'Vahima qilishga mutlaqo asos yo‘q'

Image copyright Reuters

O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov ayollar jamoasidan Olimpiada yo‘llanmasi olib qo‘yilganiga oid xabarlarga xuddi ana shunday munosabat bildirgan.

Xalqaro Og‘ir atletika federatsiyasining bu xususdagi qarori o‘tgan hafta boshida ma’lum bo‘lgan.

"Reyter" axborot agentligi IWF ga iqtibosan xabar berarkan, bunga bir necha doping tekshiruvlarining ijobiy natija bergani sabab bo‘lgani haqida yozgandi.

O‘sha paytda bu haqdagi qaror IWF ijroiy kengashining Tbilisida o‘tayotgan yig‘inida qabul qilingani ma’lum bo‘lgandi.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu yig‘ilish chog‘ida boshqa masalalar qatorida doping muammosi ham ko‘tarilgan.

Dopingga mutlaqo toqat qilmasligini aytgan IWF hozirgacha doping sinovidan o‘tolmagan jamoalardan 11 o‘rinni olib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Image copyright EPA

Ularning ikkitasi Rossiya va Qozog‘istondan, qolganlari esa Ozarbayjon, Shimoliy Koreya, Moldova hamda Belarus milliy terma jamoalaridan ekani bildirilgan.

IWF ning doping sinovida hozirga qadar eng yomon natijalarni qayd etgan jamoa Qozog‘iston milliy terma jamoasi bo‘lgandi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining rasman bildirishicha, bu kabi xabarlar ortidan Xalqaro Og‘ir atletika federatsiyasinining Tbilisidagi yig‘inida bevosita ishtirok etgan Shahrillo Mahmudov bilan bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritgan.

Tbilisidagi yig‘ilish kun tartibidagi dopingga qarshi kurash masalasi bo‘yicha bildirilgan fikrlar, chiqarilgan qarorlar o‘zbek og‘ir atletikachilari uchun qay darajada aloqadorligi bilan qiziqqan.

O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosarining suhbati tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, "mazkur voqealar qisman o‘zbek og‘ir atletikasiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi".

Ammo, Shahrillo Mahmudovning qat’iyan aytishicha, "vahima qilish, shov-shuv ko‘tarishga mutlaqo asos yo‘q"

Janob Mahmudov o‘z suhbati jarayonida o‘tgan 8 yil davomida o‘zbek sportchilarida ham ehtiyotsizlik oqibatida man etilgan tiklantiruvchi vositalardan foydalanilgan holatlar yuz berganini tan olgan.

Buning uchun federatsiya o‘z zimmasidagi mas’uliyatni his qilishi va bundan buyon dopingga qarshi murosasiz kurashga tayyor ekanini ham bildirgan.

Og‘ir atletikada Olimpiya yo‘llanmalari muayyan bir sportchiga emas, jamoaga berilishini nazarda tutib, Olimpiadaga borishi mumkin bo‘lgan o‘zbekistonlik hech bir sportchining dopingga tushgani yo‘qligini ham aytgan.

O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosarining bildirishicha, ulardan hech biri xalqaro musobaqalardan diskvalifikatsiya qilinmaydi.

"Faqat ayollar jamoamizning Olimpiada yo‘llanmasi olib qo‘yildi, xolos", - deb aytgan Shahrillo Mahmudov.

"O‘ylaymanki, bu jazo biz uchun u qadar kuchli ruhiy zarba bo‘la olmaydi. Erkaklar jamoamizning 5 ta yo‘llanmasi o‘z joyida turibdi. Olimpiadada esa, biz asosan yigitlarimizdan yuqori natijalar kutib turibmiz", - deya qo‘shimcha qilgan federatsiya raisi birinchi o‘rinbosari.

Ammo, unga ko‘ra, shunda ham bu so‘zlar o‘zlarini oqlashlari uchun asos bo‘la olmaydi va vaziyatga to‘g‘ri baho berishlari lozimdir.

Shahrillo Mahmudov xuddi shu o‘rinda Xalqaro Og‘ir atletika federatsiyasi sportchilarning doping qabul qilishlariga qarshi juda keskin kurash ochganini ta’kidlagan, faqat shu masalalar bilan shug‘ullanuvchi maxsus komissiya ish boshlaganini ham bildirgan.

Uning so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, hozirgacha qo‘llanilgan jazo choralaridan og‘ir atletika rivojlangan hech bir davlat bebahra qolmagan.

Shahrillo Mahmudovga ko‘ra, "Shuning uchun ham O‘zbekiston terma jamoasidan bitta qizlar yo‘llanmasining olib qo‘yilishi adolatli va og‘ir oqibatlarga olib kelmaydigan qaror"dir.

Image copyright AP

O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari sportchilarning qon tahlillarini tekshiradigan uskunalar hozir, hatto, bundan 4 yil oldingisidan farq qilishini aytarkan, sport mutaxassislari orasida tibbiy madaniyatni, tibbiy bilimni oshirish juda dolzarb bo‘lib borayotganini ham ta’kidlagan.

"Ma’lum bo‘lishicha, 2013 yil bizning yosh sportchilarimizga berilgan analgin, pentalgin singari oddiy - og‘riq qoldiruvchi, yurak faoliyatini mo‘’tadillashtiruvchi yoki mikroblarga qarshi kurashuvchi dori vositalari tarkibida ham taqiqlangan moddalar bor ekan. Oldingi uskunalar buni aniqlay olmagan, hozirgi apparatlar esa, shu preparatlardan ijobiy natija chiqarayapti".

Unga ko‘ra, Xalqaro va Osiyo federatsiyalari ham bu masalaga endi juda jiddiy e’tibor qarata boshlashadi.

Bu yilgi Rio Yozgi Olimpiada O‘yinlari 5 avgust kuni start oladi va 21 avgustga qadar davom etadi.

Bu - O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi uchun o‘z tarixidagi yettinchi Yozgi Olimpiada O‘yinlari bo‘ladi.

Jamoa shu paytgacha Yozgi Olimpiada O‘yinlarining ja’mi 20 ta: 5 ta oltin, 5 ta kumush va 10 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Qo‘lga kiritgan medallarining aksariyati boks, kurash va dzyudo bellashuvlari hisobiga to‘g‘ri keladi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.