Muhojirning hayiti

Bugun Ramazon hayiti...

Rostov shahri va yaqin mintaqalardagi mehnat muhojirlari bugun erta tongdan shahardagi masjidga yo‘l olishdi.

Bir necha yillardan beri Ramazon yoz oylariga to‘g‘ri kelgani uchun ham, aksariyat Hayitlarni hijratda nishonlashga majbur bo‘lishmoqda.

Shunday bo‘lsa ham, bu kun - xursandchilik qiladigan kun.

Bu kun- mardikorlik jandasini ozgina fursatga bo‘lsa-da, bayramona liboslarga almashtiriladigan kun.

Bu kun- har bir muhojir mardikor bilib-bilmay o‘zlarining buxoriylar, termiziylar avlodlari ekanliklari bilan faxrlanadigan kun.

Ertalab Moskva vaqti bilan soat 8:00 da o‘qilishi kutilayotgan hayit namozini ado etish uchun shoshilayotgan bu insonlar orasida bir oy davomida ro‘zador holatida g‘isht terganlari, ro‘zador holatida tuproq qazib, loy qorganlari, suvoqchilik, jazirama issiqda dalalarda qora terga botib dehqonchilik qilganlari, qo‘llari qo‘llariga tegmay mehnat qilsalar-da, Ollohga qulchilik qilishni-da unutmaganlari bor.

Saharlik, iftorlikka har doim issiq ovqat qilib yeyishga fursatlari bo‘lmasa ham, uzzukkun chanqoqlik, ochlik, og‘ir mehnat mashaqqatlariga bardosh berib, ro‘za tutishni tark etmagan chin muslimlar bor ular orasida.

Masjid hovlisiga jamlangan musulmonlar namozdan avval masjid imomi Nail ibn Ja‘far ning amri-ma‘ruf, nasihatlarini tinglashdi.

Ma‘ruza asosan islom dinining tenglik dini ekanligi, Olloh nazdida bandasining qadri uning millati, irqi, boy-kambag‘alligi, shoh yoki gadoligi bilan o‘lchanmasligi, musulmon faqat o‘zining taqvosi bilangina mukarram bo‘lishligi xususida bordi. Qur‘oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz (s. a. v) hadislaridan dalillar keltirildi. Soat millari sakkizni ko‘rsatgan vaqtda Yaratganga hamd va takbirlar aytilib hayit namozi ado etildi.

Namozdan keyin bozor rastalarni aylanib, shirinliklar, sovg‘a-salomlar xarid qilishdi.

Hamyutlarimiz ochgan, halol taomlar pishirib sotadigan oshxonalar gavjum bo‘ldi.

Do‘st-yorlar bir-birlarini hayit bayrami bilan qutlashdi, milliy taomlar bilan mehmon qilishdi.

"Uyni rosa sog‘ingan edim, bir vatanga borib kelganday bo‘ldim", deydi muhojirlardan biri.

Ham hayit va ham dam olish kunida ro‘zg‘or tashvishi, tirikchilik mashaqqatlarini unutishdi.

Ertaga esa yana qurilishlar,dala-tuz, omborxonalar va ko‘cha-kuylarni tozalash ishlari boshlanadi.

Ammo bugun Hayit!..

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq