Kulcha bilan tomosha mahorati

"Ўзбекистон" телеканали

Bugun turmush qurganimga ham roppa-rosa 25 yil to'libdi.

Shunga xotinni xursand qilish uchun ertalabdan turib ikkita tuxum qovurib, ko'k choy damlab stolga shamni yoqib qo'ydim.

Xotin hayron, "kuppa-kunduz kuni nega shamni uvol qilyapsiz, hali ko'p kerak bo'ladi, bu yog'i qish, elektr tez-tez o'chib tursa axir", dedi.

- Eee, xotin seni bir xursand qilay degandim, romantik bir nonushta uyushtirmoqchi edim, desam, shuncha vaqtdan beri qaerda edingiz, endi shatiz ketib partiz qolganda, bunga ne hojat, dedi.

Men 50 yoshni urib qo'ygan bo'lsam ham hali ham qirchillama yigitdekman, deb kerildim. "Qirchillama yigit demang, g'irchillama, ya'ni, g'irchillab qolgan chol deyavering. Menga osmondagi oy yoki yulduz kerakmas, bitta tufli olib bering, eskisini og'zi ochilib qolibdi," dedi.

"Eee, bayramona kayfiyatni ham bir tiyin qilding. Nega shu bir kattaroq, ulug'roq, buyukroq orzu qilmaysan? Senlarning es-hushing shu moddiy dunyo bilan mashg'ul. Senga o'xshaganlar, buyuk kelajakni uzoqlashtirib yuboradi," deb o'shqirdim.

Arazlagan kishi bo'lib piyoladagi choyni ham nari surib qo'ydim. TVni ovozini chiqardim. "Axborot" dasturi ketayotgan ekan. Biznesga yaratilgan keng imkoniyatlar haqidagi qarorni o'qib berayotgan ekan. Barcha tekshiruvlar bekor qilinib, barcha to'siqlar olib tashlanar ekan 1 yanvardan boshlab. Buni eshitib xotin xira qilgan ko'nglim yana yorishib ketdi. Menda umid uchqunlari paydo bo'lib, ko'zim chaqnadi.

Buni xotin ham sezdi. "Ha, dadasi nima gap?", deb so'radi.

"Biznis tashkil qilaman", dedim. Inday keginchi, dedi. Inday keyin rivojlanib, senga qancha desang shuncha tufli olib beraman, dedim. U yana, ensasini qotirib, inday keyinchi?, dedi. Inday keyin, yanada rivojlantirib, xalqqa ehson qiladigan darajadagi saxovatli inson bo'laman, dedim.

"Shuncha yil qilolmagan, endi belingiz bukilib qolgan bir chog'izda qilasizmi", deb yana ta'bimni xira qildi.

"Mana endi tadbirkorlarga cheksiz imkoniyat eshiklari ochildi, ular uchun jinoiy javobgarlik ham bekor qilinibdi, endi biznesmenlarga davru-davron keldi, javlon urib ishlash vaqti keldi", dedim baralla ovoz bilan.

"Eee, dadasi juda sodda odamsiz-da, eshitgan narsangizga ishonadigan. Biznesingiz rivojlandi ham deylik. Pulingiz ko'payib ehson qilib, el og'ziga ham tushdingiz, deylik. A, bu sen mamlakatning rivojlanish strategiyasiga qarshi chiqding. Sendaqalar bizning jamiyatga yot unsur, deb olib ketishmasin tag'in. Bu yog'iga yana qancha umrimiz qoldi, qolganini ham tinchgina o'tkizaylik, u-bu ishkal boshlab yurmang tag'in", dedi.

Hayron bo'ldim, qanaqa "rivojlanish strategiyasi" deb ko'zimni baqa ko'z qildim.

"Haligi, bizning jamiyatda o'ta boy ham, o'ta kambag'al ham bo'lmaydi," degan strategiyani aytayapman-da", dedi. Xotinlarni eshitib, aytganini teskarisini qil deyishardi, lekin shu safar xotin juda to'g'ri gap aytdi, degan xayol miyaga keldi.

"Endi xotin, men shoh bo'lsam, sen vazirsan, sen nima maslahat bersang o'shani qilaman", dedim.

- Ayt, ro'zg'or but, sen xohlagan tuflini olish uchun unda nima ish qilay, - dedim. U esa, siz bisnes-pisnez qilmay, shu mahalliy hokimiyatga eng kichik lavozimga ishga kiring. Sizga o'xshaganlar tez ko'tariladi, dedi.

Men hayronman, nega, dedim.

"Chunki sizda o'zgacha iste'dod bor. Meni qo'ynimni mana 25 yildan beri va'dalar bilan puch yong'oqqa to'ldirib keldingiz. Odamlarni ham chiroyli balandparvoz gaplar bilan galga solib yuraverasiz. Qadimgi Rumda, odamlarni boshqarish uchun kulcha bilan tomosha berish kifoya, deyishardi. Siz ulardan ham cho'qqiga chiqasiz, chunki siz odamlarga kulchani ham bermay, ularni faqat shior va buyuk g'oyalar bilan to'ydira olish san'atingiz bor", deb kinoyali gapirdi.

O'ylanib qoldim, balki xotinning bu istehzoli so'zlarida rostdan ham jon bordir deb. Ertaga posbon yoki mahalla idorasida u-bu ishga ariza beraymikan? Boshlanishiga oyliksiz, ko'ngilli sifatida ishlab turaman. Keyinchalik, xotin aytgan iste'dodim qo'l kelib qolar!

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•◾TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•◾Instagram - BBC UZBEK

•◾Twitter - BBC UZBEK

•◾Odnoklassniki - BBC UZBEK

•◾Facebook- BBC UZBEK

•◾Google+ BBC UZBEK

•◾YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•◾Skype - bbcuzbekradio

•◾bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.