aziz Azizov.

"Barakalla Yulduz... Oqim bilan suzmoqda)))", deya izoh qoldirib, Usmonovani yana yoqlagan Radmila Usmanova. "Saroy maddohlariga biroz rahming keladi...", deb izoh qoldirgan Facebook foydalanuvchisi Shuxrat Ganiyev.

Facebook faollaridan yana biri Toha Halniyazov shunday degan: "Xalqlar do‘stligi sahnasini sog‘ingan".

Qo‘shiq baxslarga ham sabab bo‘lgan. "Shrek Zelyony": "Shu ham qo‘shiqmi? Qayta-qayta eshitish u yokda tursin, bir marta oxirigacha eshitgim kelmadiku". "Unda Ummonni eshit, Benomni eshit, ma‘noli, qayta va qayta eshitadigan qo‘shiqlarni kuylasa", deb maslaxat bergan Ulugbek sayyod.

Unga javoban "Shrek Zelyony" shunday degan: "Ularni hatto tanimayman ham".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram, Twitter, Odnoklassniki, Facebook, Google+, YouTube da bizni - BBCUZBEK deb qidiring
  • (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq