Azimjon Asqarov ishi qayta ko‘rilmoqda

Bugun, 11 iyul ertalab 9 da Qirg‘iziston Oliy mahkamasi 2010 yil iyunida ommaviy tartibsizliklarni tashkil qilish va mahalliy militsiya zobitini o‘ldirishda ayblanib qamalgan huquq faoli Azimjon Asqarov ishini BMT inson haqlari qo‘mitasi tavsiyasiga binoan qayta ko‘rib chiqishni boshlagan.

Azimjon Asqarovning o‘zi mahkamaga olib kelinmagan. Hakam Esenkanov himoyaning Azimjon Asqarovni mahkama majlisiga chaqirish talabini rad qilib, "zaruriyat tug‘ilsa keltirilishi"ni bildirgan.

Himoyachi Nurbek Toxtaxunov hakamdan Oliy mahkamaning 2011 yil 20 dekabrda chiqargan qarorini bekor qilish va Asqarovni qamoqdan ozod qilib, jinoiy ishini to‘xtatishni so‘ragan.

2016 yil 21 aprelda BMT inson haqlari bo‘yicha qo‘mita Qirg‘iziston hukumatidan Azimjon Asqarov qamoqda noqonuniy ushlab turilganini aytib, unga nisbatan jinoiy ishni adolatli qayta ko‘rib chiqish talabnomasini yuborgan edi.

BMT qo‘mitasi Asqarovga nisbatan mahkamagacha va mahkamadan keyin qiynoqlar qo‘llanilgani, himoya tomoni guvohlari so‘roq qilinmagani holatlarini qayd etgan.

Inson haqlari qo‘mitasi Qirg‘iz hukumatidan Asqarovni avf qilish, tutqunlikdan ozod qilib, tovon puli to‘lashni talab qilgan. Qo‘mita Asqarov ishi Qirg‘iz hukumati bilan muhokama etilmasligi, uni zudlikda ozod qilish kerakligini ta‘kidlagan shuningdek.

Himoyaning qayd etishicha, BMT qo‘mitasi Asqarov ishida inson haqlari ko‘p marotaba buzilganini misol keltirib o‘tgan. Agar mahkumga nisbatan oqlov chiqarilmas ekan, unga nisbatan qiynoqlar davom etadi, ta‘kidlagan himoyachi To‘xtaxunov.

So‘zga chiqqan advokat Valeryan Vaxitov ham Asqarovni ozod qilishni so‘ragan.

Mahkamada qatnashgan jamoatchi himoyachi Tolekan Ismoilova Asqarov tergov paytida qiynoqlarga solingani to‘g‘risida misollar keltirgan.

Azimjon Asqarov 2010 yil 16 iyunda Qirg‘iziston janubidagi fojeaviy iyun voqealaridan keyin qamoqqa olingan.

Huquq faoli Asqarov ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirish va militsiya xodimi o‘limiga aloqadorlikda aybdor topilib, sentyabr oyida tuman mahkamasi tomonidan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. 2011 yil 20 dekabrda Qirg‘iziston Oliy mahkamasi hukmni kuchida qoldirgan.

Oradan o‘tgan olti yil davomida xalqaro inson haqlari tashkilotlari va mahalliy faollar Azimjon Asqarov nohaq qamalganini, aybini isbotlaydigan dalillar yo‘qligini aytib, Qirg‘iziston hukumatidan uni ozod etilishini talab qilib keladilar.

Azimjon Asqarovning o‘zi va turmush o‘rtog‘i ham bu borada bir necha bor xalqaro tashkilotlarga murojaat etgan.

Azimjon Asqarov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni hamisha inkor etgan.

AQSh hamda Ovro‘po Ittifoqi Azimjon Asqarovga chiqarilgan mahkama hukmidan o‘z noroziliklarini bildirganlar, Azimjon Asqarovning dastlabki hibs payti shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani mahkama tomonidan inkor etilgani qayta-qayta ta‘kidlangan.

AQSh Davlat departamenti 2015 yil iyulida Azimjon Asqarovni "Inson huquqlari himoyachisi" mukofoti bilan mukofotlagani Qirg‘iziston rasmiylarini g‘azablantirdi.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi taniqli o‘zbek inson haqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning AQSh Davlat departamenti mukofoti bilan taqdirlanganini qoralab bayonot e‘lon qildi.

Azimjon Asqarov mukofotlanganiga javoban Qirg‘iziston AQSh bilan 1993 yilda imzolangan hamkorlik bitimini bekor qildi.

Shu yilning 21 aprelida Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari qo‘mitasi ekspertlari 2010 yil yozidan buyon hibsda qolayotgan Azimjon Asqarovni ozod etishga chaqiriq bilan chiqdilar.

BMT qo‘mitasi Azimjon Asqarovning hibsga olinishi Qirg‘iziston qonunlariga zid bo‘lgani, izolyatorda inson chidab bo‘lmas sharoitda saqlangani, shafqatsiz qiynoqlarga tutilgani hamda o‘zini mahkamada himoya qilish imkoniyatlaridan mahrum etilganini urg‘ulagan.

Bu bilan Qirg‘iziston o‘zi a‘zosi bo‘lgan bir necha fuqaroviy va siyosiy huquqlar paktlarini poymol etgan, deyiladi BMT ekspertlari xulosasida.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq