‘Krishtianu Ronalduga o'xshamaydi...’

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Jahon, Portugaliya va Ispaniya "Real"(Madrid) qirollik jamoasi yulduzining Madeyra orolida o'rnatilgan haykali ishqibozlarning xuddi ana shunday baholariga sabab bo'lmoqda.

Aksariyat ijtimoiy-muloqot tarmoqlari foydalanuvchilari nazdlarida, yangi haykal Krishtianu Ronaldudan ko'ra ko'proq Irlandiya milliy terma jamoasi sobiq sardori Nil Kuinnga o'xshaydi.

Nomi rasman Madeyra aeroportiga berilishi ortidan, oroldagilar yulduz futbolchiga haykal o'rnatishgani ham ma'lum bo'lgandi.

Marosim chorshanba kuni bo'lib o'tgan, unda ishtirok etish uchun uchib kelgan Krishtianu Ronalduni qarshi olish maqsadida Madeyraga shaxsan Portugaliya prezidenti va Bosh vaziri ham tashrif buyurishgandi.

Tafsilotlari videolavhamizda - nazardan qochirmang.

Prezident Marselo di Sozaning aytishicha, Ronaldu "Madeyra va Portugaliyani dunyoda hammadan ko'ra ko'proq namoyon etadi".

32 yoshli yulduz futbolchi Madeyrada mahalliy qahramon, uni bu erda ko'klarga ko'tarishadi.

Ona shahri Funshalda esa, Krishtianu Ronalduga atab bundan ancha avval muzey ham ochishgan.

Nomdor futbolchi endi nomi Madeyra aeroportiga berilganidan ham "mamnun ekani va bundan sharaf tuygani"ni yozib, tvit qilgan.

Ammo Krishtianu Ronaldu bu kabi sharafga noyil ko'rilgan birinchi futbolchi emas.

2006 yilda, ya'ni o'limidan yil o'tib, Belfast aeroportiga Angliyaning qizil iblislari yulduzi, asli Shimoliy irlandiyalik Jorj Bestning nomi ham berilgan.