Iroq motam tutmoqda

Image copyright AFP

Poytaxt Bag‘dodda yakshanba kuni yuz bergan va kamida 165 kishining umriga zomin bo‘lgan yirik portlash ortidan Iroq hukumati uch kunlik motam e’lon qilgan.

Bu yil hisobidan Iroqda yuz bergan eng qonlisi, deb aytilayotgan hodisada 150 ga yaqin kishi yaralangan.

Portlash al-Karrada tumanida, odamlar Ramazon Hayiti uchun savdo-sotiq qilib yurgan paytlarida yuz bergan.

Portlovchi moddalar joylashtirilgan muzlatgichli mashina xaridorlar bilan gavjum al-Hadiy savdo markazi yaqinida portlatilgan.

Qutqaruvchilarga ko‘ra, portlashda butunboshli oilalar qurbon bo‘lishgan.

Image copyright AFP

Aksariyat qurbonlar tanib bo‘lmas darajada kuyib ketishgan.

So‘nggi hodisaga ham mas’uliyatni Yaqin Sharqdagi IShID guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Iroq Bosh vaziri Haydar al-Abadiy yakshanba kuni portlash sathiga safar qilgan.

Ammo Bosh vazirni g‘azabnok olomon qarshi olgan. Uning karvonini toshbo‘ron qilgan.

Buning ortidan uning idorasi odamlarning holatini tushunib turganliklarini aytib, uch kunlik motam e’lon qilib chiqqan.

Bosh vazir Haydar al-Abadiy loqaydlik qilgan xavfsizlik zobitlarining jazolanishiga va’da bergan.

Bundan buyog‘iga bomba hujumlarining oldini olish uchun mahalliy aholi orasidan ko‘ngillilar jalb qilinishi haqida ham aytgan.

Qutqaruv xodimlari tuni bilan sathni tozalab, binolar ichkarisidan odamlarning kuyib ketgan jasadlarini axtarib chiqishgan.

Eng qonli hujum

Image copyright Reuters

Yakshanbaga o‘tar kechasi yuz bergan portlash joriy yil hisobidan Iroqdagi eng qonlisi bo‘lgani aytilmoqda.

Ustiga ustak, Iroq kuchlari Fallujani IShIDdan qaytarib olishganidan hafta o‘tib kuzatilmoqda.

Al-Karrada tumanidagi hujum ortidan, Bag‘dod shimolida yana bir portlash yuz bergan, kamida besh kishi qurbon bo‘lgan.

Bu yerda ham al-Karradada bo‘lgani kabi asosan shia musulmonlari istiqomat qilishgan.

Iroqlik mas’ullarning aytishlaricha, barcha jasadlarni chiqarib olishlari oson bo‘lmaydi va buning uchun kunlar kerak bo‘lishi mumkin.

Oq Uy Iroqqa o‘z hamdardligini izhor etib chiqqan, Birlashgan Millatlarning Iroqdagi vakili Yan Kubish esa, hujumlarni keskin qoralagan.

Yakshanba kuni kechga yaqin Iroq Bosh vaziri butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilishini e’lon qilgan.

Shuningdek, janob al-Abadiy Bag‘dod va boshqa viloyatlarga kirishda avtoulovlarni yaxshiroq tekshirishga imkon beruvchi maxsus tizimlar o‘rnatilishiga ham buyruq bergan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondonbbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Bu mavzuda batafsilroq