"Uyingga jo‘na" - referendumdan so‘nggi achchiq natija

Image caption Referendum natijalaridan so‘ng muhojirlarga qarshi amallar haqida xabarlar paydo bo‘ldi

Juma kuni Britaniyadagi referendum natijalari mamlakatning Ovro‘po Ittifoqi tarkibidan chiqishi haqidagi xabarni yetkazganidan sal o‘tmay, Ijtimoiy tarmoqlarda irqchilik yuzasidan shikoyatlar paydo bo‘la boshladi.

Referendum natijalari haqiqatan ham bu kabi hollarning ko‘payishiga olib kelganmi, yoki hissiyot va havotirga to‘lgan odamlar bu borada ko‘proq ochiq gapira boshladilarmi - bunisi noma‘lum.

Lekin Birmingem shahridan parlament vakili Jess Filippsga ko‘ra, bu sohada havotir o‘rinli. U irqchilik haqidagi havotirlarini parlament muhokamasiga olib chiqishini Twitter orqali ma‘lum qildi.

Referendumdan so‘ng o‘tgan 3 kun mobaynida #postrefracism (referendumdan so‘nggi irqchilik) heshtagi 21 ming marotaba ishlatilgan. Heshtagni - xuddi shu nomdagi guruh - odamlarni irqchilikka guvoh bo‘lsalar, bu borada ochiq gapirishga rag‘batlantirish uchun boshlagandi.

"Jomadoningni yig‘ishtir"

Konservatorlar partiyasidan parlamentga sobiq nomzod Shaziya Avon Ovro‘po Ittifoqi tarkibida qolish kampaniyasida ishlagandi. U ham xorijliklarga qarshi hissiyotlar kuchayganligiga guvoh bo‘lganini aytadi.

Image copyright shazia awan

"Referendumdan bir necha hafta avval "Chiqish" kampaniyasi muhojirlar masalasini ko‘tara boshlagan vaqti, allaqachon odamlar kayfiyatida o‘zgarishni sezgandim. Bir qora tanli ayol bilan gaplashib tursam, o‘tib ketayotgan oq tanli bir kishi haqorat qilib o‘tdi", deydi Shaziya Avon.

Referendumdan so‘ng esa Shaziyaning o‘zi haqoratga yuz tutdi. Natijalar haqida Twitter da o‘z fikrini aytgan zahoti, "jomadonini yig‘ishtirib, uyiga ketish" haqida javob oldi.

"Men Uelsda tug‘ilib o‘sganman. Bularning hammasi biz uchun yaxshi narsani anglatmaydi", deydi Shaziya Avon.

Uning fikricha, hukumat referendumning bu kabi salbiy oqibatlariga qarshi ko‘proq choralarni ko‘rishi kerak.

"Men mamlakat uchun qayg‘uryapman. Chunki bir dahshatli narsa ochilib ketdi. Referendum natijasi odamlarning irqiy nafratini qonuniylashtirib yuborgandek. Ular balki aksariyatni tashkil etmas, lekin ular butun mamlakatni qo‘zg‘atishga harakat qilayotgan baqiroq, bag‘ri tor ozchilik. Hukumat bu narsani tan olmay xato qilyapti. Mamlakatimiz nima ahvolga tushadi? Biz kelajakda bu kunlarga qora kunlar sifatida qaraymiz. Tarixan ortga sakrab ketgandek his qilyapman o‘zimni".

Image copyright shaziaawan twitter
Image caption Shaziya Avon "uyinga jo‘na" qabilidagi twitlarni olgan

Jurnalist Kiron Jenkins o‘zi guvoh bo‘lgan bir hodisa haqida Twitterda yozdi. Barnsli shaharchasida bir nafaqaxo‘r unga "Biz xorijliklarni uyga jo‘natish uchun ovoz berdik", deb aytgan.

Xavotirli belgi

Sara Chayldz Twitter da irqiy haqoratlar haqidagi xabarlarni ko‘rib, muammoga e‘tiborni tortishga qaror berdi.

"Shunday bo‘lishini qaysidir ma‘noda kutgandim. Ikkala tomon ham kampaniya referendum jarayonida qabih tomonlarini namoyon qildilar. Men o‘zim oq tanli britaniyalikman. Hind va pokistonlik do‘stlarim bilan birga Facebook da guruh tuzdik".

Yakshanba kuni tuzilgan guruhga bir kun o‘tmay 5 ming kishi a‘zo bo‘ldi.

"O‘zlarini xavf ostida his qilayotganlar uchun muloqot yerini yaratishga harakat qildik. Maqsadimiz shuki, bu referendum ushbu muammoni urchitgani, undan ogoh bo‘lishimiz kerakligi va biron narsa qilishimiz kerakligini ko‘rsatish", deya izoh beradi Sara.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring