Issiqko‘ldagi O‘zbekiston oromgohlari yangi egasini topdi

Image copyright Aiperi Tashybekova

Qirg‘iziston O‘zbekiston korxonalariga tegishli bo‘lgan Issiqko‘l sohilidagi uch dam olish pansionatining nomlari o‘zgartirilganini e‘lon qildilar.

Qirg‘iziston Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasidan bildirishlaricha, "Rohat" oromgohining nomi "Altin jay", "Dilorom" oromgohi "Ene-Say", "Oltin qumlar"(Zolotiye peski) hordiq maskanining nomi "Bosteri" deb o‘zgartirilgan.

Faqat "Bo‘ston" oromgohi bundan keyin ham shu nomi bilan qolishi xabar qilingan.

"Rohat", "Dilorom" va "Oltin qumlar" Issiqko‘lning shimoliy sohilida, "Bo‘ston" oromgohi janubida sohilida joylashgan.

Bu oromgohlar Sho‘rolar zamonida O‘zbekistonning moliyaviy baquvvat korxonalari tomonidan barpo etilgan edi.

"Oltin qumlar" 10 ming kishini ish bilan ta‘minlagan Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi TAPOICh tomonidan 1960 yilda ishga tushirilgan, zavod ishchilari va o‘zbekistonliklar yaqin-yaqingacha ham yozning jazirama kunlarida Issiqko‘lning qoq belidagi eng bahavo maskanda hordiq chiqardilar.

O‘zbekiston mustaqilligidan keyin "Oltin qumlar" "O‘zbekiston Temir yo‘llari" tasarrufiga o‘tgan.

"Rohat" O‘zbekiston Milliy banki, "Dilorom" "Asaka" banki, "Bo‘ston" Sanoat qurilish banki ixtiyorida bo‘lgan.

Shu yil aprelida Qirg‘iziston hukumati 4 pansionatning to‘lanmagan soliq va qarzlari ko‘payib ketgani sababli o‘zbekistonlik shirkat va banklardan tortib olishga qaror qilgani haqida xabar tarqatgan edi.

Tahlilchilar esa ikki mamlakat mustaqilligidan keyin O‘zbekistonga ijaraga berilgan oromgohlarning qarzdorligi masalasi bugunga kelib ko‘tarilgani sababini O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara bahslariga bog‘laganlar.

Biroq O‘zbekiston matbuotiga ko‘ra, O‘zbekiston pansionatlari Qirg‘iziston g‘aznasiga 11 yarim million Qirg‘iziston somi miqdorida soliq to‘laganlar.

Jumladan, "Oltin qumlar" 2015 yili 4,56 million som, "Bo‘ston" qariyb 330 ming som soliq to‘lagan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq