"Bizlarni... tushunmaydi"

Марҳум Рауф Парфи Фото муаллифлик ҳуқуқи karimbahriev.com

Bugun mutaffakkir shoir Rauf Parfining tug'ilgan kuni. "Bir shoir haqida maqola yozish, uning tug'ilgan kuniga e'tibor berish shartmikan, o'zi shundoq ham butun O'zbekistonni shoir bosib ketgan. Odam shoirlardan bezib ketdi", dersiz. Haq gap. O'zbekistonda she'r yozadiganlar ko'pchilikni tashkil etadi, qiziq holat. Tahlil qilishga arzigulik mavzu. Nega O'zbekistonda ushbu so'zbozlik san'atiga qattiq qiziqishadi?

1850 yillarda Farg'ona vodiysiga safar qilgan akademik Middendorf yozadi:" Sartlar onggida ezgulikka rag'bat sezilib turadi, shuningdek, ularning qalbida latif poetik nafosatni ilg'ab olish mumkin. Men ularda ham katta bir illatlat yo'q demoqchi emasman. Ammo bu kamchiliklar ularning yaxshi sifatlari oldida ko'rinmay ketadi."

Middendorf yana yozadi: "Sartlar gullarga juda mehr qo'yishgan, bu holat ularning fe'lidagi yumshoqlikni, latiflikni keltirib chiqarganday. Atirgul, cho'l yovvoyi lolasini e'zozlashadi. Sartning hovlisini har xil turdagi gullar bezab turadi. Eng o'qimishsiz sartning hovlisi ham gul bilan bezangan turadi, so'zlaganda esa xayoliy-poetik iboralarni hayajon bilan qo'llaydi. Ulardagi latiflik hayvonlar bilan munosabatda ham sezilib turadi. Qushlar ularning dilini yayratadi. Qaldirg'ochlar loy tashib ayvoni burchagiga uya qurishadi, uy jihozlarini loy qiladi, sartlarning esa jahli chiqmay, aksincha dili quvnaydi. Kaptar sartni egasi deb biladi, erinib -surinib hovlisi atrofida uchadi. Qanotlilar sartning atrofida qo'rqmasdan uchib yuradi. Bulbulning kontsertini tinglab hayron qolasiz. Bu manzaralarni ko'rib odamning ko'ngli chog' bo'ladi."

Shuningdek, Middendorf "Aytgancha, Evropada bunday holat, manzaraga ko'zingiz tushmaydi", deb o'kinadi.

Middendorf O'zbekistonga sayohat qilganidan buyog'iga 165 yilcha vaqt o'tdi, u tasvirlagan manzaralar qisman o'zgarmagan, aslida. Ammo? Ammo Rauf Parfi ijodini o'qir ekanmiz, ayanchli manzaralarga ham ko'zimiz tushadi. Bu uning nigilizmi deb aytishingiz mumkin. Yo'q. Rauf Parfida nigililizm yo'q, aksincha, Sovet davridagi va hozirgi adabiyotda bu qusur yaqqol ko'zga tashlanadi.

Nigilizm adabiyoti dunyoni bir o'lchamli ko'radi. U hamma narsani-avvalo mohiyatni tashqaridan qidiradi. Bu adabiyot yashab qolish uchun, qorin g'amida, doim o'z hatti-harakatini oqlaydi va uning fikri-o'yi o'zini oqlashdan iborat bo'ladi. U adabiyot o'zicha qandaydir yo'q narsalardan chiroyli bino qurmoqchi bo'ladi. Negadir reallikka qaragisi kelmaydi, voqelik bilan hisoblashgisi kelmaydi. Bu adabiyotni kimdir qachondir qattiq xafa qilganu, u shundan qattiq lat eganday. Ruhi so'ngan. Jumladan, bu adabiyot jamiyatning xarakterini ham belgilab beradi.

Bu adabiyot yoki jamiyat dunyolarni bo'lib, qirqib tashlaydi va ma'naviy dunyoni ertaga, o'lgandan keyin keladi deb o'zini ishontiradi. Bu adabiyot mafkurasi milliy dunyoqarashni sayozlashtirib yuborgan. Ammo bu adabiyot O'zbek jamiyatida asrlab o'tkazilmagan islohotlarning in'ikosi ham. Shundan O'zbek jamiyat botiniga qarashdan qo'rqadi, u bilan muomala qilishdan qo'rqadi. Muomalani ertaga qoldiradi: faqat jismonan o'lgandan keyin, deydi.

O'zbeklarning she'rga moyilligining yana bir sababi bor. Jamiyatda fikr taraqqiyoti va uning moddiylashuvi - zuhurga kelishi uchun konstruktsiyalar yaratilmagan. Qadimda, bundan 10 asr oldin, masalan, Forobiy, Sino, Beruniy fenomenlari yuzaga chiqqan edi. Bu pozitiv konstruktsiyaning mahsuli edi, albatta. So'ngra, Ulug'bek davrini eslang. Ulug'bek shunday konstruktsiya yaratayotgan edi. Ammo yana o'sha nigilistlar bu tarxni buzib tashlashdi. Ularning falsafasi juda oddiy va jo'n: "odam jismoniy o'lganidan keyin reallikka etishadi faqat", deb aslida reallikni botin ko'zi - fikr taraqqiyoti bilan ko'rishni inkor etishadi. Odamning potentsiali yuzaga chiqishiga to'sqinlik qilishadi. O'zbek jamiyatining oxir- oqibatda to'yu-hashamga o'chligi shuning natijasida kelib chiqqan, aslida. Jumladan, o'zbeklarning she'r yozishga mukkasidan ketishi ham jamiyatda ilm-fan taraqqiyotiga ham moddiy, ham ma'naviy to'sqinlik qilinganining natijasi o'laroq yuzaga chiqti.

O'zingiz o'ylab ko'ring, kamida 11 asrdan beri o'zbek jamiyatida biror bir fundamental asar yozilmagan. (Forobiy, Ibn Sino, Beruniy asarlari ko'zda tutilmoqda) Orada mutaffakkir Naqshbandiyning metafizik qarashlarini shogirdi Muhammad Porso kitob qilgan. E'tibor bering, misol keltirilgan ushbu mutaffakirlarning fikrlari jamiyatda doim ham voqelikka aylanmagan. Rivojlantirilmagan, fanda izchillik bo'lmagan. Doim nimadir xalaqit qilgan: zamonaviy til bilan aytganda, "avval iqtisod, keyin siyosat" reallikni ko'rishga, u bilan muomala qilishga xalaqit qiladi.

O'zbek she'riyati odam ichidagi potentsialning har xil shaklda yuzaga chiqmaganidan "gullab yashnayapti", albatta. Middendorf tasvirlagan go'zal qalb egalari faqat she'r yozibgina ma'naviy chanqog'ini qondiradi. Chunki qog'oz va qalam bo'lsa bas. Masalan, astrofizik bo'lish uchun, eh-he, qancha xarajat talab etiladi?! Jamiyatda esa fikr taraqqiyoti va uning moddiylikka aylanishi uchun konstruktsiyalar tuzilmaydi(tuzilsa buzib tashlanaveradi) - izchil islohotlar o'tkazilmaydi. Hatto bu haqdagi tushunchalar jamiyat hayotida aks etmayapti ham. Bechora O'zbek esa nochorlikdan she'r yozib, o'z-o'zini aldab umrini o'tkazib yuboradi.

Rauf Parfi reallikni tasvirlaganda tushkun kayfiyatga beriladi, albatta, jaholatni ko'rib turgandan keyin. Bu kuyunchanlikdan, ham botin ko'zining ochiqligidan. Aniqroq aytganda, Yassaviy, Kamol Xo'jandiy, Navoiy, Mashrab, Fitrat va Cho'lpon ilgari surgan kontseptsiyani Rauf Parfi davom ettiradi. U boshqa kishilar ko'rmagan voqelikni ko'rib turadi. Avval o'zini malomat qilishdan boshlaydi. Malomat mutaffakirlarning uchinchi ko'zini ochadigan, xira tortsa ravshan qiladigan latif texno hisoblanadi, albatta. Rauf Parfi fikr taraqqiyotida uzoqqa ketib qoladi. Go'yo ustozlaridan ayrim jihatlarda o'zganday bo'ladi: "Cheksizlikning cheklariga etarmen", deb yozadi.

(Chunonchi Rauf Parfni bunday deb yozadi: " Mening uchta pirim bor: Yassaviy -pirim, Navoiy-pirim, Thakur -pirim.")

Aytishlaricha, Rauf Parfi 2004 yilning avgust oyidan umrining so'nggigacha, ya'ni 2005 yil 26 martigacha uyidan tashqariga chiqmagan, o'lgisi kelgan ekan. Aytishlaricha, Rauf Parfining ko'ziga hamma o'z qalbini go'shtday eb yotgan hayvonday ko'rina boshlagan ekan. U buni ko'tara olmagan, shekilli.

Rauf Parfi she'riyati ustozlari kabi koinot bilan odamning uyg'unlikda yashashini targ'ib etadi. Juda qiziq holat, Fitrat, Cho'lpon, Parfi ijodlari matbuotda, televidenieda negadir targ'ib qilinmaydi. Ular koinot bilan uzviy bog'liqni targ'ib qilishadi. Ular o'zbek jamiyatini degradatsiyadan -zalolatdan chiqishga undaydi-ku. Qiziq holat, go'yo jamiyat fikrning ibtidoiy nuqtasiga tushib qolganday. O'zbek jamiyatida faqat kam sonli shaxslar avtonim tarzda reallikning yuksakligiga chiqishadi. Jamiyatda bu g'oyalar hodisaga-voqelikka aylanmaydi.

Gumanist Rauf Parfi ijodi bilan tanishganda yuqorida aytilgan fikrlarning badiiy talqiniga ko'zimiz tushadi, albatta.

Aytishlaricha, Rauf Parfi umri so'nggida aytgan ekan: "Bizlarni hech bir o'zbek adabiyotshunosi tushunmaydi, anglamaydi."

Rauf Parfini Alloh rahmat qilsin! Uning ezgu fikrlari jamiyatda hodisaga aylansin va taraqqiy topsin!

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook- BBC UZBEK

•Google+ BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.