"Porto"ni tark etgan Villas-Boas "Chelsea"ga murabbiylik qilishi mumkin

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Carlo Ancelotti janob Abramovichning ishonchini oqlay olmadi

BBCga imkonli bo‘lgan ma‘lumotlardan ayon bo‘lishicha, portugaliyalik yana bir taniqli murabbiy Andre Villas-Boas tez orada Londonning "Chelsea"siga bosh murabbiy bo‘lib o‘tishi mumkin.

Portugaliyaning "Porto" klubi bosh murabbiysi bo‘lgan Villas-Boas kecha seshanba kuni o‘z vazifasini topshirdi.

Villas-Boas o‘z shartnomasini muddatidan ilgari buzayotgani uchun "Porto"ga 15 million yevro to‘lab qo‘yishi lozim bo‘ladi.

Chunki janob Villas-Boas "Porto" bilan shartnoma imzolayotgan paytda ushbu shartga ko‘ngan.

"Chelsea" rahbariyati ham portugaliyalik murabbiy bilan muzokaralar olib borayotganini rasman tasdiqladi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Other
Image caption "Chelsea" Villas-Boasga begona emas

"Porto" Villas-Boas murabbiyligi ostida so‘nggi football mavsumida ozmuncha yutuqlarga erishmadi.

Ovro‘po Ligasida g‘olib chiqdi, mamlakat chempioni bo‘ldi va Portugaliya Kubogini ham qo‘lga kiritdi.

Villas-Boasga rossiyalik milliarder Roman Abramovichning "Chelsea"si begona emas.

Portugaliyalik yana bir taniqli murabbiy Jose Mourinho moviylarga boshchilik qilgan qilgan paytda Villas-Boas uning yordamchisi bo‘lgan.

Jose Mourinho joriy paytda Madridning "Real"iga bosh murabbiylik qiladi.

U ham vaqti kelib yana Angliya premьerligasiga qaytish istagini ochiqchasiga izhor etib keladi.

"Chelsea"ning so‘nggi football mavsumidagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki italiyalik bosh murabbiysi Carlo Ancelottining ishdan chetlatilishiga sabab bo‘lgandi.

2009 yilda "Chelsea"ga Angliya Kubogini olib bergan gollandiyalik taniqli murabbiy Guus Hiddink ham janob Ancelottining o‘rniga ko‘z tikkani xabar berilgandi.

Turkiya Football Uyushmasi ham yaqinda janob Hiddinkning "Chelsea"ga qaytish istagi borligini ma‘lum qilgandi.

Joriy paytda Turkiya milliy terma jamoasiga murabbiylik qilayotgan janob Hiddinkning shartnomasi tugashiga yana bir yil qolgan.

Agar 33 yoshli Andre Villas-Boas "Chelsea"ga bosh murabbiy etib tayinlansa, u Angliya premerligasi tarixidagi eng yosh murabbiyga aylanadi.