Oliver Kan: "Akram aka o‘limidan chuqur qayg‘udaman"

Image copyright Andreas RentzBongartsGetty Images

Jahonning afsonaviy darvozaboni o‘zi va olmon milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun 2006 yilgi jahon chempionati chog‘ida Olmoniyaga velosipedda borgan marg‘ilonlik ashaddiy futbol ishqibozi marhum Akram aka Ma’rufjonovni ana shunday so‘zlar bilan xotirladi.

"U kishi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun o‘z jonini ham ayamaydigan, hech bir mashaqqatdan qo‘rqmaydigan inson edi", - dedi Olmoniya milliy terma jamoasi va "Bavariya" klubi sobiq darvozaboni Oliver Kan BBC O‘zbek Xizmatiga.

"2008 yilda meni shaxsan qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilgan shuncha g‘ayratlari uchun Akramjon akaga hurmatim nihoyatda baland. U kishining menga ko‘rsatgan dastaklari esa, birgina sovg‘a qilgan o‘zbekcha choponlari bilan cheklanmaydi", - deydi Oliver Kan.

Jahon, Ovro‘poning to‘rt karra va o‘tgan chorak asrning eng zo‘r darvozaboni Akramjon akaning oilasiga o‘zining samimiy hamdardligini izhor etish barobarida ularga eng ezgu tilaklarini tilab qolishini ham aytadi.

Joriy paytda Oliver Kan yetakchi olmon televizion kanallarining birida boshlovchilik qiladi, Bundesliga va Olmoniya milliy terma jamoasining uchrashuvlarini sharhlaydi.

O‘tgan yil noyabr oyida kutilmaganda 65 yoshida hayotdan ko‘z yumgan Akram aka esa, Olmoniya milliy terma jamoasi va eng yetakchi olmon klubidan bittasi bo‘lgan "Bavariya"ning o‘zbekistonlik ashaddiy ishqibozlaridan biri edi.

Image copyright AFP

U kishi 2006 yilgi jahon chempionatida sevimli milliy terma jamoasini stadionning o‘zidan turib qo‘llab-quvvatlash uchun Olmoniyaga velosipedda borgan va katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Oradan ikki yil o‘tib esa, Akram aka Ma’rufjonov o‘z oilasi bilan birga aynan Olmoniya milliy terma jamoasi va Myunxenning "Bavariya"si sobiq darvozaboni Oliver Kanning xayrlashuv kechasida ishtirok etadi.

Ular ikkovlon bo‘lib, afsonaviy olmon darvozaboniga o‘z qo‘llari bilan buxoracha zarbof to‘n va do‘ppi kiydirishadi.

Marg‘ilonga esa, o‘zlari va qolgan oila a’zolari kabi "Bavariya" klubining ashaddiy ishqibozi bo‘lgan to‘ng‘ich nabiralari Abdumajid uchun shaxsan Oliver Kanning dastxati bitilgan sport libosini esdalik o‘laroq olib qaytishadi.

"Sovg‘a-salom, futbolka,..hammasiga Oliver Kanning o‘zi dastxat bitgandi. Qolgan uchta o‘g‘il nabiramga ham Oliver Kandan kepkalar, hadyalar olib qaytganmiz o‘shanda...Hammasi endi...tasavvur qilish qiyin...judayam xursand bo‘lib, yig‘lab, quvonch ko‘z yoshlari bilan bu sovg‘alarni qabul qilishgandi. Judayam kutilmagan ish bo‘lgandi-da, endi. Bobolari endi judayam nima qilib, bu hadyalarni orzu-havas bilan olib kelgandilar", - deydi marhum Akramjon akaning ayoli Munavvar opa BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Oliver Kan sovg‘a qilgan futbolka biznikida, hozir ham saqlashayapti yaxshi niyat bilan, o‘zlarida turibdi", - deydi u kishi.

