Turkiyada ishlash izni olish osonmi?

Image caption Turkiyada qancha sondagi oʻzbekistonliklar mehnat qilishi haqida aniq maʼlumot yoʻq

"Onadoʻli" axborot agentligining yozishicha, 2016 yilning birinchi 6 oyida Turkiya Mehnat va Ijtimoiy xavfsizlik vazirligi 38, 000 xorijlikka mamlakatda ishlash iznini bergan. Xabarda qayd etilishicha, Turkiyada ishlash ruxsatini olganlardan 1,221 nafari oʻzbeklardir.

Agentlikning yozishicha, mazkur muddat ichida 45,375 kishining arizasi koʻrib chiqilgan va eng koʻp sonli ishlash ruxsati olganlar - Suriya (5,502), Gurjiston (3,793) va Ukraina (3,712) fuqarolari.

Keyin turkmanlar, qirgʻizlar, oʻzbeklar, Xitoy, Indoneziya va rossiyaliklar borligi tilga olinadi.

Turkiyada qolib, ishlash iznini koʻproq ayollar (19,900 nafar) qoʻlga kiritishgan.

Oʻzbekistonliklar ishlash uchun asosan Rossiya, Qozogʻiston va Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga boradilar. Ammo, soʻnggi yillar Turkiya shaharlarida tirikchilik ilinjida borgan oʻzbeklar soni ham ortgan.

Bugunda Turkiyada rizq terayotganlar soni borasida aniq maʼlumotlar yoʻq, ammo ularning soni minglab ekani aytiladi.

Shunga qaramay, maʼlum boʻlishicha, oʻtgan 6 oy ichida 1,644 oʻzbekistonlikning ish ruxsatnomasi soʻrab yozgan arizasi koʻrib chiqilgan.

Istanbulda yashovchi turk oilalaridan birida enagalik qilayotgan oʻzbekistonlik ayolga koʻra, koʻplar bunday hujjat olish mumkinligi haqida bilishmaydi ham.

"Bir necha yildan beri shu Istanbuldaman. "Birovnikida mehmondamiz", deb hujjat toʻgʻrilaymiz. Juda koʻplar shunday qilishadi", deydi u.

Image caption Koʻplab oʻzbekistonliklar turk oilalarida enaga yoki qariyalarga qarovchi boʻlib ishlashlari aytiladi
"Çalışma izni"

Yana bir oʻzbekistonlikning aytishicha, "çalışma izni", yaʼni "ishlash izni" koʻplab xorijliklar uchun katta imkoniyat deganidir.

"Bu hujjatni olish uchun Turkiya vatandoshi sizga ish berishi kerak. Ish beruvchi tegishli idoralarga hujjatlar joʻnatadi. Davlatga maʼlum bir miqdorda pul toʻlashadi bular. Bu ruxsatnoma bir yilga beriladi. Ruxsatnomani olganingizdan keyin, tibbiy xizmatlardan foydalanishingiz mumkin boʻladi. Bu yurt tashqarisidan kelgan insonlar uchun katta imkoniyatdir", deydi u.

Ammo, suhbatdoshimizga koʻra, hamma oʻzbekistonliklar ham bu imkoniyatdan foydalana olmaydilar.

"Yaʼni, ish beruvchini topish barcha uchun ham oson emas. Ular noqonuniy ishlashni maʼqul koʻrishadi. Qoʻlga tushib qolishsa, deportatsiya qilinadi. Lekin, mana shu "çalışma izni" degan narsa chiqarib yuborilganlarga ham qoʻl keladigan boʻldi. Ular noqonuniy yurganlari uchun belgilangan jarimani toʻlashsa va ish yoki ish beruvchi topishsa, "çalışma izni" soʻrab murojaat qilishlari mumkin boʻladi. Yaʼni, kerakli hujjatlar toʻgʻri boʻlganidan keyin yana Turkiyaga qaytib kelishlari mumkin. Aytilayotgan "çalışma izni" bir yilga beriladi va bu muddat davomida davlatga belgilangan toʻlovni toʻlab borish lozim boʻladi".

Ammo, uning aytishicha, "ayrim ish beruvchilar davlatga pul toʻlashdan qochishadi va oʻz qoʻllari ostida ishlovchilarga zaruriy hujjatlarni toʻgʻirlashmaydi".

"Ana shu nuqtada mehnat muhojirining huquqi buzilishi mumkin. Yoʻl-yoʻriqni bilmaganlar, oʻz haqqini talab qila olmagan holatlarga ham guvoh boʻlganman", deydi Turkiyada bir necha yildan beri yashab, ishlayotgan oʻzbekistonlik suhbatdoshimiz.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq