NATO batalonlari Rossiya chegaralariga joylashtirilishi kutiladi

Image copyright AFP

Varshavada ba‘zi siyosatchilar tomonidan tarixiy deya ta‘riflanayotgan NATO sammiti ochilmoqda. Unda Rossiyani jilovlash maqsadida Boltiqbo‘yi va Polshaga harbiy qismlarni ilk bor joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

"Biz kollektiv mudofaa va xavfsizligimizni yanada zamonaviylashtirish yo‘lida yangi muhim qadamlarni qo‘yamiz. Bu qadamlar sirasiga Polsha, shuningdek, Estoniya, Latviya va Litvada harbiy hozir bo‘lish ishlari kiradi", - dedi sammit arafasida NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

"Bu hozirlik ko‘p-millatli bo‘ladi va alyansning bir a‘zosiga hujum uning barcha a‘zolariga hujum ekaniga yaqqol ishora bo‘ladi", - deya qo‘shimcha qildi Stoltenberg.

Kelgusi yildan boshlab Rossiya bilan chegaradosh to‘rtta mamlakatga bittadan batalon rotatsiya asosiyada joylashtiriladi. Ya‘ni ittifoqchi kuchlar hozirligi doimiy bo‘ladi, ammo uning tarkibi vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi.

To‘rtta sharqiy NATO davlatiga o‘z askarlarini yuborishga AQSh, Britaniya, Germaniya va Kanada allaqachon rozi bo‘lishgan.

Batalonlarning joylashuvi va askarlar soni sammit a‘zolari qarorni tasdiqlaganlaridan keyin e‘lon qilinishi kutiladi.

Taxmin qilinishicha, askarlarning soni 4 ming atrofida bo‘ladi; britanlar Estoniyada, amerikaliklar Polshada, kanadaliklar Latviyada, nemislar esa Litvada joylashadilar.

Estoniyada ittifoqchilar batalonini mamlakat shimolida allaqachon eston armiyasining harbiy shaharchasi mavjud bo‘lgan Tapa shahrida joylashtirish rejalangan.

Rossiyaning tajovuzkorona amallari

Polsha, Chexiya va Vengriya NATOga 1999 yilda qo‘shilganlar, Boltiqbo‘yi davlatlari esa 2004 yilda. Ammo, ittifoqchi kuchlar ularning hududlarida Ukraina janubi-sharqidagi mojaro va Qrimning Rossiya tomonidan qo‘shib olinishi ortidan joylashtirilmoqda.

Shu vaqtgacha NATO a‘zolari sharqiy ovro‘poliklarning Rossiya tahdidi borasidagi ogohlantirishlariga ishonqiramay qarab kelganlar.

To‘rtta batalonning joylashtirilishi ramziy qadamdir. Avvallari Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha agar Rossiya tajovuz qilsa, ular yakkalanib qolishlaridan qo‘rqqanlar. NATOning eski a‘zolari esa bunday holatda mojaroga aralashish yo aralashmaslik haqida uzoq o‘ylanib qolishlari ehtimolidan cho‘chigan.

Endi esa Rossiya tajovuz qilgan taqdirda NATOning g‘arbiy a‘zolari askarlari ham xavf ostida qoladilar. Ammo, NATOga ko‘ra, batalonlar joylashuvining asosiy maqsadi aksincha bu kabi mojarolar xavfini bartaraf qilish va Rossiyaga NATO o‘zining barcha a‘zolarini himoya qilishga bel bog‘laganini namoyish qilishdir.

Rossiya rasmiylari NATOning bu kabi qadamlariga javoban chora ko‘rishga "majbur" bo‘lishlarini bir necha bor ta‘kidlashgan.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu avvalroq NATOning Rossiya chegaralarida kuchlarini ko‘paytirishiga qarshi yil oxirigacha har biri 10 ming askarlik ikki yangi diviziya tuzilishini bildirgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring