Shvetsiyada yana bir kishi hibsga olindi

Rahmat Oqilov Фото муаллифлик ҳуқуқи Vkontakte
Image caption Rahmat Oqilov

Shvetsiya matbuotining politsiyaga asoslanib xabar berishicha, 7 aprel kuni Stokgolmdagi hujumga aloqadorlikda gumon qilingan yana bir kishi hibsga olingan.

Hozircha hibsga olingan shaxsning ismi va boshqa ma'lumotlar oshkor etilmagan. Lekin ba'zi mahkama hujjatlari bilan tanishishga muvaffaq bo'lgan mahalliy ro'znomaga ko'ra, ushbu shaxs "terrorizm ayblovlari" asosida qo'lga olingan.

Ayni vaqtda Shvetsiya matbuoti shuningdek, 7 apreldagi hujumning asosiy amalga oshiruvchisi ko'rilgan Rahmat Oqilovning tergov jarayonida dastlab IShID saflariga qo'shilish rejalari bo'lgani, ammo hujumdan bir hafta avval ko'rsatma olganidan so'ng o'zi hujumga qo'l urishga qaror bergani haqida aytganini xabar bermoqda.

Bu haqda tergov ma'lumotlariga yaqin "Expressen" ro'znomasi xabar bermoqda.

Matbuotda Rahmat Oqilovning go'yoki IShID bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqotda bo'lib, hujum haqidagi yozishmasi ham chop etilgan.

Ro'znomada aytilishicha, Oqilov savdo markaziga borib urgan yuk mashinasidagi portlovchi uskuna ishlamay qolganidan so'ng yaralangan holda hodisa joyidan qochishga muvaffaq bo'lgan.

Shvetsiya matbuoti shuningdek, tergov tomoniga asoslanib Rahmat Oqilov avval boshqa familiya ostida yurgani, keyinchalik uni o'zgartirganini ham xabar bergan.

Matbuotda yozilishicha, asli o'zbekistonlik Rahmat Oqilov Shvetsiyada siyosiy boshpana so'ragan, uning arizasi 2016 yili rad etilgan.

Rahmat Oqilov 2014 yili Samarqanddagi tinch namoyishda ishtirok etgani uchun hibsga olingani va qiynoqqa tutilganligini da'vo qilgan. Yaqinlaridan biri tergovchiga pora berib, "tinchlantirganidan" so'ng qo'yib yuborilgan. Shundan so'ng u dastlab Qozog'iston, keyinchalik Shvetsiyaga qochganini da'vo qilgan.

O'zbekiston mulozimlari Rahmat Oqilovning mamlakatda qidiruvda bo'lganini aytishgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Бу мавзуда батафсилроқ