"Suriyaga chiqish vizasi uchun pora olgan"

Margʻilon shahar sudi Fargʻona viloyat Ichki ishlar boshqarmasining xorijga chiqish boʻlimi sobiq boshligʻini pora evaziga chiqish vizasini qilib bergani uchun 6 yillik qamoq jazosiga mahkum etgan.

Bu haqda Rossiyaning "RIA Novosti" axborot agentligi Margʻilon shahar mahkamasi vakiliga tayanib xabar tarqatgan.

Fargʻona viloyat Ichki ishlar boshqarmasining xorijga chiqish boshqarmasi sobiq boshligʻi Odiljon Soliyev ustidan hukm qachon oʻqilganini maʼlum qilmaydi "RIA Novosti".

Mahkama hujjatlarida aytilishicha, sobiq viloyat OVIRining boshligʻi tuman pasport stollari rahbarlaridan tashkil topilgan korruptsion faoliyat "homiysi" boʻlgan.

Xususan, pora evaziga ayrim fuqarolarga chiqish vizasi qilib berilgan, fuqarolarning baʼzilari Suriyadagi jangari guruhlarga borib qoʻshilganlar.

Sobiq OVIR rahbari viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga har oyida 200 dollardan 2000 dollargacha pora olgan, deyiladi mahkama hujjatlarida.

"RIA Novosti" xabarida aytilishicha, Margʻilon shahrida tugʻilgan bir Oʻzbekiston fuqarosi Turkiyada turib hamyurtlarini Suriyadagi jangari guruhlar saflariga yollash bilan shugʻullangan.

Shu jumladan, u oʻz oilasining Fargʻona viloyatida istiqomat qiladigan 20 aʼzosiga pora evaziga xorijga chiqish vizasini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan.

Bu insonlar chindan ham Suriyaga borib jangari guruhlar safiga qoʻshilgan-qoʻshilmagani aniq aytilmaydi Rossiya axborot agentligi xabarida.

Shundan soʻng butun Fargʻona viloyatidagi pasport stollari va viloyat xorijga chiqish boshqarmasi xodimlari ustidan tergov boshlangan.

Margʻilon shahar mahkamasidagi "RIA Novosti" manbasining soʻzlariga koʻra, Qoʻqon va Margʻilon shaharlari pasport stollari va viloyat boshqarmasi xodimlarining pora evaziga chiqish vizasini rasmiylashtirishda ayblangan jinoyat ishlari prokuratura tomonidan tergovi yakunlanib sudga oshirilgan.

Chiqish vizasi SSSR zamonida joriy etilgan tartib boʻlib, Oʻzbekiston bu tartibni saqlab qolgan 15 respublika orasidagi yagona davlatdir.

Oʻzbekiston oʻz fuqarlarining xorijga chiqishlari uchun chiqish vizasi amaliyotidan voz kechmagani BMTga shikoyatlarga ham sabab boʻlgan.

  • Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-
  • ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq