Venesuelalik ayollar ovqat istab Kolumbiyaga kirishdi

Image copyright GETTY IMAGES

Venesuelalik 500 nafar ayol Kolumbiyada oziq-ovqat topish ilinjida qo‘shni davlatning chegarasini kesib o‘tishgan.

Ayollarning aytishlaricha, ularning oilalari Venesuelada oziq-ovqat va zarur ehtiyoj mollarining keskin taqchilligidan jabr chekishmoqda.

Bu hodisa Venesuela g‘arbidagi Kolumbiya bilan chegaradosh Tachira shtatida yuz bergan.

Ayollar o‘zaro birlashishni WhatsApp mobil ilovasi orqali kelishib olganlar. Ularning hammasi oq kiyimlarni kiyib Venesuelaning Urena shahrini Kolumbiyaning Kukuta shahri bilan bog‘lovchi ko‘prigiga to‘planishgan.

So‘ngra ayollar birgalikda chegarani yorib o‘tganlar, bir necha soatdan so‘ng esa Venesuela madhiyasini baralla kuylagan holda ortga qaytganlar.

Ular Kolumbiyadan guruch, shakar, un, o‘simlik yog‘i va boshqa ehtiyoj mollarini olib kelishgan.

Image copyright Reuters

Venesuelada hozir og‘ir iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda. Unga qisman neft narxlarining tushib ketishi sabab bo‘lgan.

Mamlakat oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar va boshqa mahsulotlar importiga tayanib qolgan.

Venesuelada deyarli 70% kichik do‘konlar yopilishi bilan mahsulotlar taqchilligi yuzaga kelgan, 15 ming odam esa ishsiz qolgan.

Defitsit mahsulotlar paydo bo‘lgan taqdirda do‘konlar oldida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelmoqda, ba‘zi hollarda esa talon-tarojlik hollari kelib chiqyapti.

Muxolifat inqirozni keltirib chiqarishda Prezident Nikolas Maduro va undan oldingi rahbar Ugo Chavesning iqtisodiy siyosatini ayblashadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring