Petitsiya: "London mustaqil bo‘lsin!"

Image copyright EPA
Image caption Sodiq Xon Londonning eshiklari ovro‘poliklar uchun ochiqligini aytgan

Minglab odamlar London hokimi Sodiq Xonni Londonni mustaqil davlat deb e‘lon qilishga chaqiruvchi petitsiyani imzolashgan.

Petitsiya tashkilotchisi Jeyms O Mallining aytishicha, London "dunyo miqyosidagi shahardir va Ovro‘poning markazi bo‘lib qoladi".

Payshanba kungi referendumda Buyuk Britaniyaning boshqa mintaqalaridan farqli o‘laroq, poytaxt aholisining qariyb 60 foizi OI tarkibida qolish uchun ovoz bergan.

London hokimi "Prezident Sodiq" bo‘lishi kerakligi aytilgan petitsiyani hozirning o‘zida 27 ming kishi imzolagan.

Professor Toni Traversning aytishicha, Londonning iqtisodiyoti va siyosati boshqa mintaqalardan mutlaqo farq qiladi.

Uning fikricha, Sodiq Xon agar xohlasa, London uchun ko‘proq qudrat istashi mumkin.

Referendum natijalari e‘lon qilinishi ortidan Sodiq Xon Ovro‘po Ittifoqi bilan muzokaralarda Londonning o‘z ovoziga ega bo‘lishi muhimligini aytdi.

Image copyright PA
Image caption London aholisining qariyb 60 foizi OI tarkibida qolish uchun ovoz bergan

U shuningdek, Londonning eshiklari ovro‘poliklar uchun har doim ochiqligini urg‘ulagan.

23 iyun kungi referendumda britaniyaliklarning 52 foizi OIdan chiqishni ma‘qullab ovoz bergan.

Bosh vazir Devid Kemeron uch oy ichida iste‘foga ketishini aytgan.

Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari Britaniyani chiqish jarayonini cho‘zib yubormaslik va tezroq rasmiylashtirishga chaqirganlar.

Natijalar Britaniya va Ovro‘poni larzaga solgan va hozirda London va Ovro‘po poytaxtlarida buning oqibatlari hisob-kitob qilinmoqda.

Mustaqillik paradi

Shotlandiyaning birinchi vaziri Nikola Sterjenning aytishicha, hukumat yangi mustaqillik referendumi o‘tkazish yuzasidan huquqiy asoslarni yaratishga kirishadi.

Image copyright Getty
Image caption Nikola Sterjenning aytishicha, Shotlandiya o‘z kelajagini yagona Ovro‘po tarkibida ko‘radi

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarni tayyorlashni boshlash uchun parlamentning referendum Shotlandiya uchun Ovro‘po Ittifoqi va yagona Ovro‘po bozorida qolishning eng ma‘qul yo‘li, degan qarori kerak bo‘ladi.

Shotlandiyaning aksar aholisi payshanba kungi referendumda Britaniyaning OI tarkibida qolishini ma‘qullab ovoz bergan.

"Shotlandiya Ovro‘po Ittifoqining bir qismi bo‘lib qolishni qat‘iyan ma‘qulladi", deb aytgan Nikola Sterjen.

Unga ko‘ra, Shotlandiya o‘z kelajagini yagona Ovro‘po tarkibida ko‘radi.

Shotlandiya mustaqilligi bo‘yicha birinchi referendum 2014 yilda bo‘lib o‘tgan edi.

Unda 50 foizdan ortiq odam Buyuk Britaniya tarkibida qolishni yoqlab, ovoz bergan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring