O‘zbekistonda Ramazon Hayiti 6 iyulda nishonlanadi

Image caption Ramazon Hayiti yangi oy chiqishiga qarab 5 yoki 6 iyul bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 6 iyulni Ramazon Hayiti kuni deb e‘lon qilgan.

Prezident chiqargan farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda 6 iyul dam olish kuni hisoblanadi.

Bu haqdagi qarorda O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2016 yilda Ramazon hayiti kuni 6 iyul chorshanbaga to‘g‘ri kelishi haqidagi qaroridan iqtibos keltirilgan.

"O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2016 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 6 iyul chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini e‘tiborga olib, 2016 yil 6 iyul dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin", deyiladi farmonda.

Shuningdek, Ramazon hayitini Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlariga joylarda tartibli va yuqori darajada, milliy qadriyatlarga mos ravishda o‘tkazish uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirish topshirilgan.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritishi qayd etilgan.

Islomiy taqvimga muvofiq, Ramazon oyining boshi va oxiri yangi Oy chiqishiga qarab belgilanadi.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlarida hayit qachon bo‘lishi ro‘zaning oxirgi kechasida ma‘lum bo‘ladi.

Ammo, O‘zbekistonda 1992 yildan buyon davom etib kelayotgan tajribaga muvofiq, Prezident Ramazon oyining boshi va oxirini maxsus farmon bilan oldindan belgilaydi.

Bu esa kuzatuvchilarga ko‘ra, ba‘zi chalkashliklarni yuzaga keltiradi. Ko‘p hollarda O‘zbekiston oldindan e‘lon qilingan prezident farmoni tufayli ko‘p mamlakatlar, hatto mintaqa davlatlaridan bir kun keyin hayitni nishonlagani kuzatilgan. Biroq hayitni qachon nishonlash borasida boshqa mamlakatlarda ham tushunmovchiliklar yuzaga kelib turadi.

Ko‘p musulmonlar odatda hayitni Saudiya Arabistoni e‘lon qilgan sana bo‘yicha nishonlashadi.

Bu yil Ramazon Hayiti yangi oy chiqishiga qarab 5 yoki 6 iyul bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Hayit tonggida bayram namozlari o‘qiladi, marhumlar yodga olinib, an‘anaviy shirinliklar pishiriladi, muhtojlarga ehsonlar tarqatiladi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring.