"Legal"lik va yo "nelegal"lik orasida sarson yurganlar

Image copyright AFP
Image caption Muhojirlarga hujjat beradigan markazlar doim gavjum bo‘lishi aytiladi

"O‘rtoq grajdanin, hujjatlaringizni ko‘rib qo‘yaylik"

Rossiyada noqonuniy, ya‘ni ishlash huquqiga ega bo‘lmagan holda faoliyat yuritayotgan muhojirlar muammosi har doim dolzarb bo‘lib kelgan.

2014 yilda Rossiya migratsion qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, 2015 yilning yanvar oyidan boshlab mamlakat sarhadlarini bosib o‘tgan mehnat muhojiri bir oy davomida barcha kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishga ulgurishi kerak.

Yana shu qonun asosida mehnat muhojirlari tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari hamda rus tili, Rossiya tarixi, davlat va huquq asoslari bo‘yicha imtihon topshirishlari kerakligi belgilab berildi.

Har doimgidek talablar qo‘yildi, ammo shu talablarga yarasha shart-sharoit va qulayliklar yaratilmadi. Muhojirlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, imtihonlarni ortiqcha sarf-xarajat va boshog‘riqlarsiz topshirib olishlarini nazorat qilish ishlari poytaxt Moskvada ancha tartibga solingan bo‘lsa-da, viloyatlarda pala-partish, qo‘l uchida amalga oshirilayotir.

"Nelegallik"ni keltirib chiqarayotgan asosiy sabab nima?

"Bedananing uyi yo‘q... mi"
Image caption Muhojirning "boshpanasi"

Mahalliy aholi chet el fuqorosiga o‘z uyini ijaraga berishga rozi bo‘lsa-da, uni o‘sha uyga ro‘yxatdan o‘tkazishni istamayotgani muhojirlarni qiyin ahvolga solib qo‘yadi.

Natijada ishga uddaburon "posrednik"lar aralashishadi. Ular 4-5 ming rubl evaziga muhojirlarni bor - yo‘qligi noma‘lum bo‘lgan manzillarga "propiska" qilishadi. Ayni manzilga bir vaqtning o‘zida o‘nlarcha kishining ro‘yxatdan o‘tganligi kelgusida yangi muammolarni keltirib chiqaradi.

"Propiskamni bir muttaham "leviy" qilib bergan ekan, o‘zim bilmasdim, politsiyachi olib borgandi, o‘sha adresda omborxonalar bor ekan", deydi 5 yil muddatga Rossiyadan chiqarib yuborilayotgan Maqsud ismli yigit.

"Ha, og‘ayni, do‘xtirdan o‘tkazib qo‘yaymi?"

Mehnat muhojirlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlarida ham noqisliklar mavjud. Viloyatlarda muhojirlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan muassasalar mavjud emas.

Shunday ekan, muhojirlar turli xil do‘xtirxonalar eshigida soatlab navbat kutishlariga to‘g‘ri keladi. Bu jarayon kunlab davom etishi mumkin. Muhojirlar vaqt tig‘izligi sababli, "yo‘lini qilib", eshiklarga o‘zlarini navbatsiz olib kiradigan "shovvoz"larga murojaat qilishga majbur bo‘ladilar.

"Familiyangni ro‘yxat boshiga yozdiraman, darrov chaqirishadi, kirib chiqaverasan, ungacha men boshqa do‘xtirxonaga ham telefon qilib, senga navbat olib turaman, hammasidan bugun o‘tkazib qo‘yaman-da", deb astoydil va‘da berishadi deydi suhbatdoshlardan biri.

"Har tilni biluv emdi bani odama jondur..."
Image caption Moskvadagi Ko‘ptarmoqli migratsiya markazi

Navbatdagi muammo mehnat muhojirini rus tilini bilishi, Rossiya tarixi, davlat va huquq asoslaridan xabardor ekanligini tasdiqlovchi sertifikatni qo‘lga kiritishdir. Maxsus tuzilgan test savollari asosida olinadigan imtihondan o‘tishga mehnat muhojirlarining 99 foizi layoqatli emas.

"Tarixdan berilgan savolni bilmadim, o‘ris oshnamga sms yozib, yordam ber desam, "chyort, ok, gugldan so‘ra" , degan javob keldi. O‘rislarni o‘zi bilmasa, biz bilamizmi? Bor, tavakkal, deb belgilab tashladim, uyog‘i nima bo‘lsa", deydi Akmal ismli muhojir.

"Pul bo‘lsa changalda sho‘rva"

Aytilishicha, bugun imtihonga kirish uchun davlat xazinasiga 2 ming rubl to‘lansa, 3 mingdan besh ming rublgacha imtihonni qabul qilayotgan muallimlar cho‘ntagiga solib qo‘yish hollari ko‘p uchraydi. "Uyog‘idan xavotir olmasangiz bo‘laveradi. Sizga rus tilini ham, tarixni ham, huquq asoslarini ham zudlik bilan o‘rgatib qo‘yishadi..."

Ishning yana bir mashaqqatli bosqichi barcha kerakli hujjatlarni jamlaganingizdan keyin boshlanadi.

Chet el fuqorosiga Rossiya hududida mehnat qilish huquqini beradigan patentga ega bo‘lish uchun mahalliy FMS idorasiga ariza bilan murojaat qilinadi. Butun boshli Rostov viloyatida bittagina shunday idora mavjud bo‘lib, haftada besh kun, bir kunda esa, sakkiz soat faoliyat yuritadi.

FMS binosi joylashgan ko‘cha, ayniqsa, bahor oylarida muhojirlar sayilgohiga aylanadi. Ish soat 9:00 dan boshlansa-da, FMS binosiga kiriladigan torgina yo‘lakda tong yorishmasdanoq tanga tashlasang yerga tushmaydigan tiqilinch bo‘ladi.

O‘zbekistonlik O‘rmon aka degan muhojir bir haftadan beri hujjatlarini patentga topshira olmayotganini aytadi.

"Har kuni sahar kelib ro‘yxatga yozilamiz, navbatimiz kelguncha ish vaqti tugaydi. Bugungi ro‘yxatga qarab ertaga chaqirishmaydi, boshqatdan tuziladi. Bugun bomdoddan keyin kelgandim, 26-chi navbatga yozildim. Ish boshlangandan beri ikki soat o‘tdi, endi 4 kishini qabul qilishdi. Kassaga 5200 to‘laganlarni navbatsiz qabul qilishyapti. Shunga bizga navbat yetmayapti", deydi O‘rmon aka.

FMS xodimining aytishicha, bu 5200 rubl to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xazinasiga o‘tkaziladi.

"Shu mablag‘ni to‘laganlarni navbatsiz qabul qilishga biz vazifadormiz" deydi u.

Bu tadbirlarning bari uchun muhojirlarning ko‘pchiligida vaqt, eng muhimi mablag‘ yetishmaydi.

Xullas, ularning qarshisida ikki yo‘l turadi. Biri odamni qulog‘igacha qarzga botiradigan, asabini, vaqtini yeydigan mashaqqatli yo‘l. Ikkinchisi esa, oson, ammo noqonuniy...

Hujjatlarini rasmiylashtirishdan voz kechib, huquq-tartibot organlari ko‘zidan yashirinib yurganlar ana shu oson yo‘lni tanlaganlar, "bolta tushguncha kunda dam oladi" qabilida ish tutayotganlardir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq