O‘zbek terma jamoasi murabbiysi ishqibozlardan kechirim so‘radi

Image caption Vadim Abramov endi uchinchi o‘ringa umid qilmoqda

Futbol bo‘yicha Osiyo kubogi yarim finalida 6-0 hisobi bilan Avstraliyaga yutqazgan O‘zbekiston terma jamoasi murabbiysi Vadim Abramov o‘z jamoasi o‘yini uchun kechirim so‘ragan.

Jahon futbol jamoalari ro‘yxatida 108-o‘rinda turganiga qaramay janob Abramov o‘yindan avval Avstraliyani xavotirga solishga uringandi, biroq bu xavotirlar asossiz bo‘lib chiqdi.

O‘zbek o‘yinchilari Ovro‘podagi yetakchi jamoalarda to‘p suradigan o‘yinchilar bilan to‘la Avstraliya jamoasiga qarshi maydonga tushishdan sal esankiragandilar.

Lekin, shunga qaramay, janob Abramovning jamoasi yarim finalgacha o‘zini yaxshi ko‘rsatib, olqishlarga sazovor bo‘ldi, biroq nima uchun Avstraliya bilan bellashuvda sharmandali 6-0ga yutqazganlarini asoslab bera olmadi.

"Men maydonga kelgan odamlardan va O‘zbekistondagi ishqibozlarimizdan kechirim so‘rayman," - dedi murabbiy.

"Qanday o‘ynaganimizni tasvirlab ham berolmayman. Biz o‘yinga tayyor edik, lekin yomon o‘ynadik. Bu katta muammo, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik."

Kubok davomida Abramov o‘z jamoasi tarkibini bir necha bor o‘zgartirdi, kechagi Avstraliya o‘yini oldidan ham to‘rtta o‘yinchini almashtirdi. Biroq bu yordam bermadi.

"Hozirgacha Avstraliyani yenga olamiz va kubokni qo‘lga kiritamiz deb o‘ylagandim. Ikkinchi goldan keyin biz hujumga o‘tishni istadik, lekin darvozamiz oldida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik," - dedi u.

Murabbiy xatolarda ayrim futbolchilarni emas, balki butun jamoani aybladi.

Janob Abramov endi ruhi tushgan jamoani uchinchi o‘rin uchun bo‘lib o‘tadigan Janubiy Koreya jamoasiga qarshi o‘yindan avval rag‘batlantirishdek qiyin vazifaga yuz tutmoqda.