"Maymun yilida maymunlar daf bo‘lishsin!"

Image caption Muhojirlar karvoni

Vatandan Rossiyaga yil boshida keldim.

Rostov shahrining jinko‘chalaridan birida devorga naqsh etilgan yozuvlarni o‘qib qoldim.

Aftidan millatchi rus yoshlari tomonidan rang- barang bo‘yoqlarda bitilgan bu bitikdagi "maymun" so‘zi kimlarga qarata aytilganini tushunish qiyin emasdi.

Ko‘nglim g‘ashlandi...

Ertasi kuni tibbiy tekshiruvdan o‘tish maqsadida maxsus dispanserga borishimga to‘g‘ri keldi.

Mehnat muhojirlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ishga yaroqli yoki yaroqsiz ekanligi haqida ma‘lumotnoma beradigan bu tibbiyot markazi o‘zbekistonlik va tojikistonlik muhojirlar bilan liq to‘la edi.

Hamma o‘z ishini tezroq bitirish maqsadida bir-biridan oshirib, o‘rtaga o‘zimizdan chiqqan chalamuttahamlarni qo‘yib, do‘xtirlarga pora uzatib yotibdi.

Baqir-chaqir, to‘s-to‘polon. Loaqal shu mardikorlar ustidan cho‘ntak qappaytirayotgan do‘xtirlar ham ularga odam qatorida muomala qilishni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Ta‘bim tirriq bo‘ldi...

Vatanda pora, xorijda pora!..

Image copyright Reuters
Image caption Qurilishlarda ish qolmadi...

Turli idoralar eshigida sarg‘ayib, unga-bunga pora berib, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib olishimiz uchun 20 - 25 ming rubl miqdorida pul sarflashimizga to‘g‘ri keldi. Endi ishlash kerak...

Ish esa boshidanoq yurishmadi. Ish qidirib kirmagan ko‘chasi qolmadi sho‘rlik mardikorning.

Rostov shahri " Temernik" bozori yaqinida joylashgan mardikorbozorda har kuni yuzlab ishsiz o‘zbek, tojik yigitlari ivirsishadi.

Ish so‘rab tanish-bilishlar bir-birlariga sim qoqishadi, eng og‘ir, qora ishlarga arzimagan ish haqi evaziga rozi bo‘lishadi. Ish topganlar pulini o‘z vaqtida ololmay sarson bo‘ladi.

Oziq-ovqat, turar-joy, kommunal xizmatlar narxi oshgani holda, mardikorning maoshi aksincha pastlab ketdi.

Qurilishda ishlayotganlarning aksariyati og‘ir mehnat qilayotganiga qaramay, topgan puli oyiga 25 ming rubldan oshmaydi.

Hamma dalaga!

Qurilishlarda ish haqini vaqtida ololmay sarson bo‘lganidan xalq o‘zini dala ishlariga urdi.

Bugun Rostov, Volgograd, Krasnodar viloyatlarining qay burchagiga bormang, dalalarda o‘zimizning o‘zbek, tojik erkak-ayollari dehqonchilik qilishyapti.

Xo‘jayinlar ekinzorlarida mehnat qilayotgan o‘rta osiyolik ayollar jazirama issiqda kun bo‘yi dam olmay ishlashayotgani, kechqurun oyoqlarini bazo‘r sudrab uyga qaytishayotganini aytib nolishadi.

Bir xonali kvartiralarda olti-etti ayol birga yashashayotgani sababli kechasi ham tuzukroq hordiq chiqara olishmaydi.

Erta bahordan ekin-tikin, o‘toq-chopiq ishlari uchun kuniga 600 rubl haq belgilangan edi. Bu degani bir oyda 18000 rubl. Bundan oyiga 2000 rubl turarjoy haqi, 3-4 ming rubl oziq- ovqat, qariyb 2000 rubl patent, transport va boshqa mayda-chuyda to‘lovlarni chegirib tashlasangiz...

Qolgani qo‘lga yuq ham bo‘lmaydi.

Ayrimlar majbur o‘g‘rilikka qo‘l urishyapti. Olcha, gilos va boshqa terayotgan mahsulotlaridan qo‘yin-qo‘njilariga to‘ldirib olib chiqishyapti, ko‘pqavatli uylar qarshisida tentirab, o‘ris bekalarga pullashga, shu bilan jilla qursa kundalik xarajatlarini qoplashga urinishyapti...

Rostov viloyati Semikarakorsk nohiyasida mehnat qilayotgan do‘stim Yo‘lchiboy qo‘ng‘iroq qildi.

Vatanda universitetida birga o‘qigandik. Oliy ma‘lumotli o‘qituvchi dalada kartoshka-piyoz qoplayotgan ekan. " Polyada ishlayapmiz, shu yerda dala shiyponlarida yashayapmiz. Hozirgacha o‘toq, chopiq ishlarini qildik. Havo issiq, bir amallab kunni kech qilsak, 650 rubldan haq yozishayotgan edi. Endi kartoshka -piyoz qoplayapmiz, ish haqi ishga qarab, bir tonna kartoshkani qoplab mashinaga ortib bersak, 80 rubl to‘lashadi. Kecha bir necha tonna qopladik, qattiq ishlabmiz, bugun oyog‘im shishib ketdi, ishga chiqolmadim", deydi do‘stim.

Agar xomaki hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, 800 rubl topish uchun mehnat muhojiri 10 tonna kartoshka qoplashiga to‘g‘ri keladi. Bu 800 rubldan o‘rta hisobda 300 rublini kundalik xarajatlar uchun ajratilsa, kuniga 500 rubl, dam olmay ishlasa, bir oyga 15000 rubl topayotgan bo‘ladi. Bugungi kunda rus rublining qadrsizlangani, mehnat muhojiri uyiga jo‘natayotgan mablag‘ini banklar o‘zlari o‘rnatgan kurs bo‘yicha almashtirib, o‘z ulushini shilib qolayotganini nazarda tutsak, mardikorning oilasi qo‘liga tekkan pul bir oy davomida ro‘zg‘or tebratishga zo‘rg‘a yetadi. Uy-joy , to‘y-ma‘raka qilish haqida gapirmasayam bo‘laveradi.

Albatta Rossiyaning turli shaharlarida, turli sohalarda mehnat muhojirlari ish haqi bir-biridan farq qiladi. Ammo umuman olganda hamma yerda ham to‘lanayotgan haq qilinayotgan og‘ir mehnatga yarasha emas.

Yana devor yoki "maymunlarga" nafrat...

Image copyright BBC World Service
Image caption Taqirboshlar

Endi yuqoridagi jinko‘cha devoriga bitilgan yozuvga qaytsak, bu mehnat muhojirlariga bo‘lgan nafratdan ham ko‘ra ko‘proq ularni mensimaslikdan, qul o‘rnida ko‘rishdan kelib chiqayotgan bir holat. Bunday ta‘nalar, masxaraomuz gaplarni har qadamda, hatto eng ziyoli kishilar og‘zidan ham eshitish mumkin.

Albatta qurilishdan tortib, to ekin-tikin va boshqa qora ishlargacha o‘z zimmasiga olgan, ularga barcha mahsulotlarni ekib yetishtirib berayotgan halol mehnatkashlarni maymunlarga qiyoslayotgan odamlardan biz muruvvat kutmaymiz. Eshakning mehnati halol, o‘zi harom. Shundog‘am og‘ir mehnat, arzimagan ish haqi, ish haqini to‘lash asnosidagi firibgarliklar, kundan-kunga oshib borayotgan xarajatlar, hujjatlarni rasmiylashtirishdagi boshboshdoqlik, poraxo‘rliklar o‘z-o‘zidan mehnat muhojirlarini yurtlariga daf bo‘lishga majbur qilyapti.

Ammo vatanda ish bormi?

Vatanda ro‘zg‘or tebratish osonmi?

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq