OI Rossiyaga qarshi sanktsiyalarni uzaytirdi

Image copyright RIA Novosti

Ovro‘po Ittifoqi juma kuni Rossiyaga qarshi iqtisodiy jazo choralarini 2017 yil yanvargacha uzaytirishga qaror bergan.

Rossiyaga qarshi sanktsiyalar o‘z kuchida qolishi avvaldan kutilayotgan edi.

May oyida Ovro‘po kengashi raisi Donald Tusk Rossiya Ukraina sharqidagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Minsk kelishuvini bajarmas ekan, jazo choralarini bekor qilish to‘g‘risida so‘z bormasligini ta‘kidlagan.

"Minsk shartnomasini bajarish jarayonlariga baho berilganidan so‘ng, Kengash jazo choralarini yana olti oyga, 2017 yil 31 yanvargacha uzaytirishga qaror qildi", deb bildirgan OI kengashi.

OI va AQSh Rossiyaga qarshi jazo choralarini Moskva 2014 yilning mart oyi Qrimni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi ortidan joriy etgandi. Sanktsiyalar keyin Rossiyaning Ukraina sharqidagi qarama-qarshiliklarda tutgan o‘rni bois kuchaytirildi.

Cheklovlar Rossiyaning mudofaa, energetika va moliya sohalariga taaluqli bo‘lib, qator jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan ham jazo choralari kiritilgan, ularning Ovro‘po Ittifoqi va AQShga kirishlari taqiqlangan, xorijdagi hisoblari muzlatilgan edi.

Jazo choralarida Prezident Vladimir Putinning yordamchilari, Rossiya davlat banklari, harbiyligi va energetika shirkatlari nishonga olingan.

Jazo choralariga binoan Rossiya banklari uzoq muddatli qarz olishdan mahrum qilingan, Rossiyaga ko‘p maqsadli harbiy asbob-uskunalar eksporti va OI-Rossiya qurol-yarog‘ kelishuvlari taqiqlangan.

Shuningdek, neft sanoati texnologiyalari va xizmatlari eksportiga ham cheklovlar kiritilgan, biroq gaz sohasi bundan istisno.

Sanktsiyalar shuningdek, annektsiya qilingan Qrim va Sevastopolga ham joriy etilgan. Ovro‘po Ittifoqi mamlakatlari Qrimdan mahsulot import qilish, yarim orolga investitsiya kiritish hamda Qrimga alohida mahsulotlarni eksport qilishlari taqiqlangan. 2016 yilning iyun oyida jazo choralari yana bir yilga uzaytirildi.

Rossiya bunga javoban o‘ziga nisbatan jazo choralarini quvvatlagan mamlakatlarga qarshi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini olib kirishlariga taqiq qo‘ydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq