Besh kun bekor, ikki kun dam

Evropalik o'zi o'zbek ingliznamoyu frantsuznamo bir olifta do'stim so'rab qoldi: O'zbekistonda yoz soz o'tyaptimi deb. Bu haqda o'ylamagan ekanman, ishsiz odam dam haqida o'ylamaydi, birinchidan. Ikkinchidan, ishsiz odam ishlagan odamdan ko'ra ko'p "ishlaydi"- asabiylashadi, mablag'i yo'q, vaqti xush o'tmaydi va xokazo. Qisqasi, besh kun bekor, ikki kun dam.

Ammo xususiy sektor vakillari yozning issiq kunlarida evropoliklardan qolishmaydigan darajada dam olishadi. Poytaxtliklar uchun keyingi 10 yil ichida Chorvoq tog'ida dam olish urfga kirib bo'ldi. Bu yilning yozida Chorvoq suv ombori joylashgan hududda viloyatliklarning ham kelishi kuzatilgan. Piramida deb ataladigan bu hudud, ayniqsa, vodiyliklarning sevimli maskaniga aylanib ulgurgan.

Chorvoq suv ombori yon atrofida joylashgan xususiy hovli joy egalari ijara narxlarini yaxshigina oshirishgan. Masalan, hovlisida basseyni ham bor ikki xonali uyning bir sutkalik ijara narxi 350 mingdan 400 ming so'm atrofida bo'lsa, tennis, bilyard zaliyu basseyni bor yaxshi jihozlangan hovlilarning bir sutkalik ijara narxi 7 milliondan- 8 milliongacha ko'tarilgan.

Ushbu narxlar tijoratchilar uchun cho't emas, xamir uchidan patir! Ayniqsa, yakshanba kechidan dushanba oqshomigacha Chorvoq dam olish maskanlarini "Otchopar" ulgurji savdo markazining tijoratchilari to'ldirib tashlaydi. "Otchopar"ga yaqin joylashgan "O'rikzor" ulgurji savdo markazi tijoratchilari bir yil mobaynida faqat yangi yil, ikki hayit, Navro'z va Mustaqillik bayrami kunigina dam olishar ekan, qiziq.

Byudjet sohasidagilar, masalan, o'qituvchilar yozgi ta'tilni faqat uylarida o'tkazishni ma'qul ko'rishadi, ko'p harajatni cho'ntak ko'tarmasligi tabiiy. O'qituvchilar yoz oyida dam olish haqida emas, ko'proq davolanish haqida o'ylashadi.

Jizzax viloyatining Baxmaldagi tog'li hudud dam olish maskanlariga Toshkentliklar kam borishadi. Asosan, Sirdaryoliklar, Jizzaxliklarning o'zi va Xorazmliklar bu go'zal hududga ko'p kelishadi. Chorvoq yoki Bildirsoydagiday Baxmalda servis narxlari baland emas ekan.

Buxoroliklar, asosan, Shahrisabzning Miraki dam olish maskaniga kelishar ekan. Shahrisabzliklarning aytishicha, yoz oylarida Buxoro raqamidagi mashinalar Kitob va Shahrisabz tumani yo'llarini to'ldirib tashlaydi.

O'zbekistonning qishloq ahli uchun dam olish maskanlariga borish g'alati, to'g'rirog'i, g'ayritabiiy bo'lib tuyulsa kerak. O'zbek dehqoni uchun eng yaxshi dam bu- mehnat!

Qishloqdagilar yoppasiga, odatda, yoz fasli boshlanishi bilan "havo almashtirib kelish uchun" Rossiyaga ketishadi. Rossiyaliklar esa odatda, yoppasiga Turkiya, Bolgariya, Malayziya, Tailand va boshqa erlarga dam olgani ketishadi. O'zbeklar ham Turkiya yoki Tailand, Xitoyga sayyoh maqomida borishmoqda, albatta. Lekin rossiyaliklarday yoppasiga emas, sababi moddiy ahvol bilan bog'liq. Ikkinchidan, chetga chiqish uchun pasportga ovirdan muhr uddirish masalasining tez kunda echilmasligi halaqit bersa kerak.

Rossiyaliklar bu yil Turkiyaga deyarli borishmadi. Sababini bilamiz. Aksincha, Qora dengizning Qrimdagi sohillarini zabt etishdi. O'zbeklar uchun Qrimga borish birmuncha qiyinlashdi. Avval Moskvaga uchush lozim bo'ladi, so'ngra Moskvadan Simferopolga. Qrim anneksiya bo'lmasdan oldin Toshkentdan to'g'ri uchilardi. 4 soat o'tib o'zingizni Qrimda ko'rardingiz. SSSR qulagandan keyin o'zbeklar Qrimga kam sonda borishadi, chunki Turkiyaning dengiz bo'ylari urfga kirib bo'ldi.

O'tkan yil va bu yil qishloqdagilarning Rossiyaga ommaviy ketishi birmuncha sekinlashdi. Havo almashtirishga borgan mardikorlar yoz mobaynida dam olish kunisiz va tongdan kech tushguncha qurilishlarda ishlashadi. Til bilmaydigan va sodda o'zbek mardikorlarining mehnatsevarligidan rossiyaliklar lol qolishgan, albatta.

Tushunish kerak, mardikorlar emay-ichmay va kam harajat etib ko'proq mablag' bilan uylariga qaytishni istashadi. Asosan, oktyabr yoki noyabr oyida vatanlariga qaytishadi. Qish faslini besh kun bekor ikki kun dam qabilida o'tkazishadi. Yoz fasli kelishini intizor bo'lib kutishadi, qishlashadi.

Qishloq xo'jaligi sanoatida islohot shabadalari esmaguncha shu zaylda davom etsa kerak. Yaxshisi, yaxshi niyat qilaylik! Eronu Hindistonga, bu yog'i Xitoyu Rossiyaga, kun kelib, o'zbek dehqoni tez yurar poezdga minib sayyoh maqomida borsa, ajab emas! Hozircha, qish faslida besh kun bekor, ikki kun dam.

(Suratlarda toshkentliklarning yoqtirgan dam olish maskani)

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio