Karimov: "O‘zbek oltinining bahosini bilmasdim"

Image caption Karimov SSSR davrida O‘zbekistonning moliya vaziri lavozimida ishlagan

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov sho‘ro davrida O‘zbekiston yarim mustamlaka respublika bo‘lgani va uning o‘zi moliya vaziri bo‘la turib, oltin va boshqa boyliklarning bahosidan bexabar bo‘lganini aytgan.

Bu haqda janob Karimov 22 iyun kuni Xitoy rahbari Si Tszinpin bilan birga O‘zbekiston parlamenti deputatlari qarshisida qilgan nutqida gapirgan.

Prezident matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan nutqida janob Karimov SSSRdan O‘zbekistonga "asosan xomashyo etkazib berishga moslashgan zaif va nochor iqtisodiyot meros bo‘lib qolgani"ni aytgan.

"Paxtani o‘zimiz etishtirar edig-u, lekin uning narxi amalda qancha ekanini bilmas edik... Tasavvur qilasizmi, men o‘sha paytda respublika moliya vaziri bo‘la turib oltin qazib olish bo‘yicha SSSRda ikkinchi o‘rinda turadigan O‘zbekistonda oltinning bahosi qancha ekanini aniq bilmas edim. Yurtimiz zaminidan katta hajmda qazib olingan turli nodir metallar, uran va boshqa strategik tovarlar haqida ham bizda hech qanday ma’lumot yo‘q edi", deb aytgan O‘zbekiston rahbari.

AQSh geologiya xizmatining ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yilda O‘zbekistonda 102 tonna oltin qazib olingan.

O‘zbekiston oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni egallagan.

Image caption O‘zbekiston jamoatchiligi o‘zbek oltinining bahosini xali ham bilmaydi

Ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 63 ta oltin koni mavjud bo‘lib, bu oltin konlaridagi zahira 2500 tonnani tashkil qiladi.

Hukumat oltin va boshqa er osti boyliklaridan kelayotgan daromadlarni oshkor etmaydi.

Rasmiylar oltin va boshqa tabiiy boyliklardan kelayotgan daromadlarning qanday maqsadlarga sarflanayotgani borasida hisobot bermaydi

O‘tmishda g‘arb matbuoti O‘zbekiston Shveytsariya va Frantsiya banklariga xorijiy sarmoyalar uchun garov sifatida bir necha tonna oltinlarni qo‘ygani haqida yozgan.

"Yarim mustamlaka"

Prezident Karimovning so‘zlariga ko‘ra, "sobiq tuzum davrida O‘zbekiston yarim mustamlaka darajasidagi respublika edi".

"Biz xatto soliqni qanday yig‘ish, davlat xazinasini qanday to‘ldirish, odamlarni qanday boqish kerakligini ham bilmas edik. Mustaqillik arafasida 20 milliondan ortiq aholimizni boqish uchun yurtimizda bor-yo‘g‘i 15 kunga etadigan un va bug‘doy zaxirasi qolgan edi, xolos. Bularning barchasi O‘zbekiston qanday og‘ir ahvolda, deyarli jar yoqasiga kelib qolganini ko‘rsatadi", degan Prezident Karimov.

U Xitoy ana shunday og‘ir kunlarda O‘zbekistonga yordam qo‘lini cho‘zganini aytgan, ammo Xitoyning yordami nimadan iborat bo‘lganini ochiqlamagan.

Janob Karimov "tilda bir gapni aytib, dilida boshqa narsani o‘ylaydigan, amalda esa mutlaqo boshqa ishni qiladigan" davlatlar ham borligini aytgan, ammo aniq biron davlatni atamagan.

Prezidentning nutqidan ma’lum bo‘lishicha, Xitoy O‘zbekistonga qo‘shma loyihalar uchun 2.7 milliard dollarlik kredit taqdim qiladi.

"Umumiy hisobda 6,2 mlrd dollarlik ob’ektlar qurilishi ko‘zda tutilmoqda", deb aytgan janob Karimov.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring