Jurnalistlar onasi nega haqorat qilindi?

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди
Шукуржон аянинг Би-би-сига айтишича, тўрт аёл уни ҳақорат қилган

"Ozodlik" radiosi jurnalisti Shuhrat Bobojonov onasi Shukurjon Madrahimova bir necha ayol tomonidan zug'um va haqoratga uchragani hodisasini o'z kasbiy faoliyati bilan bog'lagan.

Oldinroq, jurnalistlar Shuhrat, Qudrat va Hurmat Bobojonovlarning Urganch tumanida yashovchi volidasi bir guruh noma'lum ayollar tomonidan haqorat qilingani haqida xabar berilgandi.

Shuhrat Bobojonovga ko'ra, "Ozodlik" vebsahifasida "Xivalik maktab o'quvchisi homilador bo'lgani ortidan o'nga yaqin mulozim ishdan ketdi" nomli maqola bosilganidan so'ng ushbu hodisa yuz bergan.

"Pogromchilarni asosiy e'tirozi men ëzgan maqolaga bo'lgan. Bu maqola Xivadagi maktab o'quvchisining zo'rlangani ortidan homilador bo'lganini yashirgan mulozimlarning ishdan olingani haqida edi", deydi u.

Shukurjon ayaning Bi-bi-siga aytishicha, to'rt ayol 18 aprel kuni hovlida yolg'iz payti kirib kelgan va uni haqorat qilishgan.

"Qizim o'g'illaring tufayli ishdan bo'shatildi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи courtesy
Image caption Shukurjon Madrahimova jurnalist o'g'illaridan biri Qudrat Bobojonov bilan

"Ularni "mehmon qilaman, choy ichinglar", deb kutib oldim. Oldilariga dasturxon yozdim. Uyda o'zimdan boshqa hech kim yo'q edi... "San bolalaringga informatsiya berib o'tiribsan", deb mani azobladilar... Yomon gaplarni aytdilar, u gaplarni aytib bo'lmaydi. To'rt xotin edi", deydi

Shukurjon ayaning qizi Barnoga ko'ra, ayollar bolalariga qo'ng'iroq qilmoqchi bo'lgan onasining qo'lidan telefonni olib uloqtirishgan.

"Telefon qilaman hozir, qizim keladi, o'g'lim keladi", degan ekan, qo'lidagi telefonni olib uzoqqa otib yuborishgan... Onamning qon bosimi oshib ketgan. Bir yarim soat ustida qichqirib turishgan to'rtta xotin", deydi Barno Bobojonova.

Ayollarning kim ekanlari ma'lum emas, ammo Barnoning so'zlariga ko'ra, ular Xiva shahridan kelganlarini aytishgan.

"Mening qizimni hokimiyatdagilar ishdan olib tashlashdi, bunga sening o'g'illaring sababchi", deb qichqirishgan. Onamni har xil gaplar bilan haqorat qilishgan", deya qo'shimcha qiladi u.

Barno hodisa yuzasidan mahalliy qo'mitasi va militsiyasiga murojaat qilgan, ular hodisani o'rganishlari haqida aytishgan.

Ammo, Barno Bobojonovaning aytishicha, hozirga qadar biron bir amalga qo'l urilmagan.

O'zgarishlar shabadasi esmoqdami va yo?..

O'zbekistonda o'zgacha fikrni aytuvchi jurnalistlar bosim ostida bo'lib kelgani sir emas. Ammo so'nggi paytlar mamlakatda o'zgarishlar va yangiliklar davri boshlangani haqida gapirilarkan, mustaqil nashrlarda ayrim jonli chiqishlar kuzatila boshlangan.

Islom Karimov o'limidan keyin qudratga kelgan Prezident Mirziyoyev davrida bir necha siyosiy mahbuslar qatorida taniqli jurnalist Muhammad Bekjon ham ozod etilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev o'zining bir necha chiqishlarida mamlakatdagi ommaviy-axborot vositalari, xususan televideniyeni qattiq tanqid ostiga olgan.

Shunga qaramay, mamlakatdagi qator mustaqil va O'zbekiston hukumatiga nisbatan tanqidiy fikrlar yangrab turadigan nashrlar, jumladan "Ozodlik" va Bi-bi-si vebsahifalari hamon to'sib qo'yilgan.

Ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, O'zbekistonda islohotlar siyosati hukumatdagi barcha qudratli guruhlarga birday ma'qul bo'lmasligi tayin. Shuning uchun ham, mamlakatdagi siyosiy fazoda haqiqiy erkinlik shabadalari esishiga hali erta.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio