Boris Jonson Bosh vazir bo‘lmoqchi emas

Image copyright Getty
Image caption Boris Jonson Britaniyaning OIdan chiqish kampaniyasi etakchilaridan bo‘ldi

Londonning sobiq hokimi Boris Jonson o‘z nomzodini Konservativ partiya rahbarligi va mamlakat bosh vazirligi lavozimiga qo‘ymasligini bildirdi.

Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqidan chiqishini quvvatlagan kampaniya etakchilaridan biri Boris Jonsonning murojaati hamma uchun kutilmagan bo‘lgan.

Hozirgi Bosh vazir Devid Kameron o‘z iste’fosini e’lon qilishi manzarasida bukmekerlar Jonsonni bu lavozimga talabgorlarning eng taniqlisi deb hisoblayotgan edilar.

Image copyright Reuters
Image caption Adliya vaziri Maykl Gouvga ko‘ra, Jonsonga Britaniya oldida turgan vazifalarni echish uchun etarli rahbarlik salohiyati yo‘q

Payshanba kuni Britaniya Adliya vaziri Maykl Gouv bosh vazirlikka o‘z nomzodini qo‘yishini e’lon qildi. Uning murojaati esa ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lib, shu paytgacha Gouvni Jonson bosh vazir bo‘lishini quvvatlovchilar qatorida ko‘rishayotgandi.

Janob Gouvga ko‘ra, Jonsonda Britaniya oldida turgan vazifalarni echish uchun rahbarlik sifatlari etarli emas.

Bundan tashqari Ichki Ishlar vaziri Tereza Mey ham Bosh vazirlikka nomzodini ilgari surishini ma’lum qildi. Jonson va Gouvdan farqli tarzda Tereza xonim Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqida qolishi tarafdori hisoblangan.

Bir hafta oldin Britaniyada mamlakatning OIga a’zoligi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Referendum natijalariga binoan, ittifoqdan chiqish tarafdorlari g‘alaba qozonishdi.

Ovro‘po rahbarlari Britaniyani imkoni boricha tezroq OIdan chiqish jarayonini boshlashga chaqirmoqdalar. "Brexit" natijalariga ko‘ra, Britaniya OI mamlakatlari bilan savdo kelishuvlarida bir qancha imtiyozlardan mahrum bo‘lishi mumkin.

Image copyright Getty
Image caption Referendum natijalaridan so‘ng Kameron iste’fo berishini e’lon qildi

Britaniyaning Ovro‘po Ittifoqida qolishi uchun ovoz berishga chaqirgan Bosh vazir Devid Kameron referendumning ertasi kuni oktyabr oyida iste’foga chiqish va Konservativ partiya rahbarligidan ketishga va’da berdi.

Ovro‘po Ittifoqidan chiqishga chaqirib kelgan Boris Jonson Kameron murojaatidan so‘ng bo‘shaydigan bosh vazirlik kursisi uchun darhol eng ishonchli nomzodga aylandi.

Bukmekerlar Tereza Meyga ikkinchi o‘rinni berishayotgan edi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq