“Qiz uzatgan” o‘zbekning biznes rejasi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Ozodlik

O'zbekning bir maqoli bor: "Qiz uzatganga, qirq yil tegma" deg

Shu biz ham onasi bilan yaqinda qarz havola ko'tarib, el qatori degandek qizimizni uzatdik.

Yaxshiyam-ki uyda, to'ydan qolgan burda nonlarni quritib "suxarik" qilib qo'ygan ekanmiz, mana qishni chillasida asqotmoqda, choyga botirib sovuq uyda kampir-chol sekin-asta chaynab o'tiribmiz.

Xizmatingni qilib yurgan farzanding ketsa, gazsiz, chiroqsiz uying huvillab yanada sovib, yanada qorung'ulashib ketarkan.

Shu er-xotin bir-birimizga qarab gapirmasak-da, yashayverib bir-birimizni so'zsiz tushunadigan bo'lib qolibmiz. Bu mo'ltirab qarashda, uning ham, mening ham gapimiz bir joydan chiqib qoldi: "Endi nima qilamiz?..."

Zerikib o'tirgandik, birdan pochtachi kelib qoldi, xat ko'tarib. Qo'rqib ketdim, obbo, suddan kommunal to'lovlarni undirishmikan degan o'y bilan nafasim ichimga tushib ketdi. Yo'q, "O'zqishloqqurilishbank"dan ekan. Xotinga: "Tezroq och, dardi nima ekan", dedim.

Qarasak, biznes boshlash uchun minimal oylikning 1000 barobarigacha kredit haqida ekan. Ikkovimiz ham shoshib qoldik. Tezda "qo'qon" do'ppini boshga qo'ndirib, cho'ponni ilib borib shu pulga da'vo qilaman desam, kampir qurmagur, ko'ppi ko'rgan: "Dadasi shoshmang, yemoqni, qusmogi bor, xatni yaxshilab oxirigacha o'qing", deb qoldi.

O'qib ko'rsam, yo mashina yoki uyni "zalog"ga qo'yish kerak ekan. Bizda-ku moshin yo'q, lekin otamdan qolgan tomi qiyshiq bir kulba bor, shuni qo'yay desam, kampir yana: "Dadasi, qarib quda-andali bo'lgan chog'imizda, ko'chada qolmaylik tag'in," dedi.

Bu ish, to'ppini yerga quyib, o'ylab qilinadigan ish ekanini angladim. Shunday ham qildim. Biznes reja taqdim qilish kerak ekan bankka. Imkoniyatlarimni chamalab chiqdim. Ko'zim o'ngida haligi 150 million pul aylanmoqda, qaddim tiklanib, o'zimni qirchillama yigitdek his qilib yubordim. Xotinga uyda hamma narsa bo'ladi, hattoki, gaz ham dedim.

Kampir esa: "Chol, miyangiz aynigan ko'rinadi, butun tumanda yo'q gaz, qanday qilib biznikida paydo bo'lib qoladi?" deb so'radi.

"Eee, tovuq miya, qalovini topsang, qishda qor ham yonadi", dedim unga.

U anqayib, tushunmay, yelkasini qisdi. "Gazni endi o'zimiz ishlab chiqaramiz. Bizda ota-bobolarimizdan qolgan "boylik" bor", dedim.

U yana hayron: "Qanaqa boylik ekan, kelin bo'lib tushganimda, dadangizning yirtiq to'nidan, boshqa hech narsasi yo'q edi-ku", deb kamsitdi.

Meni jahlim chiqib: "Ovozingni o'chir, bo'lmasa, kreditni qo'lga kiritsam, sendan yoshrog'iga uylanaman", deya po'pisa qildim.

Kampir: "Eee, sharti ketib, parti qolgan sassiq chol", deb pichirlab o'zini ovutgan bo'ldi.

Bir oz o'tib, muloyimgina: "Dadasi, o'zi biznes planingiz qanday?" deb so'radi.

Menam, erib ketib unga tushuntirdim: "Huv anavi burchakdagi "kichkina uyni" ko'rayapsanmi, o'sha yerda "xazina" bor, Xitoydan keltirilgan uskunani sotib olib, o'shani achitib bio-gaz qilib sotamiz. Rosa boyib ketamiz shunda", deb kerildim.

Kampir baribir ziyolini bolasi-da: "Shoshmang, men bir qiziqib ko'ray-chi", deb chiqib ketdi.

Vaqt allamahal bo'ldi, hech kelmaydi. Xavotir ola boshladim... kampirdan emas, albatta, "biznes rejani boshqalarga gullab qo'yib, ular g'oyamni ilib ketmasin tag'in" deb...

Xullas, keldi "shumxabar" bilan. 1-2 tonna "chiqindini" haftalab achitib olingan biogaz atigi 1 choynak choy qaynatishga yetar ekan.

Qolaversa, uning sassig'i butun qishloqni tutib ketarmish. Undan tashqari, kampir bankning foiz stavkalarini ham o'rganib chiqibdi. Qo'shimcha daromad soliqlari bilan hisoblaganda, mutlaq zararli biznes emish…

Xullas, biznes rejamni chippakka chiqardi. Kampirning gapiga qaraganda, umuman olganda, g'oyam yomon emas emish, chunki haligi soliq va kredit foiz stavkalarini undirgani kelganlarga naqd pul yo'q bo'lsa, tovar bilan, ya'ni haligi "xazinaning" eng quyuq joyidan berib qutilsa bo'larmish".

Kula-kula, sovuq kunni ham kech qilib, tanchani ichiga kirib ko'rpaga o'ralib yotdik.

Xullas, odam zerikmaydi bu "sarguzashtlar yurtida".

Ertaga nima kutmoqda, Xudo poshsho!

Mushtariy, O'zbekiston

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring