Karimovning vafoti: javobsiz savollar

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

O'zbekistonni 27 yil boshqarib kelgan rahbar Islom Karimovning vafoti ba'zi narsalarga oydinlik kiritgandek bo'ldi.

Davlat miqyosida qaraladigan bo'lsa, Islom Karimovning o'limi O'zbekistonning mamlakatlar ichidagi mavqe'iga nazar tashlashga imkon berdi.

Dafn marosimida prezidentning oila a'zolari to'liq ishtirok etmagani noaniqlikni kuchaytirdi.

Davlat rahbarining dafn marosimiga boshqa mamlakat mulozimlarining kelishi qanchalik muhim?

Karimovning haytdan ketishi uning oilasi qudratini pasaytirdimi? O'zbekistonni yaqin kelajakda nimalar kutadi?

Ushbu savollarga Londondan tahlilchi Alisher Ilhomov javob berdi.

Alisher Ilhomov: Albatta sobiq ittifoq respublikalari va boshqa qator davlatlar o'zlarining ta'ziyalarini bildirdilar. Lekin faqat uch mamlakat prezidentlari Samarqandga kelishdi. Boshqa postsovet respublikalarini Bosh vazirlar taqdim etishdi. Bu bir tomondan prezidentning obro'yi haqida gapiradi. Boshqa holatlarda buni inkor qila olmasdan prezidentlarning o'zlari kelishlari mumkin edi. Ikkinchi tomondan, O'zbekistonning davlat sifatida qanchalik muhimligini ham ko'rsatadi. Misol uchun Tojikiston ichki va tashqi siyosati uchun bu juda muhim faktor hisoblanadi. Shuning uchun Rahmonnning shaxsan o'zi marosimda qatnashdi. Fikrimcha, u munosabatlarni yaxshilash yoki imkoni boricha manfaatli aloqalarni o'rnatish niyatida ekanini anglatadi. Oxirgi yillarda O'zbek-Tojik munosabatlaridagi taranglik juda yuqori darajada bo'lganini inobatga olgan holda Rahmon hamdardligini shaxsan bildirish uchun kelmaslikni o'ziga ep ko'rmagan bo'lar edi. Turkmaniston ham O'zbekiston bilan juda uzviy bog'langan. Ko'p masalalarda hisoblashishga to'g'ri keladi, xususan o'zining gaz quvurlarini Xitoyga etkazish, ularning xavfsizligi bo'yicha. Shuning uchun bu mamlakatlar inkor qila olmasdilar, boshqalar esa ikkinchi darajali mulozimlarini yuborishni ma'qul ko'rganlari ham shundan. Misol uchun Qozog'iston uchun O'zbekistondan ko'ra Rossiya bilan munosabatlar muhimroq albatta.

Xudo ko'rsatmasin, misol uchun Putin vafot etib qolsa, Nazarboev o'zi qatnashayotgan yoki rejalashtirayotgan hamma ishlarini tashlab hamdardlik bildirish uchun shaxsan o'zi kelgan bo'lar edi. Bu holatda esa u o'zining bosh vazirini yuborib, O'zbekiston davlat sifatida va Islom Karimov Nazarboev va Qozog'iston uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini bildirdi. Qozog'iston uchun Rossiya, Xitoy ko'proq muhim hisoblanadi. O'zbekiston ham muhim, lekin eng muhimlar qatorida turmaydi. Balki buni O'zbekiston Rossiya ilgari surgan har qanday mintaqaviy tashabbuslardan o'zini masofada tutgani bilan izohlash mumkindir. Agar Qozog'iston Rossiya bilan doim bir yo'lda borgan bo'lsa, O'zbekiston to'g'risida bunday deb bo'lmaydi. Buni bir jihatdan, Putinning G20 sammitida qatnashishi kerakligi, ekonomik forumda bandligi, Nazarboevning ham go'yoki muhim ishi chiqqani bilan izohlash mumkindir. Lekin boshqa muhimroq figura, ularning nuqtai nazarida, muhimroq davlat bo'lganida hamma ishlarini tashlab baribir kelgan bo'lardilar.

Karimov oilasi qudratdan uzoqlashdimi?

Alisher Ilhomov: Men hozir Gulnora Karimova qaerdaligi to'g'risida bilmayman. Uning uy qamog'ida ekanligi to'g'risida mish mishlar anchadan beri bor. Unga pul yuvishga aloqador bir necha kishi qatorida jinoiy ish ochilgan. U bu bosqichdan ham o'tdi. Bilmayman unga qanday munosabat, qanday hukm bo'ldi. Lekin fikrimcha, unga mamlakatdan tashqariga chiqib ketishga ruxsat bermagan bo'lsalar kerak. Uning O'zbekistonda ekanligi aniqroq. Unga omma oldida ko'rinishga ruxsat berishmagan. Ba'zilar aytayotganidek, u O'zbekistondan tashqariga chiqib, Isroilga yoki Londonga kelgan bo'lsa, u bu imkoniyatni boy bermagan bo'lar, allaqachon o'zini himoya qilib chiqar edi. Biz buni kuzatyapmiz. Unga albatta omma oldiga chiqishga ruxsat bo'lmagan bo'lsa ham, otasi bilan xayrlashishga imkon bergan bo'lsalar kerak. Lekin buni kadr ortida, tor doirada amalga oshirganlari ehtimoli mavjud. Hozir tarqalgan, dafn marosimi paytida olingan suratlarga kelsak, u erda Karimov oilasini namoyon etadigan faqat ikki figura- xotini va qizini ko'ramiz. Bu oddiy insoniylik nuqtai nazaridan qaraganda albatta ancha g'alati. Ya'ni, bu erda butun oila ko'rinishi, o'z hissiyotlarini namoyon etishi, otalari bilan xayrlashishlari kutilgandi. Bu erda nevaralar ham, kuyov ham ko'rinmaydi, men boshqa uzoqroq qarindoshlar haqida gapirmayapman. Faqat ikki figurani ko'ryapmiz, bu etarlicha ramziy hisoblanadi. Balki ularning o'zi qatnashishni xohlashmagandir. Lekin ularga ruxsat berishmagani yoki O'zbekistonga kelishni xavfsiz deb hisoblamaganlari uchun qatnashmaganlari ko'proq ehtimolga yaqin. Har qanday holat bo'lib qolishi mumkin. Ularga qarshi qandaydir jinoiy ish ochilishi yoki mamlakatdan chiqarmay qo'yishlari mumkin. Hatto Lolaning kelishida ham ma'lum ma'noda tavakkalchilik bor. Albatta men aytolmayman, Lolani ushlab qoladilar deb. Lekin oila a'zolarida xavotir bo'lishi tabiiy. Bu xavotir hozir O'zbekistonda mavjud noaniqlikni ham aks ettiradi.

Bu shuning belgisiki, oila ta'sir doirasi, yuki jihatidan orqa planga o'tadi, o'zining mavqe'ini yo'qotadi. Rafiqasi doxil uning butun oilasi Karimovning o'zi bor paytida katta ta'sirga ega bo'lgan. Endi u yo'q ekan, ko'rinishicha, o'z ahamiyatini tezlik bilan yo'qotmoqda. Ular O'zbekistondagi vaziyatga qanchalik ta'sir qilishlaridan oldin, ularning mamlakatga kelishlarining qay darajada xavfsiz, shaxs daxlsizligini , Karimov boshqaruvi davrida to'plagan boyliklarini saqlab qolishlari qanchalik ishonchli ekanligi haqida masala yuzaga chiqadi.

Nega Toshkent emas, Samarqand tanlandi?

Alisher Ilhomov: Karimovning o'zi asli Samarqanddan. U erda uning qarindoshlari dafn etilgan. Bundan tashqari u erda mashhur sarkarda Amir Temur qabri bor. Karimov dafn etilgan joy ham u erdan uncha uzoq emas. Bu aytish mumkin, ma'lum bir salobat bag'ishlaydi. Karimovning xotirasini abadiylashtirishga ham yordam beradi.

O'zbekistonda yaqin kelajakda voqealar rivoji qay tarzda davom etishi mumkin?

Alisher Ilhomov: Hozir hokimiyat kimning qo'liga o'tishi asosiy savol hisoblanadi. Kuzatuvchilar bu borada Bosh vazir Mirziyoevning imkoniyatlari katta ekanini aytayotgan bo'lsalar ham. Go'yoki uning prezident bo'lishi uchun kafolat hisoblanadigan Milliy Xavfsizlik Xizmatining dastakloviga ega. Hozir tartib bo'yicha hokimiyat uch oy muddatga Senat raisi Nig'matulla Yo'ldoshevga o'tishi kerak. Bu Mirziyoevni prezident bo'lishini istaganlar uchun ma'lum darajada tahdid paydo qiladi. Ya'ni xohlagan vaqtda Yo'ldoshevda belgilangan stsenariyga to'sqinlik qilish imkoni paydo bo'lishi mumkin. Chunki rasman olganda hokmimiyat uning qo'lida bo'ladi. Lekin hozircha Mirziyoevni hokimiyatga olib kelmoqchi bo'lganlar o'z rejalarini qanday qilib amalga oshishini ta'minlashlari noma'lum. Bu erda turli variantlar paydo bo'ladi. Ya'ni, jarayonni tezlashtirishga imkon beradigan qonunchilikka o'zgartirish kiritishdan tortib, turli sabablar bilan Yo'ldoshevning o'zini lavozimidan chetlatilishigacha , xuddi Turkmanistondagiga o'xshab. Yoki oddiygina, vaziyatni nazoratga olib, jarayonni to'liq boshqarish.

Demak, hozir vaziyat butunlay noaniq. Bu mavhumlik yana qancha davom etishi ham aniq emas. Balki uch oy, balki undan kamroq. Lekin shu tariqa ish tutish u yoki bu darajada qonuniy ko'rinadi, ya'ni aholi orasida ham, eng muhimi dunyo jamoatchiligi, matbuoti oldida. Oxirgi kunlardagi voqealar bu nuqtai nazardan ularning "yaxshi" harakat qilganlari va "vazifa"larini yaxshi uddalaganlarini namoyon qildi. Matbuot turli qarama-qarshiliklarni payqadi, yoritildi. Misol uchun, o'lim haqida rasmiy xabar tarqalmasdan, qabr tayyorlana boshlagani yoki diplomatik kanallar orqali dafn marosimiga taklif qilingani aytilgan bo'lsada, rasmiylar nuqtai nazarida Karimov hali vafot etmagan edi. Menimcha, bunday holatlar yaqin oylarda hali davom etsa kerak.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • ◾TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • ◾ Instagram - BBC UZBEK
  • ◾ Twitter - BBC UZBEK
  • ◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • ◾ Facebook- BBC UZBEK
  • ◾ Google+ BBC UZBEK
  • ◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • ◾ Skype - bbcuzbekradio
  • ◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.