Myunxendagi xayrlashuv kechasini yodga olarkan, Munavvar opa turmush o‘rtoqlari Akram aka bilan birga O‘zbekistondan olib borgan hadyalari ham Oliver Kanga juda yoqqanini aytadi.

"O‘shanda bizni Olmoniya televizion kanallari tasvirlarga olishdi, hamma jurnal-gazetalariga chiqarishdi, intervyular olishdi...Endi, biz ham Buxoroda zarchopon tiktirib, orqasiga Oliver Kan, deb yozdirib olib borgandik. Keyin, o‘zbeklarning udumi, deb qinli pichoq, atlas belbog‘, yaktak, do‘ppilarni kiydirdik. Endi-ii, uning xursand bo‘lganini qo‘yaverasiz. Ayniqsa, zarchoponni kiyganida butun jamoasiga shunchalik xursand bo‘lib gapirayaptiki, endi, qo‘yaverasiz", - deydi u kishi.

"Men avval Oliver Kanni Akramjon aka olib kelganlarida, birga tushgan rasmlarida ko‘ruvdim. U yerga borgach esa, bizni olmon telekanallaridan biriga taklif qilishdi. Bir 15 daqiqacha kutasizlar, hozir Oliver Kan keladi deyishdi va bizni bir xonaga olib kirib qo‘yishdi. Keyin biz u xonada o‘tirsak, uzoqdan haligi rasmda ko‘rgan kishim kelayapti. Bo‘ylari uzu-uun ekan. Keyin nemischada bizlarni unga tanishtirishdi. Bunday kulib turuvdi, oldin Akramjon akam bilan ko‘rishdi, keyin men bilan. Bag‘rimizga bosamiz, deb gavdasining ostida qolib ketdik, ikkalamizning ham bo‘yimiz pastligidan. O‘ng tomonida bittamiz, chap tomonida bittamiz...".

Ashaddiy futbol ishqibozi

Akramjon aka Olmoniyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionati ortidan Janubiy Afrika mezbonlik qilgan 2010 yildagisiga ham bormoqchi bo‘ladi.

Ammo u kishining o‘sha paytda BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbati tafsilotlaridan ma’lum bo‘lishicha, qonlarida shakar miqdori biroz baland bo‘lgani uchun tibbiy tekshiruvdan o‘ta olmaydi.

Oradan to‘rt yil o‘tib esa, asosiy homiysi bilan bog‘liq muammolar sabab, Akramjon akaning velosipedda Braziliyadagi jahon chempionatiga borish orzusi ham amalga oshmay qoladi.

Asl kasbi duradgor bo‘lgan futbolsevar suhbatdoshimiz o‘shanda biz bilan suhbatida yana o‘z velosipedida Braziliyaga borib, Pele va Krishtianu Ronaldu bilan ko‘rishmoqchi, o‘zi ishqibozlik qiluvchi Olmoniya milliy terma jamoasining jahon chempioni bo‘lishini ko‘rish niyatida ekanini aytgandi.

Image copyright uff.com

U kishi bora olmagan Braziliyadagi so‘nggi jahon chempionatida esa, aynan Olmoniya milliy terma jamoasi jahon chempioni bo‘lgandi.

Ammo Akram aka so‘nggi birinchilik ortidan 2018 yil Rossiyada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan navbatdagi jahon chempionatiga nima qilib bo‘lmasin borish rejasida ekanini bildirgan, "Boraman, menga homiy kerak emas. Pul, mablag‘ ham kerak emas. Lekin men Allohga tavakkal qilaman. Alloh hamisha yo‘limni ochiq qiladi", - deb aytgan.

Agar, o‘sha yilgi jahon chempionatiga Olmoniya qatori O‘zbekiston ham chiqib qolsa, albatta, o‘z milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilishini qo‘shimcha qilishni ham unutmagandi.

"Baribir, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga muxlislik qilaman. Nimagaki, Amir Timur avlodlarining nimaga qodirliklarini bir dunyo ko‘rsin", - degandi Akram aka.

"O‘zlari o‘z oyoqlari bilan kirib kelganlar federatsiyaga. Birinchi so‘ragan narsam, "Akramjon aka, velosipedingizni bitta ko‘ray", degan iltimos bo‘lgan", - deydi o‘tgan 10 yilcha vaqt davomida u kishi bilan ko‘rishib, suhbatlashib, rejalari bilan tanishib yurgan O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayev.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Shu ko‘rsangiz, oddiy bir velosiped. Hech bir qo‘shimcha bir motor yoki qo‘shimcha bir kuchli narsalari yo‘q. Oddiy bir velosiped. Agar, vazni og‘irroq bir odam ustiga chiqib o‘tirsa, balkim, sinib ham ketar. Unaqa bir xorijniki emas...", - deydi suhbatdoshimiz.

"Akramjon aka o‘sha nabiralari orqali futbolga yanayam mehr qo‘ydilar. Aynan nabiralari uchun Olmoniyaga borib keldilar desam ham xato qilmagan bo‘laman. Ham o‘zlari ham sargo‘zashtni yaxshi ko‘radigan odam edilar. Chunki futboldan tashqarida, shunchaki Toshkentga keladigan bo‘lsalar, vodiy orqali velosipedda kelardilar. Shu yoshda...hatto, yozning issiq kunlariga qaramasdan".

Image copyright twitter
Image caption Санжар Ризаев - Ўзбекистон Футбол Федерацияси матбуот котиби

Sanjar so‘zlarida davom etarkan, mana, hozirgi kunda futbol ishqibozlari orasida fanatizm ancha kuchayib ketgan. Akramjon aka esa, bunaqa fanatizmdan uzoqroq yurardilar, deydi.

"Haqiqiy, bir xolis ishqiboz, judayam hamma orzu qiladigan, hamma havas qiladigan ishqiboz edilar".

"Bunchalik kuch, bunchalik g‘ayrat, futbolga bunchalik mehr...bilmadim, hech kimdan yordam so‘ramasdan-da...Mana, qarang, Olmoniyaga borganlarida ham, uyog‘da ancha-muncha qiyinchiliklarga duch kelganlar. Yo‘lda ularning velosipedlarini o‘g‘irlab qo‘ygan holatlar ham bo‘lgan. Menimcha, judayam irodali inson bo‘lganlar. O‘sha maqsad sari intiluvchanlik hissiyoti kuchli bo‘lgan bo‘lsa kerak".

"Yana bir narsaki, nafaqat biz katta bir futbol ishqibozidan, balki, ta’kidlash kerakki, menimcha, butun dunyoga o‘rnak bo‘la oladigan haqiqiy sarguzashtchi insondan ham ayrilib qoldik, deb o‘ylayman", - deydi suhbatimiz yakunida O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayev.

Image copyright EPA

Rafiqalari Munavvar opaning eng so‘nggida aytishicha, Akram aka Olmoniyaga minib borgan, Olmoniya milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilish uchun Janubiy Afrika, Braziliya va Rossiyadagi jahon chempionatlariga bormoqchi bo‘lgan velosipedlarini yaxshi niyatlar bilan o‘sha to‘ng‘ich nabiralari Abdumajid Abdumajidzoda asrab qo‘ygan.

"Nabiralari ham bobosidan izidan borib, u kishining o‘rinlari, nomlarini yo‘qotmaslik, ruhlarini shod qilish uchun yaxshi niyat bilan harakat qilayapti", - deydi Munavvar opa.

Akramjon aka butun oilasi bilan birga ishqibozlik qilgan Olmoniya milliy terma jamoasi esa, to‘rtinchi bor Ovro‘po chempionligi uchun kurashini davom etdirib, 7 iyul kuni ikkinchi yarim final bellashuvida mezbon Fransiyaga qarshi maydonga tushadi.

Ikki raqib milliy terma jamoa o‘rtasidagi o‘yin britan vaqti bilan kech soat 20:00 da boshlanadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring